“Gazeta.uz” 2022 yil 1 sentabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Fuqarolarga ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismi qaytariladi

Prezidentning 2022 yil 30 apreldagi [PQ-232-son] qaroriga asosan mahalliy turistlar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“Cashback”) tartibi joriy etiladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish maxsus elektron platforma, shu jumladan uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Platforma Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid cheki matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

  • avia, temir yo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;
  • joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
  • madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlar bank kartalariga qaytariladi.


2. Taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatiga kiritiladi

Prezidentning 7 iyuldagi [PQ-311-son] qaroriga ko‘ra, fuqarolar va yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar o‘rtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi.

Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.

2022 yil 1 sentabrdan 2024 yil oxiriga qadar:

  • 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi;
  • litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi.

3. Ayrim nodavlat tashkilotlar “Elektron hukumat” ma’lumotlaridan foydalanishiga ruxsat beriladi

Prezidentning 20 apreldagi [PF-113-son] farmoniga muvofiq, quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:

  • tijorat banklari;
  • telekommunikatsiya tashkilotlari;
  • xususiy tibbiyot muassasalari;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlari;
  • sug‘urta tashkilotlari.

4. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi

Prezidentning 25 iyuldagi [PF-175-son] farmoni bilan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi.

Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.

Kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi.


5. Ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar texnik ko‘rikdan ixtiyoriy o‘tkaziladi

Prezidentning 28 iyuldagi [PQ-298-son] qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslarga tegishli ishlab chiqarilganiga 10 yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransportlar texnik ko‘rikdan ixtiyoriy ravishda o‘tkaziladi.

Yengil avtomototransportlar quyidagi muddatlarda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi:

  • ishlab chiqarilganiga 11 yildan 14 yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransportlar — 2 yilda bir marta;
  • ishlab chiqarilganiga 15 yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransportlar — 1 yilda bir marta.

Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransportlar uchun tatbiq etilmaydi.


6. Haydovchilarning majburiy malakasini oshirish bekor qilindi

Prezidentning 7 iyuldagi [PQ-311-son] qaroriga asosan yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1 marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi.


7. Oilaviy bog‘chalarga ham 3 yoshga to‘lmagan bolalarni qabul qilishga ruxsat beriladi

Prezidentning 14 iyuldagi [PQ-322-son] qaroriga muvofiq, oilaviy nodavlat bog‘chalarda:

  • qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lganda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
  • tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
  • tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga budjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:

  • budjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7 yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;
  • ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi.

8. Avtomobilni boshqarish uchun ishonchnoma yagona portal orqali rasmiylashtiriladi

Prezidentning 7 iyuldagi [PQ-311-son] qarori bilan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.

Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga (BHMning 3 baravari — 900 ming so‘mga) nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

  • bir oygacha bo‘lgan muddatga — 10 foiz (90 ming so‘m);
  • olti oygacha bo‘lgan muddatga — 50 foiz (450 ming so‘m);
  • uch yilgacha bo‘lgan muddatga — 100 foiz (900 ming so‘m).

9. Sport maktablarining ayrim xodimlariga ustamalar to‘lab beriladi

Prezidentning 6 iyundagi [PQ-268-son] qaroriga asosan sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga o‘quvchi-sportchilar erishgan yuqori sport natijalaridan kelib chiqib har oyda ustamalar to‘lab beriladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 1 sentabrdan o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.


10. Raqobatga qarshi harakatlar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Prezidentning 8 apreldagi [PF-101-son] farmoniga ko‘ra, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi. Shuningdek, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi:

  • tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
  • tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
  • ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

11. Tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish kuchaytiriladi

Prezidentning 24 avgustdagi [PF-198-son] farmoniga muvofiq, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlardan foydalanish, turar joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish, mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanish, korporativ munosabatlar sohasida qator talab va cheklovlar bekor qilinadi.


12. Shifokorlarga yakka tartibda shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi

Prezidentning 25 apreldagi [PQ-215-son] farmoni bilan 1 sentabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi. Bunda:

  • yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
  • yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga o‘ziga biriktirilgan aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lov Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali beriladi;
  • yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

13. Ko‘p kvartirali uylarning zilzilabardoshligi tekshiriladi

Prezidentning 30 maydagi [PF-144-son] farmoniga asosan 2022 yil 1 sentabrdan boshlab respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan obyektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.

Bunda, Qurilish vazirligi ekspertizadan o‘tkazilgan xavflilik omili IV toifaga mansub obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ilmiy xulosalar olishga yo‘naltirishga, Fanlar akademiyasi obyektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berishga mas’ul etib belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu sanadan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Bino va inshootlarni zamonaviy kompyuter dasturlari yordamida modellashtirish” fani bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun intensiv kurslar tashkil etiladi.


14. Jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning tadbirkorligi moddiy qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentning 29 iyundagi [PQ-299-son] qaroriga ko‘ra, idoralararo komissiyalar ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihalarini o‘rganib chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarni tayyorlashga mas’ul hisoblanadi.

Jazosini o‘tab bo‘lganlarga “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi” mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan birinchi navbatda tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari hisobidan, yetishmagan qismi bo‘yicha esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari (9 mln 200 ming so‘m) miqdorida beriladi.

“Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi"ni berish tartib-taomillari Moliya vazirligining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.


15. Xalq ta’limi tizimi xodimlariga ustamalar belgilandi

Prezidentning 11 maydagi [PF-134-son] farmoniga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:

Umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:

  • xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan yoki xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida.
  • Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida;

Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:

  • 2025 yil 1 yanvarga qadar — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida;
  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida to‘lanadi.