Ilk Mustaqillik bayrami qanday nishonlangan?
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va rejissyor munozarasi bilan boshlangan tantana yoxud 1991-yilda birinchi Mustaqillik bayrami qayerda va qay tarzda nishonlangan?
Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligini nishonlamoqda. Asosiy bayram ikki yildirki, «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tmoqda. Ilk Mustaqillik bayrami qayerda va qanday nishonlanganini bilasizmi? Umuman, ushbu tantanaga kimlar rejissyorlik qilgan? Bayramni o‘tkazishga qanday talablar qo‘yilgan va sseraniyni kim tasdiqlab bergan?

Shu va boshqa savollarga javob topish maqsadida «Gazeta.uz» 1992−2001-yillarda o‘tkazilgan Mustaqillik va Navro‘z bayramlarining tashkilotchilaridan biri, bayramshunos Usmon Qoraboyev bilan suhbatlashdi. U bizga Mustaqillik kunini bayram sifatida nishonlash tarixi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning o‘rni va bayram bilan bog‘liq qator jihatlarni so‘zlab berdi.
Qarshi markaziy stadionida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1993-yil.
Mustaqillikning birinchi bayrami

Bayramshunos Usmon Qoraboyevning so‘zlariga ko‘ra, 1991-yilning 31-avgust kuni birinchi prezident Islom Karimov 1-sentabrni Mustaqillik kuni umumxalq bayrami sifatida eʼlon qiladi. O‘sha kuni kechqurun hududlar rahbarlari, madaniyat xodimlariga bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlash bo‘yicha topshiriq beriladi. Ko‘plab rejissyorlar, teatr ijodkorlari, konsert tashkilotlari tadbirlar o‘tkazishga jalb qilinadi.

реклама
реклама

«O‘sha yillari hozirgi O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida ishlardim. 1991 yilda poytaxtning o‘nlab nuqtalari: Hadra, Beshyog‘och, Ko‘kcha kabi aholi gavjum joylarda konsertlar namoyish etilgan. Biz Mustaqillik maydonida sayil-konsert, turli qiziqarli o‘yinlar tashkil qilishga harakat qilganmiz», — dedi u.

Esimda, maxsus mashinalar bayramona bezatilib, karnay-surnay bilan shahar ko‘chalari bo‘ylab aylangan. Tarixiy sana haqidagi eʼlonni eshitmagan odamlar ko‘cha-ko‘ydagi bunday manzarani ko‘rib, xayron bo‘lgan, bir-biridan nimalar bo‘layotganini so‘rashgan. Boshqa viloyatlarida ham xuddi shu tarzda nishonlangan. Bir so‘z bilan aytsam, Mustaqillikning birinchi kuni tadbirlari qisqa vaqt ichida tashkil qilingan.
Usmon Qoraboyev
Bayramshunos
Toshkentdagi «Mustaqillik» maydonida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1992-yil.
Hukumat yig‘ilishidagi taklif

1992−2011-yillar davomida Mustaqillik bayramining bosh tomoshasi rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidovning yodga olishicha, 1992 yili − ilk bayram shodiyonasini nishonlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytlardagi bosh vazir o‘rinbosari Mustaqillik bayramini o‘tkazish kerakligini aytib, davradagi odamlardan fikr va takliflar so‘ragan.

Majlis oxirrog‘ida menga so‘z berishdi. U paytda Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy Akademik drama) teatrining bosh rejissyori edim. Men: „Mustaqillik bayrami kechqurun o‘tadigan bo‘lsa, biz madaniyat va sanʼatimizning hamma janridagi yutuq bo‘ladigan namunalarni mustaqil davlatga xos tarzda olib chiqishimiz kerak. Faqat folklor va etnografiya bilan cheklansak bo‘lmaydi“, deya o‘z fikrimni bildirdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, fikrlarim maʼqul ko‘ringan shekilli, chaqirishdi. Ssenariy yozdik, tasdiqlandi. Ishga tushib ketdik.


