29 avgust kuni Oqsaroy qarorgohida joylashgan Islom Karimov nomidagi prezident kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam fotoreportaj tayyorlashdi.

Marosimni birinchi prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi direktori Temur Shirinov ochib berdi.

Maxsus qizil tasma kesilgach, maskan rahbariyati tomonidan Tatyana Karimovaga a’zolik guvohnomasi topshirildi. Shu tariqa u kutubxonaning ilk a’zosiga aylandi.

Kutubxonaning anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan marosim avvalida Tatyana Karimova so‘zga chiqib, mazkur kutubxona to‘rt yil oldin ochilgani, o‘tgan vaqt ichida butunlay yangi qiyofaga kirgani va zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlanganini qayd etdi.


«Bugun sizlarni o‘ziga xos timsolga aylangan kutubxonamizda ko‘rib turganimdan bag‘oyatda xursandman. Aytish joizki, kutubxona uchun bu tarixiy bino tasodifan tanlangan emas. Bu yerda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan tadbirlar, jumladan, birinchi prezidentimiz Islom Karimov ishtirokida xorijiy delegatsiya vakillari bilan muzokaralar olib borilgan, mustaqilligimizni birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlarning elchilariga ishonch yorliqlari topshirilgan», — dedi Tatyana Karimova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi prezident Shavkat Miromonovichning qilgan sa’y-harakatlari hamda Islom Karimov xotirasiga ko‘rsatayotgan e’tibori va ehtiromi sharofati bilan amalga oshmoqda.


«Bugungi marosimga tashrif buyurganingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman. Mustaqillik bayrami arafasida hammangizga sihat-salomatlik, farovonlik, tinchlik tilayman. O‘zbekistonimiz osmoni har doim musaffo bo‘lsin!», — dedi birinchi prezidentning turmush o‘rtog‘i.



Ta’kidlanishicha, mazkur kutubxona Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 apreldagi qaroriga asosan, 2018 yilda tashkil etilgan. Unda faqatgina umumiy o‘quv zali ochilgan edi. Keyingi yillarda esa kutubxona rekonstruksiya qilinib, qayta ta’mirlandi, jihozlandi hamda bir qancha bo‘limlar qo‘shildi.

Kutubxona direktori Dilorom Shukurovaning ma’lum qilishicha, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining bir qismida tashkil qilingan kutubxonada 70 mingdan ziyod kitoblar mavjud. Bu maskanning kitoblar bilan boyishida prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti katta yordam berdi. Shuningdek, bu yerda 10 mingdan ortiq jurnallar ham bor. Ularning mingdan ortig‘i XIX asr boshidan nashr etilgan jurnallardir.


Dilorom Shukurova.

«Kitoblarning asosiy qismi nodir adabiyotlar bo‘lib, ular XIX asr oxiri XX boshlarida chop etilgan. Minglab adabiyotlar esa O‘rta Osiyo va Turkistonga oid hisoblanadi», — dedi u.

Maskanga kiraverishdagi infokioskka kutubxona haqidagi barcha ma’lumotlar joylashtirilgan.

Birinchi qavatda bir qancha bo‘limlar mavjud. Xususan, kitobxonlar mo‘’jaz yemakxonada bir piyola choy ustida matbuot nashrlarini o‘qib, vaqt o‘tkazishi mumkin.

Ta’lim bo‘limidagi zamonaviy kompyuterlarga sohaga oid dasturlar va video qo‘llanmalar joylashtirilgan. Bu joy esa talaba va maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan.


Islom Karimovning shaxsiy kutubxonasi bo‘limi ham kitobxonlarni befarq qoldirmasligi shubhasiz. Chunki u yerda birinchi prezidentning o‘zi yozgan asarlari, davlat tashriflari chog‘ida mamlakatlar vakillari tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar, Karimov haqidagi monografiyalar va badiiy adabiyotlar o‘rin olgan. Islom Karimov uchun qimmatli bo‘lgan bu kabi adabiyotlardan 500 tasi Tatyana Karimova tomonidan kutubxonaga sovg‘a qilingan.



Shuni alohida qayd etish kerakki, Islom Karimovga sovg‘a qilingan asarlar orasida mualliflar imzosi va tilagi tushirilgan kitoblar bor. Misol uchun, 1991−1999 yillarda Rossiya Federatsiyasini boshqargan prezident Boris Yelsin, 2007−2014 yillarda Isroil davlatida prezidentlik qilgan Shimon Peres, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov hamda ko‘plab davlat va siyosat arboblari, ijodkorlar tomonidan tuhfa etilgan dastxatli kitoblarni uchratish mumkin.

Islom Karimov arxivi va nashrlar saqlash bo‘limi ham kutubxonaning birinchi qavatida joylashgan.



Kutubxonadagi deyarli barcha kitoblar ikkinchi qavatdagi umumiy o‘quv bo‘limidan o‘rin olgan. Bu yerda badiiy va siyosiy adabiyotlar, jurnallar, turli sohalarga taalluqli kitoblarni ko‘rish va o‘qish mumkin.

Elektron o‘quv zali bo‘limi ham zamoanviy kompyuterlar bilan jihozlangan bo‘lib, minglab elektron adabiyotlar mavjud.


Uchinchi qavatdagi hujjatlarni raqamlashtirish bo‘limida zamonaviy skaynerlar orqali nodir adabiyotlar, mazmun jihatdan qimmatli bo‘lgan gazeta-jurnallar, kartalarni raqamlashtirish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, anjumanlar zali va multimediani raqamlashtirish bo‘limi ham tashkil etilgan.


Dilorom Shukurovaning qayd etishicha, kutubxona jamoasi oldida ikkita katta masalani hal etish turibdi.

«Yodgorlik majmuasining veb-sayti bor va ishlaydi. Ammo kutubxona sayti yo‘q. Jamoamiz bilan ushbu maskan saytini ishlab chiqish va o‘quvchilarga masofadan xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, Islom Karimovning hayoti va mehnat faoliyati, asarlari hamda ular to‘g‘risidagi kitoblarning elektron katalogini va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasini yaratishni maqsad qilganmiz», — deydi kutubxona direktori.


Uning qo‘shimcha qilishicha, kutubxona o‘z faoliyatini 5 sentabrdan boshlaydi. Ushbu ziyo maskanida yoshidan qat’iy nazar barcha kitobxonlarga shanba va yakshanba kunlaridan tashqari har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha xizmat ko‘rsatiladi.

Kutubxonaga a’zo bo‘lish va tashrif buyurish istagidagi bo‘lgan odamlardan fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.