Qozog‘istonning Kostanay viloyati Auliyekol tumanida 2 sentabr kuni o‘rmon yong‘inlari boshlandi, hududdagi yong‘in uchinchi kundirki o‘chirilmoqda. 5 sentabr holatiga ko‘ra, yong‘inlar maydoni 43 ming gektargacha kengaygan, o‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni esa 107,3 ming gektarni tashkil etdi, deb xabar qildi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Viloyatda bir kun avval mahalliy favqulodda holat e’lon qilingan, deb xabar berdi viloyat hokimligi. 1800 dan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Yong‘inni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari va o‘rmon xo‘jaligining 196 ta texnikasi, 7 ta samolyoti, 5 ta o‘t o‘chirish poyezdi hamda 1526 nafar shaxsiy tarkibi jalb etilgan. Yong‘inni o‘chirish boshlangandan beri vertolyot bilan 93 marta suv to‘kildi.

Shanba kuni yong‘in Ozernoye, Lesnoye, Amanqarag‘ay qishloqlaridagi turar-joy binolariga va Amanqarag‘ay neft bazasi hududiga o‘tgani qayd etilgan. Oqibatda 108 ta bino yong‘in natijasida vayron bo‘lgan va zarar ko‘rgan.

10 kishi — besh nafar mahalliy fuqaro, shu jumladan bir bola, shuningdek, bir o‘rmon xo‘jaligi xodimi, hokimlik xodimi va uch nafar qutqaruvchida jarohatlanish, kuyish, yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi zaharlanish holatlari qayd etildi, deya xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

4 sentabr kuni Amanqarag‘ay qishlog‘ida vayronalarni tahlil qilish chog‘ida 86 yoshli pensionerning jasadi topilgan. Favqulodda vaziyatlar vaziri Yuriy Ilyinning so‘zlariga ko‘ra, uchastka inspektori mahalliy aholini evakuatsiya qilish haqida xabardor qilgan, biroq u ketishdan bosh tortgan. Shunga qaramay, Bosh prokuratura yong‘inlarda odamlarning o‘limi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev 5 sentabr kuni ertalab Kostanayga yetib bordi va o‘rmon yong‘inlaridan jabr ko‘rgan hududlar ustidan vertolyot parvozini amalga oshirdi. Uning tezkor shtabga tashrif buyurib, yong‘inlarni bartaraf etish chora-tadbirlari bilan tanishishi kutilmoqda.