O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2 sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Birinchi prezidentning vasiyatiga ko‘ra, Islom Karimov 2016 yil 3 sentabrda ota-onasi mangu qo‘nim topgan ona shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga binoan dafn etilgan.

«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov mamlakatning birinchi prezidenti ulg‘aygan xonadon va u tahsil olgan maktabdan fotoreportaj tayyorladi.

«Besh yildirki, ziyoratchilar qadami arimaydi»

Bibixonim ko‘chasi, 124-uy. Registon maydonining orqasida, tarixiy yodgorlikdan 400−500 metr uzoqlikda joylashgan mazkur xonadonda Islom Karimov tug‘ilib, voyaga yetgan.


Qo‘shni xonadonda yashovchi Karim Rahimberdiyevning aytishicha, bu uyda Islom Karimovning bolalik va o‘smirlik yillari o‘tgan. Ular oilada sakkiz farzand: bir qiz va yetti o‘g‘il bo‘lgan. Mazkur uyda 2009 yilga qadar birinchi prezidentning ukasi Xurshid Karimov istiqomat qilgan. U inson olamdan o‘tgach, 2017 yilgacha Islom Karimovning akasi Omonullo Karimovning farzand va nabiralari yashagan.


«Islom Abdug‘aniyevich dunyoga kelgan va so‘nggi manzilga kuzatilgan xonadon yurtdoshlarimiz uchun albatta, qiziq. Shu sabab ular vafot etganidan so‘ng, bu yer 2017 yilning mart oyidan uy-muzeyga aylantirildi. Besh yildirki, xotirlovchilar qadami arimaydi, O‘zbekistonning turli burchaklaridan odamlar kelib, Qur’on tilovat va ziyorat qilib ketadi. Kuniga o‘rtacha 200−300 kishi tashrif buyuradi. Bahor va yoz oylarida ular soni bundan ham ko‘p bo‘ladi. Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni mamlakatlar va boshqa davlatlardan keluvchi turistlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi», — dedi Karim Rahimberdiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Islom Karimov fondi tomonidan ziyoratchilarga kichik sovg‘a sifatida birinchi prezidentning surati tushirilgan kalendar va u haqdagi kitoblar hadya qilinadi.


Har yili qo‘y so‘yilib, ehson qilinadi

Karim Rahimberdiyevning ta’kidlashicha, bu xonadonga Islom Karimovning qarindoshlari, jiyanlari, nabiralari va turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova tez-tez kelib turadi.

«O‘zim ham shu mahallada tug‘ilib, katta bo‘lganman. Qo‘shnimiz prezident ekanligidan doim faxrlanardik. Islom Abdug‘aniyevichni bir marta — 2010 yilning sentabr oyi boshida shu xonadonda mehmon bo‘lganida ko‘rganman. O‘shanda rafiqasi bilan Registondan uygacha piyoda yurib kelgandi. Tug‘ilib, o‘sgan uyida osh yeb, tushlik qilishgan», — dedi u.




Birinchi prezident vafotidan olti oy o‘tgach, Islom Karimov fondi mazkur xonadonga qarab turish vazifasini Komil Rahimberdiyevga ishonib topshiradi.

«Dadam avval mahalla raisi bo‘lib ishlagan. Birinchi prezidentimiz vafot etganlarida, ularning jasadlarini yuvishga kirib, ta’ziya va boshqa marosimlarida ham qatnashgan. Yarim yildan keyin shu xonadonga qarab turishlarini ishonib topshirishdi. Biz farzandlar ham ba’zi paytlarda yordamlashamiz. Bu yerga viloyatdagi masjidlardan imom va imom-noiblar ham kelib turadi», — dedi Karim Rahimberdiyev.


Mazkur xonada Islom Karimovning jasadi yuvilib, so‘nggi manzilga kuzatilgan.

Uyga kiraverishda birinchi prezidentning haqiga duo qilish uchun tashrif buyuruvchilarga joy hozirlangan.

Karim Rahimberdiyevning qayd etishicha, har yili Islom Karimov tug‘ilgan va vafot etgan sanada, Hayit bayramlarida Tatyana Karimova boshchiligida ushbu xonadonda qo‘y so‘yilib, ehson qilinadi. Bu kabi tadbirlarda Tatyana Karimovaning o‘zi ham ishtirok etadi.

Sinf jurnallaridan fotosuratlargacha…

Islom Karimov tug‘ilgan xonadondan 200−300 metr narida u tahsil olgan 21- umumta’lim maktabi joylashgan. Birinchi prezident mazkur maskanda 1950−1955 yillarda o‘qigan.

Muassasa qoshida 2007 yilda Maktab tarixi muzeyi tashkil etilgan. Bu yerda maktab tarixi bilan bog‘liq eksponatlardan tashqari, Islom Karimovning o‘quvchilik davriga oid muhim surat va hujjatlar ham o‘rin olgan.


«Tarix muzeyimizda birinchi prezidentimiz o‘qigan paytlardagi jurnallar, yoshliklari aks etgan fotosuratlar, ular qatnashgan aviamodel to‘garagi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bor. Xususan, Islom Abdug‘aniyevichning 8−9-sinflarda qanday baholarga o‘qiganidan hikoya qiluvchi sinf jurnallarining asl nusxalari saqlanmoqda. Ularga ko‘z yugirtirsangiz, birinchi prezidentimiz 5 bahoga o‘qiganini ko‘rish mumkin», — dedi maktab direktori Sabiha Rajabova.


Ushbu jurnalda Islom Karimov 14 raqam ostida qayd etilgan.

Ushbu jurnalda Islom Karimov 12 raqam ostida qayd etilgan.

Uning aytishicha, birinchi prezident maktabni tugatgan payt — 1955 yili Samarqand viloyatiga faqat bitta oltin medal kelgan va unga Islom Karimov munosib deb topilgan. O‘sha yili viloyatda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiadada ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Qayd etilishicha, 21-umumta’lim maktabiga ham mahalliy va chet ellik turistlarning tashrif buyurishi an’anaga aylangan. Ular soni yil sayin ortib bormoqda.