O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatag‘on qurbonlarini xotirlash kunida bundan 100 yil muqaddam mustaqillikka erishishga uringani uchun qatag‘onga uchragan o‘zbeklarni tilga oldi. Uning nutqini Rossiya matbuoti «SSSRni o‘zbek millatining gultojlarini yo‘q qilishda ayblash» deb talqin qildi, Rossiya Davlat Dumasi deputati esa buni spekulyatsiya deb atadi. Senator Sodiq Safoyev Rossiya OAVlaridagi munosabatni «mutlaqo noadekvat» deb atadi, deputat Alisher Qodirov esa prezidentning so‘zlari «noto‘g‘ri xulosalar»ga olib kelganini aytdi.

Nima bo‘lgan edi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. 2001 yildan buyon 31 avgust «Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni» sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu yil muzeyda jadid talabalar Germaniyaga o‘qishga yuborilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etildi.

Davlat rahbari muzeyga kirib, mazkur ko‘rgazma bilan tanishdi.

«Bu yerga har gal kelib, e’tibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil bo‘lgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi bo‘lgan. 2−3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabarida keltirilishicha, mustabid tuzum faqat jadidlarni yo‘q qilish bilan cheklanib qolmagan. O‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz turli bo‘htonlar bilan qamoqqa olingan, xo‘rlangan.

«Bugun ham yo‘lda o‘ylanib kelyapman. 30-yillarni eski tarix desa, «paxta ishi"-chi?! Yetakchilarimizni qatag‘on qilish uchun soxta ayblovlar o‘ylab chiqarishdi-ku. Boshqa respublikalarda yo‘qmidi kamchilik? Bunday alamli voqealarni hech qachon unutib bo‘lmaydi. Bugungiday bayramlarda, tinch-osoyishta kunlarda shularni ham yuragimizdan o‘tkazib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyo notinch bo‘lib borayotgani, bunday vaziyatda ogoh va vazmin bo‘lish kerakligi qayd etildi.

«Ko‘rayapsizlar, dunyoda raqobat, tahdidlar kuchayib borayapti. Xavf yonimizda yuribdi. Bunga tayyor bo‘lish uchun hamisha ogoh bo‘lish zarur. Bugungi emin-erkin hayotimizga shukrona aytish bilan birga ertangi kunimizni mustahkam qilishimiz kerak. Qachon mustahkam qilamiz? Bilimli bo‘lsak. Agar bobolarimiz buyukligidan ruhlanib, har bir soha bo‘yicha ta’limni mukammal qilsak, manaman degan davlatdan kam joyimiz yo‘q. Bolalarimizni zo‘r o‘qitsak, natija biz kutgandan ham yaxshi bo‘ladi. Mustaqilligimiz barqaror va abadiy bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Qayd etish joizki, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili ham «Shahidlar xotirasi» xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qilingan o‘zbekistonliklar xotirasini yodga olgan edi.

«Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi — buyuk bo‘lgani… Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag‘ishlagan. Buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e’zozlashimiz ham qarz, ham farz», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Rossiyadagi munosabat

Rossiyaning qator OAVlarida Shavkat Mirziyoyevning nutqi asosida «O‘zbekiston prezidenti SSSRni o‘zbek millatining yetakchilarini yo‘q qilishda aybladi» (Lenta.ru), «O‘zbekiston prezidenti SSSRni «xalq boyligini»ni yo‘q qilishda aybladi» (RBK), «O‘zbekiston prezidenti «millat boyligi»ning yo‘q qilinishida SSSRni aybladi («Kommersant’») kabi sarlavhali xabarlar chop etildi.

Davlat Dumasining MDH, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin esa O‘zbekiston prezidentining so‘zlarini «SSSR davrida o‘zbek millatining yetakchilarini yo‘q qilish va uning ozodlikka intilishini bostirish», deb talqin qildi va buni «spekulyatsiya» deb atadi.

