Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Pedagogika oliy ta’lim muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2022−2023-o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlar tayyorlovchi xorijiy OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalarning hamkor ta’lim muassasasida o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakt qiymatini davlat budjetidan qoplab berish tartibi joriy etiladi. Bu ham bakalavriat, ham magistraturada o‘qiyotganlarga tegishli.

Kontraktni to‘lab berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining qo‘shma ta’lim dasturlarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan va yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan talabalari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi;
  • tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar bilan davlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida kamida uch yil ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnoma rasmiylashtiriladi.

Pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘qishga qabul qilinib, 1-kursni bitirgan talabalari o‘rtasida davlat granti sovrindorlarini aniqlash bo‘yicha ikki bosqichda tanlov o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda ishtirok etuvchi talabgorlar toifasiga quyidagi talablar o‘rnatiladi:

  • birinchi kursda umumiy reyting (o‘zlashtirish) ko‘rsatkichlari 80 ball va undan yuqori bo‘lishi, fanlardan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi;
  • xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) bilish darajasini belgilovchi xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lishi;
  • o‘qishga qabul qilingan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga oid tanlov yoki konferensiyalarda ishtirok etgan bo‘lishi.

Ikkinchi bosqichda talabgorlar oliy ta’lim muassasasi, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillaridan tuzilgan komissiya tomonidan har yili 10 sentabrga qadar suhbatdan o‘tkaziladi.

Talabgorlarga tanlovda ishtirok etish uchun oliy ta’lim muassasasida tuziladigan komissiya tomonidan uning yutuqlari, jumladan ilmiy-tadqiqot faoliyati, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirganligi, namunali xulq-atvorga, sohasi bo‘yicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildira olish ko‘nikmalariga ega ekanligi kabi shaxsiy fazilatlari bo‘yicha tavsifnoma (xulosa) beriladi.

Komissiya tarkibi oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.

Tanlovlar qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistrtura mutaxassisliklari bo‘yicha tasdiqlangan kvotaga muvofiq alohida o‘tkaziladi.

Talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan «pedgrant.edu.uz» maxsus elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — Maxsus tizim) orqali amalga oshiriladi.

Talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ularning hujjatlari oliy ta’lim muassasasi tomonidan har yili 1 avgustdan 10 avgustgacha jamlanadi.

Talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ularning quyidagi hujjatlari OTMning mas’ul xodimi tomonidan har yili 15 avgustga qadar Maxsus tizimga kiritiladi (yuklanadi):

  • fuqarolik pasporti yoki ID kartasi nusxasi;
  • o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga oid tanlov yoki konferensiyalarda ishtirok etganligini asoslovchi hujjat (sertifikat) nusxasi;
  • xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro yoki milliy sertifikat nusxasi;
  • o‘qish davridagi yutuqlari, jumladan ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi yutuqlarini asoslovchi hujjat nusxasi.

Maxsus tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan talabgorlarning hujjatlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan ekspert guruhi tomonidan har yili 25 avgustga qadar o‘rganib chiqiladi va tanlovga tavsiya etiladi. O‘rganish jarayonida talabgorning tegishli hujjatlari talab darajasida emasligi aniqlangan taqdirda ekspert guruhlarining xulosasiga asosan mazkur talabgorning tanlovda ishtirok etishi rad etiladi va oliy ta’lim muassasasiga bu haqida tegishli xat yo‘llanadi.

Eslatma: mazkur tartib hali qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, u faqatgina loyiha (taklif) tusiga ega va uning muhokamasi 10 sentabrga qadar davom etadi.