Assalomu alaykum. Mening ismim Zarif Ibragimov. Men 1994 yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilganman. Matematika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bosqichini O‘zbekistonda o‘qib, magistraturani Germaniyaning Kil universitetida tamomlaganman. Hozirda Shveysariyaning Bern universiteti doktoranti hisoblanaman. «Gazeta.uz» tahririyatining «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet eldagi hayot tarzim, nega xorijiy ta’limni tanlaganim, hozirga qadar boshimdan o‘tkazgan qiyinchiliklarim va sinovlarim haqida aytib beraman.

Maktabga borish davridan to xorijga kelishga qadar ota-onamning ish faoliyati sabab Samarqand viloyatida yashaganmiz. U yerda 7-sinfgacha oddiy maktabda o‘qib, keyinchalik fizika-matematikaga ixtisoslashgan maktabda o‘qishni davom ettirganman. Yoshligimdan oilaviy muhit sabab, aka-opalarim ortidan men ham matematikaga qiziqib qolganman. Oilada 4 nafar o‘g‘il farzand bo‘lsak, har birimiz xalqaro yoki respublika miqyosidagi olimpiadalar sovrindori bo‘lganmiz.

Men tahsil olgan ixtisoslashtirilgan maktab 7-sinfdan keyin bolalarni imtihon asosida tanlab oladi. Ahamiyatlisi, 9-sinfgacha menda asosiy qiziqish tarix faniga bo‘lgan. Mana shu fanda tarixchi emas-u, lekin huquqshunosmi yoki boshqa, xullas shu yo‘nalishda o‘zimning kelajagimni ko‘rmoqchi bo‘lganman.

9-sinfga kelib, matematika bo‘yicha Samarqand viloyat olimpiadasida 1-o‘rinni olgandim. Matematikaga kirib kelishim shu voqeadan keyin boshlandi. Undan keyin Iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litseyda 3 yil o‘qiganman. Litsey xalqaro olimpiadalarga tayyorlanish uchun yaxshi sharoit yaratib bergan. Yaxshi jamoa bor edi. Buning natijasida 2010−2012 yillarda matematikadan xalqaro olimpiadalarga qatnashuvchilarning terma jamoasi tarkibiga kirdim. Xususan, 2010 yilda Qozog‘istonning Astana shahrida matematika bo‘yicha o‘tgan 51-xalqaro olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritdim. Keyinchalik oliy ta’limning bakalavr bosqichida Samarqand davlat universitetining Mexanika-matematika fakultetida matematika yo‘nalishini tamomlaganman.

Magistraturani xorijda o‘qishimga akam sababchi bo‘lgan

Chet eldagi ta’lim menda magistratura uchun Germaniyaning Kil shahridagi universitetda boshlangan. U yerda moliyaviy matematika yo‘nalishida ta’limni davom ettirganman.

Birinchi marta xorijga chiqishimga, 2010 yilda litseyda o‘qib yurgan vaqtim Qozog‘istondagi xalqaro olimpiada sabab bo‘lgan. O‘shanda raqobat barobarida xorijliklar bilan tanishish, olimpiada qatnashuvchilari bilan uchrashish imkoni bo‘lgan. Olimpiadalarda ko‘p holat bo‘ladi: har xil universitetlar mutaxassislari musobaqalarda o‘zlariga kadr yig‘ib yurishadi. O‘shanda germaniyalik bir mutaxassis bilan tanishib qolganman. Shundan keyin 2011 yilda Amsterdamga (Niderlandiya) xalqaro olimpiadaga kelganimda xorijda o‘qish haqida ilk takliflarni olganman.

2012 yilda esa Fransiyaning Lion shahrida xalqaro matematiklar uchun yozgi maktab bo‘lib o‘tdi va u yerda dunyoning ko‘zga ko‘ringan matematiklari, Filds medali (matematiklarning Nobel mukofoti) sovrindorlari bizga ma’ruzalar o‘tishdi.

