Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rekonstruksiyadan besh yil o‘tib ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlar holatini o‘rganib chiqdi. Jurnalist Ilyos Safarovning yozishicha, bog‘ni rekonstruksiya qilish jarayonida hududdagi ko‘plab ko‘p yillik daraxtlar shikastlangan.


Ilyos Safarov (o‘ngda).

«[Zarar] tufayli hozir ko‘plab chinor, emanlar butunlay qurish holatiga kelib qolgan. Ayrimlari quribdi ham (buni yashirish uchun ularga chiroqlar osib chiqishgan). Milliy bog‘ga zudlik bilan malakali agronomlar va daraxtlar uchun agrotexnik tadbirlar kerak. Agar ish ozgina kechiktirilsa, biz o‘nlab ko‘p yilik daraxtlarni yo‘qotamiz», — deb yozadi u.

Jurnalist, shuningdek, sobiq «Komsomol» ko‘lining maydoni sezilarli darajada qisqarganini, ammo «buni endi tuzatib bo‘lmasligini» ta’kidlagan.

Poytaxt Ekologiya boshqarmasi ishchi guruh tashkil etib, dushanba kuni vaziyatni joyida o‘rgandi.

«Mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, murojaat o‘z tasdig‘ini topdi. Ya’ni, bu hududdagi daraxtlar qisman shikastlangani aniqlandi. Bog‘ning mas’ul rahbarlariga agrotexnik tadbirlarni zudlik bilan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi», — deyiladi xabarda.


Boshqarma ushbu fakt bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishi haqida xabar berdi. Keyinroq surat va post o‘chirib tashlandi.

«Gazeta.uz» xabarni yo‘qotilish sabablarini o‘rganishga urindi, biroq shahar hokimiyati va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan bog‘lanib bo‘lmadi.