Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ)ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha dasturi koordinatori Gulnoza Said 30 avgust kuni ertalab O‘zbekistonga kiritilmadi. Bu haqda qo‘mita o‘z saytida ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, aeroportda besh soatga yaqin vaqt o‘tkazgandan so‘ng Gulnoza Saidning mamlakatga kirishiga ruxsat etilgan, ammo rasmiylar tomonidan dastlab nima uchun kiritilmagani bo‘yicha izoh berilmagan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi uning mamlakatga kirishiga rad javob berilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach, «zudlik bilan O‘zbekistonga kirish va chiqish masalalarini tartibga soluvchi davlat organlariga bu borada tegishli so‘rov bilan murojaat qilgani»ni bildirdi. «Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ushbu masala hal etilgan va Gulnoza Saidga mamlakatga kirish uchun ruxsat berilgan», — deyiladi xabarda.

Gulnoza Saidning (AQSh fuqarosi hisoblanadi) CPJ saytida keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, immigratsiya xizmati xodimlari unga tizim uning mamlakatga kirishi taqiqlanganini ko‘rsatayotgani hamda ortga — Nyu-Yorkka qaytib ketish uchun 1 sentabrgacha aeroportda qolishi kerakligini aytishgan.

CPJ mamlakatga kirishga qo‘yilgan taqiqni Gulnoza Saidning jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati uchun uni qo‘rqitib qo‘yishga qaratilgan ta’qib shakli deb atadi.