Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktab darsliklari va mashq daftarlarining ijara to‘lovlari miqdorlari keskin oshirilishi munosabati bilan keng jamoatchilik, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan prezidentga axborot berilgan.

«Maktab darsliklari bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishida favqulodda muhim o‘rin tutishini hisobga olib hamda maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalarini, qonuniy vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligiga maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etishi va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108%) oshgani haqida yozgandik. Mazkur xabardan so‘ng, tarmoqlarda foydalanuvchilar maktab darsliklari ijara narxi qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qila boshlashdi. XTV esa buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP partiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev esa maktab darsliklarini pullik ijaraga olish Konstitutsiyaga zid ekanini ta’kidladi.