Moskva viloyatidagi «Patriot» kongress-ko‘rgazma markazida «ArMI-2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Xalqaro armiya o‘yinlarining 21 ta yo‘nalishida ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari 7 ta oltin, 10 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, 22 ta shaxsiy va jamoaviy rekord natijalarni qayd etdi.

Birinchi o‘rin Rossiyaga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Belarus jamoalari yakun yasadi.

Xususan, Markaziy harbiy okrugning «Forish» tog‘ poligonida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida «Qurolsoz usta» va «Dala oshxonasi» musobaqalari bo‘lib o‘tdi.


Birinchi navbatda «Dala oshxonasi» tanlovida qator nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblar eʻlon qilindi. Mazkur musobaqaning barcha shartlarida to‘plangan umumiy ballar bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi g‘olib deb topildi va ikkinchi bor «ArMI-2021» kubogini qabul qilib oldi.


Ikkinchi o‘rinni Rossiya egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Belarus jamoasiga nasib etdi.


«Qurolsoz usta» yo‘nalishida ham O‘zbekiston jamoasi birinchilikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa Rossiya jamoasiga nasib etdi. O‘zbekiston «Qurolsoz usta» terma jamoasi ushbu musobaqaning barcha bosqichlarida birinchilikni qo‘lga kiritib, oltita rekord o‘rnatib, nominatsiyalarning hammasida g‘oliblikni o‘zida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.


Samarqand viloyatidagi «Sazagan» poligonida esa «Xavfsiz muhit» musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqaning umumiy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Rossiya va Belarus jamoalari, uchinchi o‘rinni Xitoy va Vetnam jamoalari, Eron jamoasi esa to‘rtinchi o‘rinni band etdi.


Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida o‘tkazilgan «Sodiq do‘st» musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda umumjamoa hisobida O‘zbekiston erkaklar va ayollar jamoalari 2 ta oltin medalini qo‘lga kiritdi. Jazoirlik harbiy kinologlar ikkinchi, Rossiya jamoasi 3-o‘rinni egalladi.


Qo‘qon shahri mezbonlik qilgan «Yo‘l patruli» musobaqasida O‘zbekiston harbiylari birinchi o‘rinni egalladi. Unda 2 ta bosqich 6 ta shart bo‘yicha «individual poyga», «texnik tanaffus», «ekstremal to‘xtash», «parallel parkovka», «kontravariya», «harbiy estafeta» kabi shartlar bajarildi. Ikkinchi o‘rinni Rossiya, uchinchi o‘rinni esa Eron va Belarus jamoalari band etdi.


Venesulaning Lara shtati Barkisimeto shahrida o‘tkazilgan «Merganlar marrasi» musobaqasida ham O‘zbekiston jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin mezbon davlatga nasib etgan bo‘lsa, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan Rossiya o‘rin oldi. Ushbu musobaqalar davomida harbiy xizmatchilar turli vazifalarni o‘z ichiga olgan 4 bosqichda yakkalik mashqlar, juftlik va jamoaviy mashqlar, kim tezkor kabi 15 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.



Shu bilan birga, Belarus Respublikasi Minsk shahridagi «Uruche» poligonida aloqachilar o‘rtasida o‘tkazilgan «Ishonchli qabul» musobaqasida erkaklar va ayollardan tarkib topgan o‘zbek harbiy aloqachilari 2-o‘rinni (2 ta kumush) qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘ringa Belarus, uchinchi o‘ringa esa rossiyalik harbiy aloqachilar loyiq ko‘rildi.


Rossiyaning Volgograd viloyatida «Muhandis formulasi» musobaqasi ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchilar umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Bundan tashqari, «ArMI-2022» xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya va Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan «Harbiy ralli» mubosaqasining «Yakka tartibdagi poyga», «Ta’qib qilish bilan poyga», «Otish» hamda «Jamoaviy poyga» shartlarini o‘z ichiga olgan musobaqada o‘zbekistonlik harbiylar ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Rossiya Federatsiyasining Tuva Respublikasida hamda Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tgan «Otliq marafon» musobaqasida"Uzoq masofaga otliq marafon uyushtirish" va «Aralash estafeta» shartlarini bajargan O‘zbekiston jamoasi Rossiya bilan birga faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin mezbon davlat — Mo‘g‘uliston jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni zimbabvelik harbiy xizmatchilar band etishdi.

Shuningdek, «Desant vzvodi», «Elbrus halqasi», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Qutb yulduzi», «Qo‘shinlar razvedkachisi a’lochisi» musobaqalarida ham O‘zbekiston harbiylari 2-o‘rinlarni egallab, kumush medallarga sazovor bo‘ldi. «Avtozirhli tank-texnika ustasi», «Armiya taktik o‘qchisi», «Meridian», «Sayan yurishi» va «Professional mergan» musobalarini uchinchi o‘rin bilan yakunladi.


2022 yilgi Armiya o‘yinlarida Yevropa, Osiyo, Afrika va birinchi marta Janubiy Amerikadan jami 34 davlatning 260 dan ortiq jamoasi ishtirok etdi. Eng ko‘p vakillik qilgan jamoalar Belarus, O‘zbekiston, Eron, Armaniston va Xitoy tomonidan taqdim etildi. Ishtirokchilarning umumiy soni 5 ming kishidan oshdi. Harbiy mutaxassislar tanlovida ilk bor Boliviya va Ruanda ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilgi o‘yinlarda O‘zbekiston harbiylari 24 yo‘nalish bo‘yicha 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan edi.

Foto