Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda oziq-ovqat va suv xavfsizligini yaxshilashga ko‘maklashish uchun 150 mln dollar miqdorida kredit va 3 mln dollar grant ajratishni ma’qulladi, deya «Gazeta.uz»ga xabar beriladi.

Ma’lumot berilishicha, qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish uchun yer va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish jarayoni ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

«Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashgan suv resurslarini boshqarish» loyihasi tanlangan irrigatsiya-drenaj tizimlarini modernizatsiya qiladi va ularni yanada samarali boshqarish bo‘yicha mamlakat salohiyatini oshirish orqali suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, bank yuqori darajadagi texnologiyalar fondidan 300 000 AQSh dollari miqdorida grant ajratadi.

«OTB O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishni kuchaytirishdan manfaatdor. Mamlakat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan qimmatli transchegaraviy suvlarga tayanadi. Bu suvlar mamlakat qishloq aholisining yarmi uchun asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Loyiha hukumatning yuqori qo‘shimcha qiymatli ekinlarga o‘tish, yer va suv resurslarini boshqarishni yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda foydalaniladigan barcha suv resurslarining taxminan 90% qishloq xo‘jaligiga, jumladan, g‘alla va paxtani sug‘orish uchun sarflanadi. Biroq iqlim o‘zgarishi suv ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Loyiha doirasida Amudaryo va Zarafshon daryolari havzalarida suvni hisobga olish tizimini yaxshilash va mavjud irrigatsiya- drenaj infratuzilmasini yangilash orqali iqlimga chidamli va takomillashtirilgan sug‘orish tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Loyiha fermer xo‘jaliklarida suvdan foydalanishni yaxshilash, texnologiyalarni joriy etish va suv unumdorligini oshirish amaliyotini kengaytirishga ko‘maklashishga qaratilgan. Shuningdek, u sug‘orish tizimlarining tez-tez uchraydigan suv tanqisligiga moslashishi va suvdan foydalanuvchilarga iqlim o‘zgaruvchanligi bilan yaxshiroq kurashish imkonini berishi kerak. Dastur suvni barqaror boshqarish uchun siyosiy va institutsional salohiyatni mustahkamlashga yordam beradi.

Shuningdek, OTB O‘zbekistonda suv xo‘jaligi va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasining asosiy elementlarini, jumladan, salohiyatni oshirish orqali suv va irrigatsiya subsektorlarida asosiy islohotlarni amalga oshirishda hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun 850 000 AQSh dollari miqdoridagi texnik yordam grantini ajratadi.