30 avgust kuni Mixail Gorbachyov uzoq davom etgan og‘ir xastalikdan so‘ng 91 yoshida Moskvada vafot etdi, deb yozadi Rossiya matbuoti. Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘tgan yil davomida doimiy ravishda kasalxonada bo‘lgan.

Mixail Gorbachyov KPSS Markaziy Qo‘mitasining oxirgi bosh kotibi, shuningdek, SSSRning birinchi va yagona prezidenti edi.

BBC`ning qayd etishicha, Gorbachyov «Sovuq urushni tugatish uchun hammadan ko‘ra ko‘proq harakat qilgan odam sifatida dunyoda chuqur hurmat qozongan. Ammo sobiq Ittifoqda umrining oxirigacha ko‘pchilik uni mamlakatning parchalanishida aybladi».

Gorbachev Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori va qayta qurish, shuningdek, Rossiya va jahon tarixi muammolarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi Gorbachev jamg‘armasi asoschisi.

Fond saytidagi tarjimai holida 1978 yil noyabr oyida Mixail Gorbachev KPSS Markaziy Qo‘mitasi kotibi, 1985 yil mart oyida esa KPSS Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi etib saylangani aytiladi.

«SSSRda Gorbachyovning hokimiyat tepasiga kelishi bilan „qayta qurish“ (1985−1991) deb nomlangan demokratlashtirish jarayoni boshlandi. Qayta qurishning harakatlantiruvchi kuchi shaffoflik edi. Iqtisodiyotni ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor asosiga o‘tkazish dasturi ishlab chiqildi. SSSRda totalitar tuzum barham topdi. 1990 yilda hokimiyat KPSSdan sovet tarixidagi muqobil ravishda erkin demokratik saylovlarda saylanadigan hamda birinchi parlament bo‘lgan SSSR xalq deputatlari qurultoyiga o‘tkazildi. 1990 yil 15 martda qurultoy Gorbachyovni SSSR prezidenti etib sayladi», — deyiladi tarjimai holda.

«1985−1991 yillarda G‘arb va SSSR o‘rtasidagi munosabatlarda tub o‘zgarishlar ro‘y berdi — harbiy va mafkuraviy qarama-qarshilikdan muloqot hamda sheriklik munosabatlarini shakllantirishga o‘tildi. Gorbachyov faoliyati Sovuq urushni tugatish, yadroviy qurollanish poygasi va Germaniyani birlashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi», — deya qayd etiladi biografiyada.

SSSR parchalanganidan keyin 1991 yil 25 dekabrda Mixail Gorbachyov davlat rahbari lavozimini tark etdi. 1996 yilda u Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surdi, ammo 1 foizdan kam ovoz oldi.

«Men siyosatni ilm-fan, odob, axloq, odamlar oldidagi mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirishga intildim. Men uchun bu prinsipial masala edi. Hukmdorlarning avj olgan istaklariga, ularning zulmlariga chek qo‘yish kerak edi. Men hamma narsada muvaffaqiyatga erishmadim, lekin bu yondashuv noto‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylamayman. Busiz siyosat o‘zining beqiyos rolini bajara oladi, deb kutish qiyin, ayniqsa, biz yangi asrga qadam qo‘ygan, keskin muammolarga duch kelayotgan bugungi kunda», — deb yozgandi Gorbachyov.