«Yoshlar» telekanalida «Yangi davr» ko‘rsatuvining sport xabarlari blokida futbol natijalarida ekrandagi Ukraina bayrog‘i xiralashtirib ko‘rsatilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi. Telekanal bunga lavhani tayyorlagan montajchining o‘zboshimchaligi sabab bo‘lganini aytdi.

Keltirilishicha, LaLiga doirasidagi o‘yinlar 26 avgustdan boshlab «Yoshlar» telekanali orqali jonli efirga uzatilgan. Shu kunga qadar uning 8 ta o‘yini namoyish etib kelingan.

Futbol bahslari namoyishi davomida kadrlarga hech qanday qo‘shimcha effektlar qo‘llanilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat esa «Yangi Davr» informatsion dasturining sport xabarlari blokidan olingan.

«Bu holat yuzaga kelishi sabablari aniqlashtirilganda, lavhani tayyorlagan montajchi «Real Madrid» jamoasi o‘ynayotgan futbolda Ispaniya bayrog‘i o‘rniga Ukraina bayrog‘i xato qo‘yilgan deb o‘ylab, bu «xatolik»ni o‘zboshimchalik bilan to‘g‘rilamoqchi bo‘lgani va shu maqsadda berkitgani ma’lum bo‘ldi. Bosh muharrir ko‘rik paytida bu holatga e’tibor bermay, lavhani efirga uzatishga ruxsat bergan», — deyiladi xabarda.

Bu bo‘yicha aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgani aytildi. Telekanal holat uchun uzr so‘rab, unga siyosiy tus bermaslikni so‘radi.