O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 5 sentabr kuni erta tongda Kobuldagi Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi yaqinida yuz bergan terrorchilik harakatini qoraladi.

«Terrorchilik harakatini qat’iy qoralaymiz, — deyiladi TIV bayonotida. — Ushbu g‘ayriinsoniy harakatning tashkilotchilari va ijrochilarini aniqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqiramiz».

Vazirlik shuningdek, halok bo‘lganlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning sog‘ayib ketishini tilab qoldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida RF elchixonasi soqchisi va ikkinchi kotibi halok bo‘ldi. Rossiya tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin jinoyat ishini ochishga ko‘rsatma berdi, deya ma’lum qildi RIA Novosti.

Kobul xavfsizlik departamenti vakili Xolid Zadranning ta’kidlashicha, xudkush terrorchi o‘zini Rossiya elchixonasi oldida to‘plangan odamlarning orasida portlatib yuborishni rejalashtirgan, biroq, soqchi buni payqab qolgan va hibsga olishga uringan, shundan so‘ng portlash yuz bergan, deb yozmoqda TOLOnews.

Xolid Zadranning aytishicha, portlashda to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana bir necha afg‘on jarohatlangan.

«Afg‘oniston Islom amirligi Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin munosabatlarga ega va dushmanlarga bunday salbiy harakatlar bilan ularni sabotaj qilishga yo‘l qo‘ymaydi», — deya qayd etdi Twitter`da Afg‘oniston muvaqqat hukumati TIV vakili Abdul Kaxor Balxiy.

«Xavfsizlik departamentimiz tergovni boshladi hamda elchixonani himoya qilish va elchixona faoliyatiga xalaqit beradigan bunday hodisalarning oldini olish choralarini ko‘radi», — deya bayonot berdi u.

Abdul Kaxor Balxiy Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali suhbatlashganini ma’lum qildi.

«Tashqi ishlar vaziri rossiyalik hamkasbini Afg‘oniston kuchishlatar tuzilmalari Rossiya elchixonasi xavfsizligiga alohida e’tibor berishiga ishontirdi. Janob Lavrov, o‘z navbatida, bugungi portlash qurbonlari munosabati bilan afg‘on tomoniga chuqur hamdardlik hamda ushbu telefon suhbati uchun minnatdorchilik bildirdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri ushbu voqeani xalqaro jinoiy tashkilotlarning ishi deb atadi va ularga qarshi kurash muhimligini ta’kidladi», — deya so‘zlab berdi Twitter`da Afg‘oniston TIV vakili.