Xorijda o‘qish bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘sha vaqtda olganmiz. Qolaversa, qo‘shimcha takliflar ham berishgan. Lekin bir nechta sabablarga ko‘ra, ularni rad etdim. Bakalavrni baribir Samarqandda o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Olgan bilim va yutuqlar bilan chet elga o‘qishga ketish ehtimoli yuqori edi. Lekin til oldimdagi to‘siq bo‘lgan. Bu ham bir sabab edi.

3-kursni tamomlaganimda prezident stipendiyasini olganman. Bu O‘zbekistonning o‘zida istalgan OTMning magistratura bosqichiga imtihonsiz o‘qishga kirish imkonini berardi. Keyinchalik, hukumat o‘zgargach, o‘qish bo‘yicha sharoitlar ham o‘zgardi. Shundan so‘ng, chetga borish, tajriba o‘rganish xohishi paydo bo‘ldi. Magistraturaga ketishimga esa akam sababchi bo‘lgan, negaki, ular xorijda o‘qigan va ishlayotgan edilar. Shundan so‘ng, Germaniyaning Kil universitetiga o‘qish uchun ketdim.

Foto: Zarif Ibragimovning shaxsiy arxividan.

Germaniyada moliyaviy matematika yo‘nalishida o‘qiganim sabab darslar to‘liq ingliz tilida bo‘lgan. Nemis tilini bilish talabi qo‘yilmagan. Kelishdan oldin IELTS`dan 6,5 ball olgandim. Odatda (o‘sha vaqtda) magistraturaga kirish uchun kamida 6 ball so‘ralardi. Avvaldan qo‘shimcha darslarga borib yurganim hisobiga 6 oyda 6,5 ball olganman. Bu yerga kelgandan keyin so‘zlashishda qiyinchilik bo‘lgan. Imtihonga tayyorlanish boshqa, real hayotda suhbatlashib yurish boshqa ekan.

«OTMni bir kompaniya deb oladigan bo‘lsak, talaba unga mijoz. Bunda do‘stona munosabat bo‘lishi kerak».

Mening sohaga qiziqib qolishim tarixi uzunroq. 2007−2008 yilda dunyoda yuz bergan iqtisodiy inqiroz natijasida moliyaviy matematik, menejerlarga e’tibor oshib, yanada ko‘plab universitetlarda bunday dasturlar paydo bo‘lgan.

Odatda zamonaviy universitetlarda biznikidan farqli ravishda veb-saytlari «updated» ishlaydi. Ya’ni, OTM haqidagi xabarlar yangilanib boradi, o‘z vaqtida beriladi. Onlayn hujjat topshiruvchilar uchun kerakli ma’lumotlar joylanadi. Talab qilinadigan hujjatlar aniq ko‘rsatiladi.

Qolaversa, bu davlatlar ta’lim tizimida fundamental farqlar bor desam, xato bo‘lmasa kerak. Kil universitetida Moliyaviy matematika yo‘nalishida yoki Shveysariyadagi Bern universitetida «Numerical Mathematics» (Hisoblash matematikasi) yo‘nalishida PhD yoqlayotgan bo‘lsam, har ikkalasida ham «teaching assistent» bo‘lganman. Sohada magistratura talabalari yaxshi o‘qiyotgan bo‘lsa, bakalavr talabalariga amaliyot darslarini o‘tishi mumkin. Ma’ruzalarni esa professor o‘qituvchilar o‘tadi. Germaniyaning Kil universitetida ham, Shveysariyaning Bern universitetida ham shunday edi. Doktorantlar, tabiiyki, dars o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu bizning vazifalarimizga kiradi.

Teaching assistentship- eng asosiysi, CV uchun yaxshi foyda keltiradi. Bu ishni bajaryapsizmi, demak, siz universitetning top talabalaridan bo‘lasiz. Qolaversa, bilimlar mustahkamlanadi, tajriba orttiriladi.

Bundan tashqari, bu yerda hamma talabalar va o‘qituvchilar do‘stona munosabatda. Ular bir-biriga bo‘ysunishga majbur emas. Menimcha ham shunday bo‘lishi kerak. Chunki OTMni bir kompaniya deb oladigan bo‘lsak, talaba unga mijoz. Mana shu narsa ham bizdan farq qiladi deb o‘ylayman.

