Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari ko‘rsatkichlarida aniqlanmagan o‘ziga xos jihatlarini ochib berdi.

Xususan, joriy yilning fevral-mart oylarida sezilarli pasayish kuzatildi. Ammo O‘zbekiston iqtisodiyoti ikkinchi chorak davomida sezilarli darajada tiklanib, yuqori sur’atlarda o‘sdi, deyiladi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Asror Nigmonov taqdim etgan tahliliy maqolada.

O‘zbekistonning birinchi chorakdagi iqtisodiy o‘sishi odatda mavsumiy omillar hisobiga past bo‘ladi. 2018−2021 yillar davomida O‘zbekiston YAIMning o‘sishi birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishidan o‘rtacha 0,43 foizga kam bo‘ldi. Shu sababli, salbiy omillarning iqtisodiyotga ta’siri kuchli bo‘ldi va 2022 yilning birinchi choragida YAIM o‘sishini sekinlashtirdi.

Yuqorida aytib o‘tilgan omillarni hisobga olgan, shuningdek, YAIM dinamikasining haftalik prognoz ko‘rsatkichlarini jamlagan holda, 2022 yil birinchi yarmida 2021 yil birinchi yarmiga nisbatan iqtisodiy o‘sishning taxminiy ko‘rsatkichlari 4,99 foizni tashkil qildi, deyiladi xabarda.

2022 yilning uchinchi choragida YAIMning taxminiy haftalik dinamikasida o‘sib borayotgan tendensiya kuzatilmoqda, bu esa YAIM o‘sish sur’atini yiliga kamida 0,68 foizga oshiradi. Bunga ko‘ra, 2022 yil uchun YAIMning real o‘sish sur’ati 5,77 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

Shundan kelib chiqib, 2022 yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilinayotgan diapazoni 5,67−5,87 foiz darajasida belgilandi.

2022 yil uchun YAIM o‘sish prognozi

Noukasting usuli — bir qator rivojlangan mamlakatlar, Angliya banki, Yevropa Markaziy banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan milliy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda keng qo‘llaniladi. Ushbu toifadagi modellar an’anaviy modellarga o‘xshash xususiyatlarga ega, ammo “inqiroz” holatlarida ulardan sezilarli darajada ustundir.

Ma’lumot uchun, YeTTB 2021 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi prognozini 5,6 foizdan 6,8 foizga oshirgan edi. Keyinchalik esa Ukrainadagi urush tufayli O‘zbekistonda YAIM o‘sish sur’atining 6 foizga emas, 4 foizga o‘sishi kutilmoqda deya xabar berdi.

Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida Hisob palatasining xulosasiga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,9 foizni tashkil etishi aytib o‘tilgan.