Rustam Hamidov
Rejissyor
Toshkentning «Mustaqillik» maydonidagi xalq sayllari, 1992-yil.
Rejissyorning eslashicha, ilk bayram shodiyonasida 12 ming odam qatnashgan. 10 ming nafari tomoshabin bo‘lsa, qolgani dastur qatnashchilari: ijodkorlar, talabalar (ommaviy sahnalarda)ni tashkil etgan. Repetitsiya jarayoni bir yarim-ikki oy davom etgan.

«Bir kuni repetitsiya qilib turgan joyimizda telefon bo‘lib qoldi. Bayram shtabining boshlig‘i, shahar hokimining muovini Karim Rasulovich degan ajoyib inson bo‘lardi. Shu kishi: „Rustamjon, prezident so‘rayaptilar, bayram haqida maʼlumot berishimiz kerak ekan. Yuring, birga boramiz“, dedilar. Men repetitsiya kiyimida, jinsi shimda yurgandim. Qo‘yarda-qo‘ymay prezident apparatiga olib borishdi», — dedi u.
Prezidentning kabineti 6 qavatda ekan. Yordamchilari mening kiyim-boshimni ko‘rib: „Siz o‘tirib turing“, deb 15 daqiqadan keyin ichkariga taklif qilishdi. Uzun kabinet ekan, borib ko‘rishgunimcha Islom Abdug‘aniyevich uch-to‘rt marta egnimga boshdan-oyoq qarab qo‘ydi. „Repetitsiyada edim, kiyimimni almashtirishga vaqt berishmadi“, deb uzrimni aytdim. „Hechqisi yo‘q, qani, o‘tiring, gapiring“, deganlaridan so‘ng sahna, unda tomosha qanday qo‘yilishi haqida maʼlumot berdim. Ancha o‘ylanib qoldilar.
Rustam Hamidov
Rejissyor
Qarshi markaziy stadionida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1993-yil.
Repetitsiyaga tashrif buyurgan prezident

Rustam Hamidovning qo‘shimcha qilishicha, Islom Karimov qo‘liga qog‘oz-qalam olib, sahna qanday ko‘rinishda bo‘lishini chizib bergan. Lekin rejissyor nazarida chizgilar (tomosha maydoniga) unchalik to‘g‘ri kelmagan.


«Chunki u — o‘z nomi bilan maydon, tagidan metro o‘tadi. Keyin quyosh o‘sha tarafdan chiqadi, uning ustiga esa sahnani o‘rnatib bo‘lmaydi. Shu bois „Tushunarlimi?“, deb so‘raganlarida, „Islom Abdug‘aniyevich, oxirigacha tushunganim yo‘q“, deb javob berdim. U kishining oldida turgan bir rahbar: „Sizga prezident hatto rasmigacha chizib berdilar, nimasiga tushunmaysiz“, dedi. Keyin menga javob berib yuborishdi», — deya so‘zlab berdi rejissyor.


Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘sha kunning o‘zidayoq prezident repetitsiya bo‘layotgan joyga tashrif buyuradi.

реклама
реклама

«Hamma rahbar maydonga yig‘ildi. Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi kelib, maydonning u yoq-bu yog‘iga o‘tib, ancha aylandi. Oxirida: „Ha-a… Tushunmaganingcha bor ekan. Sening varianting to‘g‘ri ekan“, deb qoldilar. O‘shanda menga: „Endi bo‘ldimi?“, deganlarida: „Yo‘q, yana bir-ikkita masala bor, apparatlarning kuchi yetmayapti. Moskvadagilar bayram o‘tkazishyapti. O‘shalarning yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalarini hech bo‘lmasa, ijaraga bo‘lsa hamm olib kelishga ruxsat bering“, dedim. Ular juda qimmat edi. Islom Abdug‘aniyevich: „Mayli, keyinchalik o‘zimiz sotib olarmiz. Hozircha olib kelinglar“, degandilar. Shunday qilib, bayramning birinchi yilini o‘tkazganmiz», — dedi Rustam Hamidov.

