Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahri va Surxondaryoda viloyatida giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida «Matiz» avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar xorij fuqarosiga tegishli 23 kg 52 gr «opiy» va 30 kg 122 gr «gashish» giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga o‘tkazilgan.

Boshqa bir holatda esa muqaddam xorijda og‘ir jinoyat sodir etgani uchun qamoq jazosini o‘tagan, Denov tumanida yashovchi fuqaro (1966 y.t.) boshqaruvidagi «Lasetti» Termiz shahrida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, unda ham afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan 39 kg 520 gr «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Uchinchi holatda esa Denov shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxs (1967 y.t.) o‘zining yashash xonadonida 2 kg 396 gr «opiy» moddasini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlandi hamda o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 25 kg 448 gr «opiy» va 69 kg 642 gr «gashish» giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.