Bosh prokuratura tomonidan Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan Komissiya a’zolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, 24 nafar gumonlanuvchini jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarildi.

Ombduman matbuot xizmatining xabar berishicha, ularga nisbatan belgilangan qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirildi.

«Bunda ushbu fuqarolarning Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarda sodir etgan qilmishlaridan pushaymon ekanligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, shuningdek oilaviy sharoiti og‘ir ekanligi, ba’zi shaxslarning oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lganligi e’tiborga olindi», — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, komissiya a’zolari o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon fuqarolar murojaatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda. Har bir murojaat darhol o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Nukus voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish bo‘yicha tergov jarayonlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.