O‘zbekiston hukumati va fuqarolari Konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilayotgan tuzatishlar nazarda tutilgan prezidentning amaldagi vakolat muddatini o‘zgartirish bilan bog‘liq foyda va xatarlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishi kerak. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Diplomatning ta’kidlashicha, AQSh boshqa bir davlatga ularning Konstitutsiyasida nima bo‘lishi kerak yoki bo‘lmasligi lozimligini aytmoqchi emas.

«Shuning uchun o‘zgartirishlar haqida o‘zimcha izoh bermayman. Ammo jarayonga kelsak, menimcha, jamoatchilik fikrini olish juda muhim. Bilaman, jamoatchilik fikrini to‘plash ustuvor vazifa qilib qo‘yilgan. Shuningdek, xalqaro ekspertlarning munosabatini olish ham muhim, deb o‘ylayman va bu borada qandaydir sa’y-harakatlar qilinganga o‘xshaydi. Lekin har doim ko‘prog‘ini qilish mumkin», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida (YeXHT) «xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganuvchi konstitutsiyalarni tahlil qilish bo‘yicha ajoyib mahoratga ega» mutaxassislar mavjud.

«Shunday ekan, menimcha, bu ham muhim. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ta’minlovchi o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlaydigan har qanday o‘zgarishlar yaxshi, degan bo‘lardim. Shunday ekan, agar ishlar shu yo‘nalishda ketayotgan bo‘lsa, bu yaxshi, deb o‘ylayman», dedi u.

Daniel Rozenblumning ta’kidlashicha, qanday tuzatishlar taklif qilinmasin va referendumgacha bormasin, barcha e’tibor prezidentlik muddatlariga qaratiladi.

«Bu asosiy fokus („e’tibor urg‘usi“ ma’nosida — tahr.) hozir ham, keyin ham. Niyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xalqaro miqyosda shunday qabul qilinadi. Va men bu masala bo‘yicha bahs-munozaralar borligini bilaman. Ulardan ba’zilarini o‘qigan va ko‘rganman. Va bunga qanday to‘g‘ri yondashish haqida bahslar borligi yaxshi. Shunchaki aytmoqchimanki, O‘zbekiston hukumati va fuqarolari amaldagi vakolat muddatini o‘zgartirish bilan bog‘liq foyda va xatarlarni diqqat bilan ko‘rib chiqadilar, deb umid qilaman», — dedi elchi.

Amerika diplomatik missiyasi rahbari jahon tajribasiga to‘xtalib, cheklovlarni olib tashlash va prezidentlik muddatini uzaytirish bilan bog‘liq takrorlanadigan ssenariyni qayd etdi.

«Muddat cheklovlari olib tashlansa yoki muddatlar juda uzoq vaqtga uzaytirilsa, siz yakunda xalq oldida o‘zida mas’uliyatni kamroq his qiladigan hukumatga ega bo‘lasiz. Real hayotda xuddi shunday bo‘ladi. Shunday ekan, O‘zbekiston, uning xalqi, hukumati bu masalaga juda ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak, deb o‘ylayman», — deya ogohlantirdi u.

Daniel Rozenblyum prezidentlik muddatini uzaytirish tarafdorlarining Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarni yakunlash uchun vaqt yetishmasligi haqidagi mulohazalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev «bu islohotlarni boshlagan prezident ularni yakunlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», deb ta’kidlagan edi.

Elchi mamlakatlar duch kelayotgan «bu haqiqiy dilemma» degan fikrga qo‘shildi. U O‘zbekistonda islohotlar uzoq davom etishini va ular oson kechmasligini ta’kidladi.

«Men odamlarning nima uchun: toki bu juda ko‘p vaqtni olar ekan, toki hozirgi prezidentimizning yetakchiligiga ishonar ekanmiz, u buni oxiriga yetkazishi uchun yonimizda turishi kerak, deyishlarini tushunaman. Bu tushunarli va bu yerda mantiq bor. Shu bilan birga, menimcha, har bir davlat, shu jumladan AQSh ham ushbu va boshqa xavflarni muvozanatlashi kerak. Islohotlar dasturini yakuniga yetkazmaslik xavfi hamda uni oxirigacha faqat bitta rahbar olib borishi mumkinligiga ishonish xavfi bor», — dedi u.

Shu bilan birga, diplomat «o‘zaro nazorat va muvozanat yetishmaydigan, javobgarlik yetarli bo‘lmagan va natijada xalq uchun ishlar yaxshi ketmaydigan tizim» vujudga kelish xavfi borligini ta’kidladi. U to‘rtinchi muddatining boshida vafot etgan va mamlakatni 12 yil boshqargan Amerika prezidenti Franklin Ruzveltni misol qilib keltirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Amerika tarixidagi birinchi holat edi. «Ehtimol, u bizni tarixning juda og‘ir davridan olib o‘tgan, Buyuk Depressiya va Ikkinchi Jahon urushi paytida bizga yordam bergan buyuk liderdir. Ammo AQShda bunga qanday munosabatda bo‘lindi? Ruzvelt vafotidan bir necha yil o‘tgach, biz Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritdik, unga ko‘ra, prezident faqat ikki muddatga saylanishi mumkin va undan ko‘p emas. Va shundan beri bu qoidaga rioya qilinmoqda. Amerikada esa uni o‘zgartirish haqida hech qanday bahs-munozara yo‘q», — dedi diplomat.

Daniel Rozenblumning ta’kidlashicha, shu sababli har bir davlat bu xatarlarni qanday muvozanatlash borasida o‘z tanlovini amalga oshirishi kerak.

«Men shunchaki umid qilamanki, yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston bu qadamni sinchiklab ko‘rib chiqadi va xavf-xatarlar bo‘lishi mumkinligini tushunadi va ehtimol ushbu xatarlarning oldini olish uchun qandaydir choralarni ko‘radi. Aynan qandaylari ekanini bilmayman, shunchsaki aytmoqchimanki, buni hisobga olish kerak», — dedi u.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda O‘zbekiston prezidentining vakolat muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Sodiq Safayev «yangi Konstitutsiya»ning qabul qilinishi barcha fuqarolarga, shu jumladan amaldagi prezidentga ham prezidentlik saylovlarida qatnashish imkoniyatini beradi, dedi.

Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi, deputat Odiljon Tojiyev BBC Uzbek bilan suhbatda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlardan maqsad prezident vakolatlarini uzaytirish degan taxminlarni rad etdi. U muddatlarni uzaytirish to‘g‘risidagi o‘zgartirish muallifi nomini ayta olmadi, lekin minglab fuqarolar u yoki bu shaklda amaldagi davlat rahbari tomonidan islohotlarni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum «Gazeta.uz»ga intervyu bergan edi. Unda jumladan, Konstitutsiyada tiyib turish va muvozanatlash mexanizmini o‘z ichiga olishi zarurligini ta’kidladi. «Bu hokimiyatning turli tarmoqlari o‘rtasida muvozanat borligini va hokimiyatni tiyib turish tizimingiz bo‘lishini anglatadi, chunki bir kishi yoki bir institutning juda ko‘p hokimiyatga ega bo‘lishi mamlakat uchun yomon. Bu yomon qarorlarga olib keladi. Oxir-oqibat bu korrupsiyani keltirib chiqaradi», dedi diplomat.