Toshkent metropoliteni sentabr oyidan o‘quv yili boshlangach metropolitendan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kuniga 200 mingdan oshishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Prognozlarga ko‘ra, sentabr oyida ularning soni bir kunda 550−580 ming, oktabr oyida esa 600 mingga yetadi. O‘qish yilining ilk kunida yo‘lovchilar soni keskin ko‘payib, kassalarda uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

«Shu sababli, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida, poytaxt metropoliteni tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bunda yo‘lovchilar metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

«Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezdan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi», — deya qayd etdi metropoliten.

Ta’kidlanishicha, bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qolaversa, metrodan doimiy foydalanuvchilar to‘lovni bank va transport kartalari orqali qilsa, o‘z vaqtlarini tejaydi va kassa oldida tirbandlikni kamaytiradi, deyiladi xabarda.

Mazkur qoidalarga rioya qilgan holda yo‘lovchilar metropoliten foydalanuvchilariga «xavfsiz va madaniy xizmat ko‘rsatishga o‘z hissalarini qo‘shishlari» mumkin, deyiladi murojaatda.