Lekin men bu yerdagi to‘liq tizimni biznikidan yaxshi, bizda yomon deyishdan yiroqman. Yana bir asosiy farqi, ilmiy ishlar masalasi. O‘zbekistonda ilmiy ishlar dunyo bilan hamohang ketmayapti. Dunyo bilan raqobat masalasi orqada.

Umuman, tashkiliy farqlarga kelsak, bu yerdagi maktablar (kollej, litsey ham ular qatoriga kiradi) bilan oliygohlar va O‘zbekistondagi tizim o‘rtasida uncha katta farq ko‘rmayman.

Foto: Zarif Ibragimovning shaxsiy arxividan.

Xorijdagi OTMga hujjat topshirish uchun deadline`lardan ancha oldin harakat qilish lozim

Xorijga o‘qishga ketish uchun avvalo, yo‘nalishni aniqlab olish kerak. Keyin qaysi hududlarga borishni ma’qul ko‘rasiz: AQSh, Yevropa yoki Osiyo mamlakatlari. Bunda eng oson yo‘li — internetga kirib, yo‘nalish bo‘yicha qidiruv berish va ma’lumotlar olishdir.

Qolaversa, boshqa davlatdan bo‘lganingiz uchun hujjatlaringizni o‘tish yoki o‘tmasligi masalasi bor. Misol uchun, bakalavrda o‘qish uchun chet elga ketayotgan odamning maktab yoki boshqa muassasani bitirganlik diplomi yoki attestatsiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tadimi yoki yo‘q, mana buni albatta, surishtirib ko‘rish kerak. Misol uchun, tibbiyot, huquqshunoslik va boshqa shu kabi nozik sohalar bor. Bu yo‘nalishlarning diplomlari odatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmaydi. Chunki hamma davlatning ham o‘ziga yarasha tibbiyot sohasi va qonunlari mavjud.

Germaniyaga bakalavr uchun o‘qishga kelayotganlar yaxshi biladi: O‘zbekistonning maktab attestatlari Germaniyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinmaydi. Buning uchun avval bir yillik kursni tamomlab keyin o‘qishga topshirishga to‘g‘ri keladi.

Umuman olganda, barchasini rejalashtirish, «deadline» (belgilangan so‘nggi muddat)lardan ancha oldin harakat qilish lozim. Masalan, deylik, sentabrda magistraturada o‘qishni boshlamoqchisiz. Buning uchun bir yil oldin — sentabr oyida harakatni boshlashingiz kerak. Shu vaqt ichida IELTS va boshqa hujjatlarni tayyor qilib, ularni topshirish harakatida bo‘lishingiz darkor.

Misol uchun, odatda Germaniyadagi universitetlarda oktabr oyigacha birinchi qabul bo‘ladi. Birinchi o‘zlariga kerakli bo‘lgan talabalarni dekabrga qadar saralab olishadi, undan so‘ng, «yana qancha talaba olishimiz mumkin?», deb aniqlashtirishadi. Bahorda ikkinchi qabul bo‘lib o‘tadi. Agarda siz birinchi qabulda topshirgan bo‘lsangiz, qabul qilinish imkoniyatingiz oshadi. Agar iloji bo‘lmasa, bahorda topshirishingiz kerak. Aks holda, omad kulib boqmaydi, bu yerda istisno holatlari ham bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, talabgor xorijdan bo‘lgani uchun boshqa hujjatlar ham talab etiladi. Universitet sizga taklif xati yuboradi, unga qo‘shib siz VISA`ga hujjat topshirishingiz kerak. Veb-saytda «biz uch haftada sizning hujjatingizni ko‘rib chiqamiz» deyilishi mumkin, biroq bu vaqtda VISA beriladi degani emas. Yana qo‘shimcha ma’lumot so‘rashlari ehtimoli ham yo‘q emas. Shuningdek, universitet elchixona bilan gaplashadi. Bu ko‘proq vaqt olishi mumkin.

