AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi.

Diplomat mamlakat tashqi siyosatidagi islohotlarni alohida qayd etdi.

«Menimcha, odatda islohotlar ro‘yxatiga kiritilmaydigan va [kiritilmasligi] noto‘g‘ri bo‘lgan islohot — bu ichki emas, balki tashqi siyosat islohoti. Prezident [Shavkat] Mirziyoyev joriy etgan eng samarali o‘zgarishlardan biri qo‘shnilarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, deb hisoblayman. Bu g‘oya, birinchi navbatda, qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilash, odamlarning chegaralarni kesib o‘tishini osonlashtirish, savdo-sotiqni kengaytirish va muammolarni hal qilish, nizo va konfliktlarni hal qilishdir», — dedi u.

Amerika diplomatik missiyasi rahbari mamlakatga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan dastlabki iqtisodiy islohotlarni ham sanab o‘tdi. Ular: valyuta konvertatsiyasi, soliq islohoti, bojxona islohoti, tartibga solish islohoti.

«Ular tadbirkorlik muhitini, biznesni rivojlantirayotgan odamlar, rivojlana boshlagan xususiy sektor uchun sharoitlarni yaxshiladi. Va bularning barchasi juda ijobiy. Lekin, o‘ylaymanki, ba’zi ulkan va keng ko‘lamli islohotlar yo‘nalishlari hali o‘z samarasini bergani yo‘q. Men yo‘nalishlarni noto‘g‘ri demayapman. Yo‘nalish to‘g‘ri, lekin, menimcha, natijalar hali ko‘ringani yo‘q», — dedi u.

Deniyel Rozenblum xususiylashtirish dasturiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum miqdordagi korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha o‘ta ulkan maqsadlar qo‘yilgan, biroq «hozircha bu juda sekin va qorishiq natijalar bilan kechmoqda».

«O‘ylaymanki, bu qisman xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksariyat hollarda jamiyatda muhim o‘rin tutayotgani, ko‘plab xizmatlar ko‘rsatayotgani bilan bog‘liq. Demak, „Endi uni xususiy mulkdorga topshiramiz“, deb shunchaki aytib bo‘lmaydi. Yechilishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p», — deydi u.

Diplomat, shuningdek, g‘arazli manfaatlar mavjudligini ham ta’kidladi.

«Raqamlar bilan aniq misollar yoki faktlar keltira olmayman, lekin vaziyatni kuzatayotgan mutaxassislarning aytishicha, ko‘p hollarda korxona xususiylashtirilmasligidan manfaatdor bo‘lgan ayrim shaxslar bor, chunki hozir ular foyda ko‘rmoqda. Shuning uchun men xususiylashtirishga qandaydir oppozitsiya yoki qarshilik bor, degan shubhadaman», — dedi elchi.

AQSh diplomatik missiyasi rahbari 2021 yilda Coca-Cola`ning xususiylashtirilishini yaxshi misollardan biri deb atadi.

«Tenderda Coca-Cola`ning Turkiyadagi sho‘’ba korxonasi g‘olib chiqdi. Eshitganimga ko‘ra, xususiylashtirish shaffof, potensial ishtirokchilarga ma’lumotlar taqdim etilgan holda amalga oshirilgan. Tanlov bo‘ldi, mezonlar bo‘ldi va bu tenderda Coca-Cola Turkey g‘olib chiqdi. Boshqa ba’zi hollarda ishlar noto‘g‘ri ketdi. Demak, hali qilinadigan ishlar bor», — deydi u.

Deniyel Rozenblum natijalar hali ko‘rinmayotgan joylarga ham ishora qildi.

«Avvalroq aytib o‘tganimning ba’zilari: katta kuch sarflanayotgan ta’lim, sog‘liqni saqlash hali rivojlanish bosqichida. Va, ehtimol, odamlar har doim ham kundalik hayotida natijalarni ko‘rishmaydi, ular natijalarni sezishmaydi. Bu esa katta qiyinchilik», — dedi diplomat.

Uning fikricha, ta’lim sohasi to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda, ammo bu borada ulkan vazifalar turibdi. Har yili o‘rta maktablarni 700−800 mingga yaqin bitiruvchi tamomlaydi, lekin mamlakat iqtisodiyotida ularning hammasiga ham ish o‘rinlari topilavermaydi.

«Yechim esa odamlarning kasbiy malakasini oshirish va o‘qitishda. Albatta, yana bir alohida muammo bor: ular chet elga ish izlab ketishi kerakmi yoki yo‘qmi? Bu butunlay boshqacha savol. Va bilamanki, prezident 2030 yoki 2035 yilgacha maktab bitiruvchilarining 50 foizini oliy ta’lim bilan qamrab olish vazifasini qo‘ygan», — dedi u.

Elchining ta’kidlashicha, ko‘proq universitet professorlari, ko‘proq o‘quv xonalari kerak, bu maqsadga erishish uchun «aql bovar qilmaydigan miqdorda resurslar» zarur bo‘ladi.

«Kichik yoshdagi bolalar uchun boshlang‘ich va o‘rta ta’lim sifatini oshirish ham qiyin, chunki ko‘plab o‘qituvchilar juda uzoq vaqt davomida tayyorlangan. Ularda eng oxirgi o‘qitish uslublari yo‘q, sinf xonalari va infratuzilma esa bo‘lishi kerak bo‘lgan darajada emas. Men ancha yaxshilangan maktablarni ko‘rdim. Men infratuzilmasi uch yil oldingiga qaraganda ancha yaxshi bo‘lgan maktablarni borib ko‘rdim, ammo bu umumiy ko‘rsatkichning kichik bir qismi, xolos. Bu katta muammo va men buni Xalq ta’limi vaziri bilan suhbatlardan bilaman», — dedi diplomat.

Avvalroq o‘sha intervyuda AQSh elchisi O‘zbekiston hukumati va fuqarolari prezidentlik muddatlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq «foyda va xatarlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishlariga» umid bildirgani haqida yozgan edik. Bu borada bahs-munozaralar borligi yaxshi, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Deniyel Rozenblyum «Gazeta.uz»ga intervyu bergan edi. Unda jumladan, Konstitutsiyada tiyib turish va muvozanatlash mexanizmini o‘z ichiga olishi zarurligini ta’kidladi. «Bu hokimiyatning turli tarmoqlari o‘rtasida muvozanat borligini va hokimiyatni tiyib turish tizimingiz bo‘lishini anglatadi, chunki bir kishi yoki bir institutning juda ko‘p hokimiyatga ega bo‘lishi mamlakat uchun yomon. Bu yomon qarorlarga olib keladi. Oxir-oqibat bu korrupsiyani keltirib chiqaradi», degan edi diplomat.