Toshkent xalqaro aeroportiga Misr davlatidan uchib kelgan fuqarolar 56 ta timsoh va 10 ta buqalamunni yashirincha olib kirmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 avgust kuni olib kelingan 56 ta timsoh timsoh bolalarining umumiy qiymati 918,5 mln so‘m. Tug‘ilganiga bir hafta bo‘lgan «Nil timsohi» turiga mansub timsoh bolalari tashish va saqlash qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari tomonidan ahvoli qoniqarli baholangan. Ularni fuqaro ichida sabzavotlar bo‘lgan plastmassa idishlarda saqlagan.


31 avgust kuni esa Misrdan Toshkentga uchib kelgan fuqarolar aeroportda yashil yo‘lakdan o‘tayotganda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Uning yuklari orasidagi plastik idishda 10 dona buqalamun borligi aniqlandi. Buqalamunlarning umumiy qiymati 54,7 mln so‘mga teng.

Hozirda buqalamunlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. Ularni tashish va saqlash qoidalariga rioya qilinmagani sababli mutaxassislar 6 tasining ahvoli og‘ir ekanini aytmoqda.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari surishtiruv o‘tkazmoqda.