O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida koronavrusga qarshi 201 600 doza Pfizer bolalar uchun vaksinasi keltirildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabar berdi.

Yevropa Ittifoqi va Shvetsiya hukumatining ushbu xayriyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 5−11 yoshli bolalarni vaksinasiya bilan qamrab olish va mamlakatda COVID-19`ning yangi shtammlari tarqalishining oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.


«O‘zbekistonda 5−11 yoshli bolalarni Pfizer vaksinalari bilan ixtiyoriy ravishda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash xalqaro va milliy ekspertlarning tavsiyalari hamda aholi murojaatlari asosida tasdiqlangan. Bugun olingan 201 600 doza bolalar vaksinasi O‘zbekistonda bolalarni COVID-19`dan himoya qilishga yordam beradi», — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev.

«COVID-19`ning yangi variantlari paydo bo‘lishi bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan epidemiologik vaziyat va uning bolalarda kechishining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab pandemiyaning oldini olish uchun bolalarni ushbu infeksiyaga qarshi emlash maqsadga muvofiq va nihoyatda muhim deb hisoblanadi. Xitoy, AQSh, Kanada, Isroil, Yevropaning bir qancha mamlakatlari va Lotin Amerikasi davlatlarida bolalarni koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash faol ravishda amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.


YUNISEF vaksinalarning adolatli taqsimlanishiga ustuvor ahamiyat beradi. Bugungi kunga qadar O‘zbekistonga COVAX mexanizmi orqali jami 21,2 million doza vaksinalar yetkazildi, jumladan:

  • Astra-Zeneca — 2,15 million;
  • Moderna — 10,68 million;
  • Pfizer — 6,62 million;
  • Sinovac — 1,77 million doza.

SSV ma’lumotiga ko‘ra, shu kunga qadar respublika bo‘ylab emlash jarayonlarida 66 mln dozaga yaqin vaksinadan foydalanilgan. Vazirlik xabariga ko‘ra, hozirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksina saqlash omborxonalarida 5,9 mln doza vaksina zahirasi mavjud. O‘zbekiston aholisining 16,1 million nafardan ortig‘i kovidga qarshi to‘liq emlangan. O‘tgan 16 oylik emlash jarayonida jami 62,3 million dozadan ortiq vaksinadan foydalanilgan.