Mamlakat bosh maydonida Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan konsert dasturi ishtirokchilari, 1995-yil.
Usmon Qoraboyevning qayd etishicha, u 1992-yilning yozida mustaqillikning bir yilligi bayramiga o‘nlab ijodkorlar qatori ssenariy yozib topshirgan va tasdiqlangan.

«Tadbirga tayyorgarlik jarayoni ketayotgan vaqtda o‘sha davrdagi bir-ikki ijodkor rahbarlar ssenariyning ayrim joylariga o‘zgartirishlar kiritgan. Yaʼni vatanparvarvalik ruhidagi sheʼrlar, qo‘shiqlar qo‘shgan. Ammo ilk bayram tadbiri ssenariyim bo‘yicha o‘tkazilgan va bundan haligacha faxrlanaman», — dedi Usmon Qoraboyev.
«O‘zbekiston: Mustaqillik, Tinchlik, Hamkorlik»

Usmon Qoraboyevning aytishicha, rejissyor Rustam Hamidov O‘zbekistonda ilk bor Mustaqillik bayramini nishonlashga kirishishdan oldin jahonning ko‘plab davlatlari tajribasini o‘rganib chiqqan.


«O‘zbekistonda o‘z milliy shakl-shamoyiliga ega Mustaqillik bayrami bo‘lishi kerak, degan fikrga kelindi. Bu fikr rahbariyatga ham yoqdi va ishlar yurishib ketdi. Ilk bayram Mustaqillik maydonida „O‘zbekiston: Mustaqillik, Tinchlik, Hamkorlik“ degan shior bilan o‘tkazilgan. Tadbir bir qancha bloklarga bo‘lingan holda tashkil etilgan», — dedi bayramshunos.

Taʼkidlanishicha, tadbir boshida karnay-surnay va nog‘oralar sadosi to‘y boshlanishidan xabar berib, atrofga taralgan. O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Axmedov, To‘ti Yusupova, Po‘lat Saidqosimov bosh sahnaga tarixiy shaxslar qiyofasida chiqib kelgan. Shundan so‘ng, teatrlashtirilgan ommaviy tomoshalarni kichkintoylar raqs va qo‘shiqlar bilan boshlab bergan.

«Maydonda jahon va olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilib, sovrindor bo‘lgan o‘nlab sportchilar paydo bo‘lgan. Harbiy askarlar ham o‘zlarining mahoratlarini ko‘rsatgan. Har bir viloyatdan ham badiiy jamoalar qatnashib, o‘z dasturlari orqali O‘zbekiston xalqini mustaqillik to‘yi bilan tabriklagan. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar yana-da fayz kiritgan», — deya esladi Usmon Qoraboyev.

Bayram tantanalari respublikaning barcha shaharlarida oqshomgacha davom etgan. Toshkent shahrining deyarli hamma nuqtasida ommaviy xalq sayillari bo‘lib o‘tgan. O‘sha kuni istiqlol sharafiga tashkil etilgan savdo rastalarida chorvachilik va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bozordagidan ancha arzon narxlarda sotilgan.
Sirdaryo viloyati Hovos tumanida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1996-yil.
Ilg‘or tajriba sifatida tan olingan bir qolipli o‘zbek bayramlari

Rustam Hamidovning taʼkidlashicha, o‘sha davrdagi bayramlar bir qolipga tushib qolgan. Rejissyorning o‘zi ham buni sezib, qolipni buzmoqchi bo‘lgan.


«Bu qolipni buzmoqchi bo‘ldim. Boshqacha ssenariy yozib, (masʼul) bir rahbarning oldiga kirdik. U odam: «Bu bo‘lmaydi, harbiylar qani, sportchilar qani, bolalar qani? Tizim, kompozitsiya bo‘lishi kerak», deb, o‘zimiz ishlab, qolipga joylagan dasturga bizni yana qaytardi. Maqsadimiz — oldingi “ramka”ni buzish edi, bitta qolipga tushib qoldi bayramlar, deb aytsak ham ko‘nmagan», — dedi u.

