4 sentabr kuni Navoiy viloyati Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi qirg‘oqlarida ko‘plab baliqlarning nobud bo‘lganligi aniqlandi. Bu haqda shu kuni soat 9:15 atrofida mahalliy aholi Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ishonch telefoniga murojaat qildi.

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lum qilishicha, 25 nafar xodim jalb qilinib, tezkor ravishda ishchi guruh tuzilgan va voqea joyiga borib o‘rganilgan.

Buning natijasida jami 829 dona baliq (486 dona tovonbaliq, 113 dona sazan, 121 dona som baliq, 12 dona turkiston mo‘ylovdori, 97 dona Samarqand xramulyasi) nobud bo‘lganligi aniqlandi.

«Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida „Navoiyazot“ AJ va „Navoiy issiqlik elektr stansiyasi“ AJ korxonalarining Zarafshon daryosiga tashlanadigan oqova suvlaridan, jumladan, „Navoiyazot“ korxonasining 219-quduq, 214-quduq, 480-sex va daryoga quyiladigan 267-quduqlardan oqova suvlar namunalari olingan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, baliqlarning ommaviy nobud bo‘lish sabablarini aniqlash uchun viloyat Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari tashxisi laboratoriyasi tomonidan nobud bo‘lgan baliqlardan namunalar olingan. Nobud bo‘lgan 829 dona baliqlarni daryodan yig‘ib olish uchun qo‘shimcha ravishd rezina qayiqlar va Ekologiya boshqarmasining davlat inspektorlari jalb etilib, daryodan yig‘ib olish choralari ko‘rilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktabr oyida ham Davlat ekologiya qo‘mitasi «Navoiyazot» korxonasi qudug‘idan sanoat chiqindilarining Zarafshon daryosiga tashlanganini aniqlagandi. O‘shanda xavfli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasi bir necha bor oshib ketishi baliqlarning ommaviy zaharlanishiga olib kelgani aytilgandi.

Oradan bir necha kun o‘tib, «Navoiyazot» koxonasi baliqlarning ommaviy zaharlanishiga sabab bo‘lgan sanoat chiqindilarining Zarafshon daryosiga tashlangani yuzasidan munosabat bildirgandi. Ta’kidlanishicha, «so‘nggi davrda oqava suvlarning sifati o‘zgarishlarsiz» bo‘lgan. «Tashlanma suvlardan laboratoriya taxlillari olinib keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi», — deyilgandi xabarda.