Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega o‘qituvchilarning oliy toifasi saqlab qolinishi yuzasidan o‘qituvchilarga murojaat qildi.

XTV rahbarining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda 15 yildan ortiq mehnat stajiga ega oliy toifali pedagoglarning joriy yil o‘tkazilgan attestatsiya jarayonlarida ishtirok etmaganligi natijasida mavjud malaka toifasini yo‘qotganligiga doir noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda.

«Ustozlarning havotirga o‘rin yo‘qligiga e’tiborlarini qaratmoqchiman. Xalq ta’limi vaziri sifatida shuni alohida ta’kidlab o‘tamanki, joriy yil mart-may oylarida malaka toifasi olish uchun o‘tkazilgan attestatsiya davrida amalda bo‘lgan tartibga asosan, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifaga ega pedagoglarning attestatsiyadan o‘tishi majburiy bo‘lmagan va ularning oliy toifa malakasi umrbod saqlab qolinadi», — deya ta’kidladi u.

Baxtiyor Saidov ushbu toifadagi pedagog xodimlarimizning oylik ish haqlari oliy malaka toifaga tegishli lavozim okladidan to‘lanishini qayd etdi.

Avvalroq jurnalist Shuhrat Shokirjonov 15−20 yillik stajga ega oliy toifali o‘qituvchilar oddiy mutaxassis bo‘lib qolishgani haqida yozgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 sentabrdagi 572-sonli qarori 1-ilovasi 6-bandiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar majburiy attestatsiyadan o‘tmasligi belgilangan edi. Shunga asosan, 2017 yilda oliy toifa olgan va 15 yildan ortiq stajga ega pedagoglar 2022 yil may-iyun oylarida attestatsiyaga jalb etilmagan.

Biroq, oradan 3 oy o‘tib — Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori 2-ilovasi 11-bandiga asosan ushbu tartib bekor bo‘ldi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligini eslatib o‘tdi.