Prezident qarori bilan “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktiriladi, deya xabar beriladi “Nigoh” kanalida.

Qarorga muvofiq, DBQ tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, qo‘mitaning bu turdagi muassasalarda vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalarni tatbiq etish va boshqalarda tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga doimiy ravishda ko‘mak berishi belgilab berildi.

Shu bilan birga, bojxona qo‘mitasiga mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar hamda yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qo‘mitaning maxsus jamg‘armasi mablag‘larini yo‘naltirish huquqi berildi.

Hujjatga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bir qator vazifalarni bajarishi ko‘zda tutilgan.

Belgilanishicha, agentlik 2023−2024 yillarda DBQ bilan birgalikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining hududida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, 2022 yil 1 oktabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi, SSV hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tasdiqlangan reja-grafik asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi tarbiyachilarni har yili kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarida o‘qitish tartibini joriy etadi.

2023 yil 1 iyunga qadar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi SSV bilan birgalikda ruhiy va jismoniy rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan shaxslarning zamonaviy abilitatsiya va reabilitatsiya muolajalaridan o‘tishi uchun “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari negizida zarur texnologik sharoitlar yaratishi belgilandi.