DXX Toshkentda o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqladi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkent viloyati Zangiota tuman hokimligi xodimi 2 fuqaroga Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtida o‘qishlari haqida soxta hujjat tayyorlashini aytib, keyin o‘qishni poytaxtdagi OTMning 2-bosqichiga ko‘chirib berishga kelishgan. Buning evaziga 18 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holatda esa poytaxtda xorijiy davlatlardagi OTMlarga o‘qishga kirishga ko‘maklashuvchi MCHJ rahbari qozog‘istonlik 2 fuqaroga Qozog‘istondagi OTMning 1-bosqichini tamomlaganliklari haqidagi hujjatni tayyorlab berishini aytgan. Buning uchun ulardan 15 mln so‘m so‘ragani ma’lum bo‘ldi.

Gumondor firma hisob raqamiga umumiy 9 mln so‘m, Qozog‘iston fuqarosi nomiga 1900 dollar o‘tkazilgani to‘g‘risida 4 dona kvitansiyani qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, DXX o‘tkazgan yana bir tezkor tadbirda Toshkent shahridagi nufuzli oliygohlardan birining 3-bosqich talabasi 2 nafar fuqarodan 2 ming dollar olgan vaqtda ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, talaba fuqarolarga Qozog‘iston OTMlarining birining 2-bosqichini tamomlaganligi haqida soxta hujjat olib bergan. Ushbu hujjat bilan Toshkent shahridagi xususiy universitetning 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.