Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbar so‘zining avvalida O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

«Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi», — dedi prezident.

Davlat rahbari bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi jadal amalga oshirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston:

  • har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;
  • odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan;
  • hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan;
  • tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.

«Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi», — deya ta’kidladi prezident.

Prezident ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi.

Birinchi — ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom ettiriladi. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi — har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

Uchinchi — biznesni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, aholi daromadlari ko‘payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

To‘rtinchi — sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiriladi. Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovi oshirilib, odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.

Beshinchi — aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqat markazida bo‘ladi. Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

«Albatta, bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz bo‘lgan — yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yo‘lda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi».

«Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur o‘ylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz. Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi», — dedi prezident.

«Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizga chin dildan ta’zim qilaman», — deya o‘z so‘ziga yakun yasadi davlat rahbari.