Toshkentdagi «Mustaqillik» maydonida o‘tkazilgan Mustaqillik kuni bayramiga tashrif buyurgan Islom Karimov va boshqa mansabdor shaxslar, 1992-yil.
Bayramshunos Usmon Qoraboyevning aytishicha, repetitsiya jarayonida ssenariyning ko‘p joyi o‘zgartirib yuborilgan. Chunki ayrim qatnashchilar tayyorgarlik jarayonlariga vaqtida yetib kelisholmagan.

«Yillar o‘tib, bizda bayram o‘tkazish tajribasi shakllandi. Garchi bayramlar har yili deyarli bir xil ko‘rinishda o‘tsa-da, ammo esda qolarli kechardi. Rustam Hamidovni Mustaqillik va Navro‘z bayramlariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomoshalarini tashkil qilish bo‘yicha yaratgan o‘ziga xos usullari ko‘pchilikka manzur bo‘lgan. Natijada bu borada diqqatga sazovor o‘zbekona tajriba vujudga kelgan», — dedi u.

Faxr bilan shuni aytish lozimki, O‘zbekistonda ommaviy bayramlarni tashkil qilish tajribasi MDH da eng ilg‘or deb tan olinib, qo‘shni

va qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlardan mutaxassislar tajriba o‘rgangani kela boshladi. Ular bizda bayramlarni tashkil qilishning yangi samarali “mexanizmi” yaratilganini eʼtirof etishardi.


Usmon Qoraboyev
Bayramshunos
Farg‘onadagi markaziy “Spartak” stadionida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1995-yil.

Islom Karimov nega bolalarni ko‘tarib, raqsga tushardi?

Usmon Qoraboyevning taʼkidlashicha, birinchi prezident davlat tadbirlari, ayniqsa, Mustaqillik va Navro‘z bayramlarini tashkillashtirishga katta ahamiyat qaratgan.


«Rustam Hamidov har yili bayramga yaqin Islom Abdug‘aniyevich ishtirokidagi yig‘ilishlarda bayram rejasi va dasturi haqida qisqacha gapirib berardi. Prezident jarayonlarga nisbatan munosabatini, takliflarini ham bildirardi», — dedi bayramshunos.

Toshkentdagi «Milliy bog‘»da o‘tkazilgan Navro‘z bayrami. 2015-yil.
Bayramshunosning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimovning bolalarni qo‘lida ko‘tarib, birga raqs tushishi bayram ssenariysiga kiritilmas edi.

«Ularning o‘zi judayam bolajon odam edi. Shunday jihatini yaxshi bilgan prezident apparatidagi ayrim masʼullar sahnada ham bolajonlar bilan raqs tushish g‘oyasini berishgan. Keyinchalik, bu tadbirlarda odat tusiga kirib, Islom Karimovning «tashrif qog‘ozi»ga aylangan», — dedi Usmon Qoraboyev.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Mustaqillik kuni munosabati bilan nutq so‘zlamoqda. «Mustaqillik» maydoni, Toshkent, 1994-yil.
Tan olingan hamda “choypuli”ga sahnaga chiqqan sanʼatkorlar

Bayramshunosning taʼkidlashicha, “Yalla” ansambli, Nasiba Abdullayeva, Munojat Yo‘lchiyeva, G‘ulomjon Yoqubov, Mahmud Namozov singari o‘nlab sanʼatkorlar bayramlarda muntazam ravishda o‘z ijod namunalari bilan qatnashgan.


«Ular o‘ziga xos sanʼatkor sifatida har qanday davlat tadbiriga mos qo‘shiq yaratib, doim tayyor bo‘lardi. Prezident ham bu sanʼatkorlarning ijodini juda yoqtirardi», — deya xotirladi u.


Rustam Hamidov esa tanish-bilish orqali bayramlarda ishtirok etishga harakat qilgan sanʼatkorlar ham uchraganini taʼkidlagandi.

