Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan Komissiya a’zolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, yana10 nafar fuqaroning qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirildi.

Avvalroq Bosh prokuratura tomonidan 24 nafar gumonlanuvchining jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarilgani haqida xabar bergan edik. Shunday qilib, 30 avgust kunining o‘zida jami 34 nafar fuqaro insonparvarlik tamoyili asosida oilasi bag‘riga qaytarildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaga kiritilgan ro‘yxat namoyishlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslarning oila a’zolari tomonidan Komissiyaga qilingan murojaatlarining o‘rganilishi va gumonlanuvchilar bilan shaxsan suhbatlashish asosida shakllantirilgan.

Ushbu fuqarolarning Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarda sodir etgan qilmishlaridan pushaymon ekanligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, shuningdek oilaviy sharoiti og‘ir ekanligi, ba’zi shaxslarning oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lganligi e’tiborga olingan.