Shuning uchun vaqtidan ilgariroq harakat qilish talab etiladi. Biror-bir grand yoki stipendiya asosida o‘qishni istaganlar ayniqsa, ertaroq otni qamchilashi kerak.

Mening fikrimcha, har bir sohaning mutaxassisi aynan o‘zining sohasida qolishi kerak. Masalan, bir kuchli matematik poydevori bo‘lsa-yu, ilmiy ish qilishga layoqati bo‘lmasa, ayrim sabablarga ko‘ra, boshqa sohaga o‘tib qolishi kerak emas. Sharoit sababli «Matematik bo‘lsam, qayergacha boraman? Nima qilaman?» degan savolning dastidan juda kuchli kadr bo‘lish potensialiga ega bo‘la turib, boshqa yo‘nalishga o‘qishga kirib ketganlarni ko‘p kuzatganmiz.

Hammasi vaqt o‘tishi bilan o‘z o‘rniga tushadi

Xorijga kelganimdan keyin eng qiyini o‘qish emas, balki yashash masalasi bo‘ldi. Xorijda mentalitet, muhit boshqa. Buni hech qursa, O‘zbekistonda yashab turib, boshqa shaharga ketganlar yaxshi tushunadi.

Xorijga kelgach, joy topishingiz, hayotni o‘ziga yarasha bir maromda yo‘lga qo‘yib olishingiz kerak. Bundan tashqari, til masalasi ham bor. O‘qishdagi domlalar ham har xil ohang va talaffuzda so‘zlashadi. O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilarinikiga hech ham o‘xshamaydi. Tushunish qiyin bo‘ladi, ular bilan erkin muloqot qilishning o‘ziga 1−2 oy ketib qolishi mumkin. Bular ham vaqt o‘tishi bilan o‘rniga tushadi.

Daromad va o‘zingizni ta’minlash

Germaniyaga o‘qishga kelishda sizdan VISA berilishidan oldin shu davlatdagi bankda 1 yillik hisob raqamini ochish va pul qo‘yishni talab qilishadi. Bunda 1 oylik minimal pul miqdori 800 yevrodan ziyodroq bo‘lishi kerak. Siz pulni bankka qo‘yasiz va bloklaysiz. Bank har oy sizga shu pulni berib turadi, ya’ni, bu VISA uchun kafolat. Yoki Germaniyaning qaysidir grantiga ega bo‘lishingiz kerak.

Masalan, men «Deutschlandstipendium» dasturi g‘olibi bo‘lganman. Unda oyiga 300 yevro stipendiya berishardi. Tabiiyki, bu bilan 1 oy yashab bo‘lmaydi. Shu sabab birinchi semestr davomida qolgan xarajatlarimni o‘zimning hisobimdan qoplaganman. Ikkinchi semestrdan boshlab assistentlikdan daromad topganman. Birinchi oyligimni 2018 yilning mart oylarida olgandim — 500 yevro bo‘lgan.

Chetga ketgunimga qadar O‘zbekistonda tyutorlik qilardim. Daromadim Germaniyadagidan 2−3 baravar ko‘p edi. Bu yerga kelib, boshida qaytanga daromad masalasida pastga tushganmiz (kuladi). Darslarni esa hozir ham onlayn tarzda davom ettiryapman.

Foto: Zarif Ibragimovning shaxsiy arxividan.

Germaniyani ko‘rdik, Why not Switzerland?

PhD yoqlashni istagan talabada har doim ham magistraturadan so‘ng mos variant bo‘lmasligi mumkin. 2018 yilning bahorida Berlindagi TTMZero nomli kompaniyada 1 yillik stajirovka o‘taganman. Bu yerda to‘liq rejimda ishlaganman. Yil davomida universitetdagi oxirgi semestrda o‘qish bo‘yicha tezisni ilmiy rahbarim bilan aloqada bo‘lib turib, o‘zim yozganman. Yakunlagach, PhD`ni yoqlash niyatim bo‘lgani uchun yo‘nalishimga yaqin sohalardagi pozitsiyalarni qidira boshlaganman. Germaniyaning o‘zida qolsam ham bo‘lardi. Lekin atrofdagi qancha ko‘p pozitsiyalarga hujjat topshirsangiz sizda shuncha ko‘p qabul qilinish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu sababli men Shveysariyaning Bern universitetini tanlaganman. Begona emas, o‘zimizdan ham u yerda ishlaydigan, yoshi katta, tajribali mutaxassislar bo‘lgan.

