2024 yilda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan Toshkentdan Xivaga boruvchi tezyurar poyezdga Jaloliddin Manguberdi nomi beriladi. Bunday taklifni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Urganchdagi Xorazm hukmdori va sarkardasiga bag‘ishlangan haykalning ochilishida aytib o‘tdi.

Ayni paytda uzunligi 465 kilometr bo‘lgan «Buxoro-Urganch-Xiva» temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari davom etmoqda. Uning ishga tushirilishi bilan Toshkentdan Xivaga yetib olishga yetti soat, Buxorodan Xivagacha uch soat vaqt ketadi. 2018 yilning kuzida Urganchdan Xivaga 33,7 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l ochilgandi. Xivada esa temir yo‘l vokzali qurilib, foydalanishga topshirilgan.

«Afrosiyob» tezyurar poyezdining birinchi reysi (poyezdlar Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi) 2011 yil avgust oyida yurgan edi. 2015 yilda poyezd Qarshiga (2018 yilda liniya Shahrisabzgacha uzaytirilgan), 2016 yilda esa Buxoroga qatnay boshladi.

Yozda Islom hamkorlik tashkiloti Xivani 2024 yilda islom olamining turizm poytaxti deb e’lon qildi.

Prezident o‘z nutqida Xorazmga xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida hududlararo va xalqaro transport aloqalarini yaxshilash uchun zarur infratuzilma yaratilishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, yaqin ikki yilda yo‘lovchilar soni bo‘yicha poytaxt aeroportidan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan «Urganch» xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilinib, turistik transport markaziga aylanadi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qolaversa, Urganch va Xiva avtomobil yo‘llari bo‘ylab 100 dan ortiq zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi, deya qo‘shimcha qildi u.