Toshkentdagi «Mustaqillik» maydonida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 1994-yil.
Baʼzi bir artistlar bayramga chiqaman, deb, tanish-bilishi orqali harakat qilardi. Madaniyat va sanʼat sohasiga yaqin bo‘lgan ayrim rahbarlar hattoki pul, yaʼni pora, „choypuli“ olib, ularning nomzodini taklif qilishardi. Bunga o‘shanda kattaroq rahbarlar ham aralashgandi. Qo‘shiqlarni eshitib, musiqalarni tanlayotganimizda men: „Bunisi bo‘lmaydi, bunisining ovozi yo‘q, mana buning musiqasi to‘g‘ri kelmaydi. Ularni qisqartiraylik, katta sahnaga olib chiqmaylik“, deya eʼtiroz bildirsam, o‘sha „kattalar“: „Hozircha turaversin, keyin bir gap bo‘lar“, deyishgan.
Rustam Hamidov
Rejissyor
реклама
реклама

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim rahbarlarning o‘zi sifatsiz asarlarni, qobiliyatsiz “sanʼatkorlar”ni tiqishtirgan. Baʼzan hatto «bu — “yuqori”dan, falonchining topshirig‘i», deya aytishgacha borishgan.


«Har xil bahonalarni qilib, meni naqd uch marta asosiy ishim (yaʼni bosh rejissyorlik)dan bo‘shatib yuborishgan. Islom Abdug‘aniyevich eshitib qolib, meni yana qaytarganlar. Endi hamma sohada ham prinsip, odamning o‘z pozitsiyasi bo‘lmasa, ish ketmaydi. Maqsad — dushman orttirish emas, sizga topshirilgan vazifani aʼlo darajada bajarish», — deya yodga oladi rejissyor.

Toshkentdagi «Mustaqillik» maydonida Mustaqillik kunining nishonlanishi, 2000-yil.
Bayramni jonli efirda namoyish etish

Bayramshunos Usmon Qoraboyevning aytishicha, Mustaqillik bayrami 1992 yildanoq televideniyeda jonli efir orqali ommaga namoyish etib kelinmoqda.


«Shuningdek, bayramning eng muhim va qiziq joylari „Axborot“ dasturida ham berib borilgan. 10 yil davomida har yili Mustaqillik bayrami maxsus film bo‘lib plyonkaga olinardi. Keyinchalik, texnika rivojlanib, sputnik orqali ko‘plab davlatlarga ham jonli efir orqali uzatish yo‘lga qo‘yildi», — dedi u.

Mustaqillik bayrami o‘tkazilgan joy va
ularning rejissyorlari haqida

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Madaniyat vazirligi axborot xizmati 31 yil ichida Mustaqillik bayrami qayerda va kimning boshchiligida tashkil etilganini maʼlum qildi.

1992−2011-yillar
Ushbu yillarda tantana “Mustaqillik” maydoni, Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ va Xalqlar do‘stligi maydonida o‘tkazilgan. Unga O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov rejissyorlik qilgan.
2012−2015-yillar
Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da o‘tgan va O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev rejissyor bo‘lgan.
2016-yil
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafoti tufayli Mustaqillik bayrami nishonlanmagan.
2017−2019-yillar
Xalqaro forumlar saroyidagi tantana O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorligida bo‘lib o‘tgan (u 2021 yilning may oyida vafot etgan).
2020-yil
Bosh tadbir «Toshkent city» majmuasida nishonlangan va unga Rustam Shamsutdinov rejissyorlik qilgan.
2021−2022-yillar
Mustaqillik bayrami «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilmoqda. So‘nggi yillarda tantanaga Rustam Shamsutdinov rejissyorlik qilib kelyapti.
Materialni «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov tayyorladi.

Fotosuratlar O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar
Milliy arxiviga tegishli.
Fotosuratlardan foydalanish huquqi
«Gazeta.uz» tahririyati tomonidan sotib olingan.
www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan, «Gazeta.uz» va boshqa uchinchi shaxslarga tegishli foto, grafik va boshqa materiallardan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting