12 sentabrdan Moskva birjasi valyuta bozorida «o‘zbek so‘mi-Rossiya rubli» (UZS/RUB) valyuta juftligi bo‘yicha savdolar boshlanadi, deb xabar berdi birja matbuot xizmati.

«Yangi valyuta juftligi bozorning professional ishtirokchilari, ularning mijozlari — jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining savdo imkoniyatlarini kengaytiradi, shuningdek, har ikki davlat xo‘jalik yurituvchi subyektlari uchun milliy valyutalarda hisob-kitoblarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi», — deyiladi hisobotda.

«O‘zbek so‘mi — Rossiya rubli» valyuta juftligi spot-bozorda «bugun» va «ertaga» hisob-kitoblari bilan sotiladi. Savdo ishtirokchilari va ularning mijozlari svop overnayt bitimlarini ham amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi, deya aniqlik kiritadi Moskva birjasi.

Eslatib o‘tamiz, Moskva birjasida o‘zbek so‘mi bilan savdolarni yo‘lga qo‘yishi haqida may oyida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda bunday qarorning ko‘rib chiqilishi g‘arb sanksiyalari, dollar savdosi hajmining kamayishi va Rossiyadagi valyuta nazorati bilan bog‘liq ekanligi aytilgandi.

Avvalroq rus matbuoti Rossiya o‘zbekistonlik valyuta chayqovchilari ayriboshlovchi joyga aylanganini yozgandi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar rublga o‘zbek so‘mini xarid qilib, so‘ngra dollarga almashtirib, RFga olib kelib, bu yerda yana rublga almashtirishmoqda. Bunday operatsiyalardan bir necha kunda 6% gacha foyda olish mumkin.