Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Darxon Satibaldi janubdan O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston viloyatiga hokim etib tayinlandi. Tegishli farmon 31 avgust kuni mamlakat prezidenti tomonidan imzolangan.

Qozog‘iston davlat rahbarining yana bir farmoni bilan Umirzoq Shukeyev Turkiston viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. «Vlast» nashrining yozishicha, 24 avgust kuni u o‘z qo‘l ostidagi xodimi, Kentau shahrining sobiq hokimi korrupsiyada ayblanib, korxona direktoridan homiylik uchun 50 mln tenge (1 mlrd 150 mln so‘m) pora olgani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Darxan Satibaldi 2019 yildan buyon Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgandi. U 1974 yilda Janubiy Qozog‘iston viloyatining Abay qishlog‘ida tug‘ilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi-muhandis va huquqshunos. Elchi etib tayinlangunga qadar u Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Chimkent shahri hokimi lavozimida, bosh vazir devonida, shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i sifatida ish faoliyatini olib borgan.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi yangi elchisini tayinlanish haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.

«Gazeta.uz» avgust oyida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Darxon Satibaldining maqolasini e’lon qilgandi.

«Global va integratsiya jarayonlarining turg‘unligi, geosiyosiy va epidemiologik inqirozlar tufayli transport aloqalari va ta’minot zanjirlarining uzilishi sharoitida aynan qo‘shnichilik omili mamlakatlarimiz taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi», — deb yozgandi u o‘sha paytda.

«Mamlakatlarimizning iqtisodiy va resurs salohiyati tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish uchun istiqbolli zamin yaratmoqda. Global miqyosda resurslarimizni birlashtirib, biz iqtisodiyotimizning energetika, oziq-ovqat va transport sohalariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishimiz, shuningdek, mintaqaviy bozorlarda Qozog‘iston-O‘zbekiston ishtirokini sezilarli darajada kengaytirishimiz mumkin», deb hisoblaydi Darxon Satibaldi.