«Prezident Mirziyoyev Sovet Ittifoqini ayblashdan ilhom olgan birinchi postsovet boshqaruvchisi emas. Bu o‘z davlatlarining o‘tmishi haqida gapiradigan ko‘plab boshqa rahbarlar haqiqatiga o‘xshaydi. Ularga o‘z mamlakatlari hech qachon hozirgichalik yaxshi bo‘lmaganini isbotlab berish kerak», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Lenta.ru. Deputat ushbu xabar havolasini o‘zining Telegram-kanalida bo‘lishdi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hozir ancha samarali rivojlanayotgan narsalarning aksariyatiga «sovet davrida asos solingan va bundan chetga chiqishning iloji yo‘q».

«Sovet Ittifoqida o‘zbek millatini hech kim yo‘q qilgani yo‘q. Hozir Sovet Ittifoqida ukrainlarni ataylab och qoldirgan, Boltiqbo‘yi xalqlarini qirib tashlagan va hokazolarni aytadigan butun bir panteon mavjud. Sovet Ittifoqi, barcha kamchiliklariga qaramay, xalqaro hamjamiyat edi va O‘zbekiston ham xaritada O‘zbekiston sifatida ilk bor Sovet Ittifoqida paydo bo‘ldi, keyin esa o‘z tilini saqlab, o‘zini xalq sifatida saqlab, mustaqillikka erishdi», — dedi Zatulin.

O‘zbek tomonidan javob

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev o‘zining Twitter sahifasida Rossiya OAVlaridagi xabarlarni «Mustabid tuzum qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etgan O‘zbekiston prezidentining muvozanatli, bosiq va o‘ta samimiy nutqiga mutlaqo noadekvat munosabat» deb atadi.

«O‘zi munozara nima haqida? Mustabid tuzum shafqatsiz va berahm bo‘lganligimi? Yoki halok bo‘lganlar haqiqatan ham g‘ayriinsoniy qatag‘on qurbonlari bo‘lganligimi? Aqli to‘g‘ri va xotirasi aniq bo‘lgan hech qaysi inson u yoki buni so‘roq qila olmaydi», — deb yozdi u.

Senator «tuzumga qarshi, Vatan ozodligi uchun o‘z ovozini baland ko‘tarishga jur’at etgan minglab va minglab yurtdoshlarimiz uchun poligon va qabriston bo‘lib qolgan joyda o‘tgan marosimda» qatnashganini ta’kidladi.

«U (marosim) chin qalbdan, yoriq va tantanali, qandaydir samimiy, insoniy tarzda o‘tdi. Aynan shu joyda jallodlar tomonidan o‘z o‘limini jasorat bilan qabul qilganlar oldidagi qarzimizni insoniy ravishda qaytardik. Bu endi shov-shuvli siyosiylashtirish va populistik vahima uchun sababmi?» — deya savol berdi senator.

Oliy Majlis spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasi «Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulinni asossiz talqiniga suyanib xato xulosalarga sabab bo‘libdi», — deb yozdi.

«Davlat rahbari tarixiy faktlarga asoslanib, yaqin o‘tmishning qora kunlarini eslatib o‘tdi. O‘sha qora kunlarda xalqimizning eng ilg‘or fikrlovchi qatlamlarning yakson qilinganini eslamaslik, kelajakda bu kabi xatolarni takrorlanishiga olib kelishi mumkin», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

Deputatning fikricha, prezident nafaqat o‘zbek, balki o‘sha davrda sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklar haqida gapirdi. Buni anglash va to‘g‘ri talqin qilish uchun katta tarixchi bo‘lish shart emas.

«Hamkasblarimga shunday ham murakkab bo‘lgan muhitni yana murakkablashtiradigan, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalikka putur yetkazadigan talqinlardan tiyilishni tavsiya qilaman. Zero bundan hech kim yutmaydi! O‘ynab gapirsak ham, o‘ylab gapiradigan vaqtda ishlayapmiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida «Rossiya 24» telekanali o‘zbek OAVlari, jumladan, «Gazeta.uz»ni Ukrainadagi urushni yoritgani uchun tanqid qilgan edi.

Aprel oyida esa Rossiya OAVlari va Rossiya elchixonasi Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi Tim Torlouning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusini tanqid qilgan edi. U «urush quroli sifatida foydalanilayotgan» Rossiya OAVlari faoliyatini cheklash hamda Vladimir Putin va uning atrofidagilarga qarshi sanksiyalardan ko‘zlangan maqsadlar haqida gapirgan edi.