Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonda uran makoni bo‘lgan maxsus joylar — Chorkesar va Yangiobodning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mamlakat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro miqdorida grant ajratadi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi va bank matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv 1 sentabr kuni Londonda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov va YeTTB Yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer tomonidan imzolangan.

2021 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi va YeTTB o‘rtasida 2 mln yevro miqdoridagi konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha birinchi grant shartnomasi imzolandi. Umumiy summasi 9 mln yevro bo‘lgan grant loyihasi bank tomonidan Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi maxsus jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida 2022−2025 yillarda atrof-muhitni qayta tiklash va maxsus maydonlarni meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

Mustaqil ekspertiza va xavf-xatarlar va mahalliy sharoitlarni kompleks ekologik baholash asosida mutaxassislar hududning meliorativ holatini yaxshilash, qurilish-montaj, izolyatsiya va himoya ishlarini olib borish bo‘yicha eng xavfsiz va maqbul variant hamda rejalarni tanladi.

Melioratsiya 2023 yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan (dastlab 2022 yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgandi). Taxminan ikki yil ichida ish yakunlanadi, deya qayd etdi qo‘mita. Qurilish va qayta tiklash ishlari mahalliy va germaniyalik mutaxassislar nazorati ostida amalga oshiriladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lum qilishicha, loyiha amalga oshirilishidan mahalliy aholi katta foyda ko‘radi.

«Yaqin kelajakda sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash hududning barqaror rivojlanishiga, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, hududlarning turizm va ekoturizm salohiyatini rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi hisobotda.

Yangioboddagi tashlandiq qayta ishlash korxonasi. Foto: YeTTB matbuot xizmati.

Dengiz sathidan 1300 metr balandlikda, Toshkentdan 70 km uzoqlikda seysmik faollik yuqori bo‘lgan hududda joylashgan Yangiobod obyekti 40 yilga yaqin uran koni bo‘lgan. U taxminan 50 kvadrat kilometr maydonni egallaydi, u erda 2,6 mln kubometr radioaktiv chiqindilar ko‘miladi.

Rejalashtirilgan meliorativ ishlar 4 ta konni yopish, ifloslangan sanoat inshootlari va kon infratuzilmasini demontaj qilish va buzish, shuningdek, bir nechta chiqindi jinslar va ruda chiqindilarini olib tashlashni o‘z ichiga oladi, dedi YeTTB. Loyiha Yangiobod iqtisodiyotining turizm sohasini rivojlantirishni ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Poytaxtdan 140 km sharqdagi tog‘larda joylashgan Chorkesar qishlog‘i 1995 yilgacha uran qazib olinadigan maydon bo‘lib, hozirgacha bu yerda 3500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ushbu uchastkada ko‘zda tutilgan meliorativ ishlar ikkita konni yopishni, shuningdek, ikkita drenaj kanalini rekonstruksiya qilishni o‘z ichiga oladi.