Qolaversa, bir kun baribir O‘zbekistonga qaytib ketaman. Germaniyani ko‘rdik, endi «Why not Switzerland? (Nima uchun Shveysariya ham emas?)» deydi-ku (kuladi). Bu yerni ham ko‘raylik, o‘rganaylik degan ma’noda kelganman.

Gender tenglik masalasida ham o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, Bern univeristetidagi gender taqsimotida talaba ayollar ko‘p, lekin daraja yuqorilagan sari ular ancha kamayib ketgan. Va bunga bir nechta sabablar bor deb o‘ylayman:

  • Akademiyada erkaklar soni ko‘proq. Chunki o‘qishni bitirganlarga ish topish uchun tanlov yuqori. Masalan, akademiyada qolishdan tashqari, sanoat sohasi, bank, kompaniyalar yoki firmalarga ishga o‘tish imkoniyati ko‘proq.
  • Boshqa sohadagi ish akademiyadan farq qiladi. U yerda ma’lum faoliyat bilan band bo‘lasiz. Akademiyada esa ilmiy ish qilish lozim, buning uchun esa sohada yaxshi fundamental bilim talab etiladi. Qaysidir ma’noda bu ko‘plarga zerikarli tuyulishi mumkin. Shu sababli ayollarning o‘zi boshqa yo‘lni tanlaydi. Qolaversa, bunga akademiyada ish o‘rni kamligini ham qo‘shish mumkin. Hozir esa uni ko‘paytirishga harakat qilinyapti.
  • Bundan tashqari, oila masalasi ham sabab bo‘lishi mumkin. Lekin uning hissasi boshqa sabablarga qaraganda kamroq. Bu yerdagi mentalitetga ko‘ra, oila rivojiga erkak va ayol teng hissa qo‘shadi. Faqat oila sabab ish va karerani o‘zgartirish holatlari kam uchraydi.

Ha aytgancha, PhD yoqlayotganimga 2 yildan oshgan bo‘lsa, hali akademiyada boshqa biror o‘zbekni uchratmadim. Balki, bordir. Lekin hali meni yo‘limda uchramadi. Faqat uyda o‘zbekcha gaplashaman (kuladi).

Xorijga kelganimdan so‘ng, nimadir sabab bo‘lib, ertagayoq O‘zbekistonga qaytaman degan holatlar, shaxsan menda bo‘lmagan. Chunki, kelishimdan oldin o‘z oldimga aniq maqsad — o‘z yo‘nalishimda malakamni oshirish, qolaversa, bor bilimlarni jamlab, vatanga olib qaytish bo‘lgan. Oila sog‘inchi esa butun boshli, alohida mavzu.

Qolaversa, ko‘pchilik xorijga kelgach maqsadlari o‘zgarganini ta’kidlaydi. Menda reja va maqsadlar umuman o‘zgarmagan.

Foto: Zarif Ibragimovning shaxsiy arxividan.

Ko‘pchilikdan xorijga ketishda oila a’zolarining rozilik bermasligi to‘sqinlik qilishi haqida eshitganmiz. Shaxsan biz oila a’zolarim, ota-onamga reja va maqsadlarimizni to‘g‘ri tushuntirib berolganmiz, shu sababli bu qarorimizni qabul qila olishgan. Biroq «qaytib kelish» talabi bilan. Yaqinlarim chet elda o‘qish maqsadimga — yutuq sifatida qarashgan. Hozirda bu yerda oilam bilan yashayman. Bir nafar farzandim bor.

— Nasib bo‘lsa, PhD`ni tamomlagandan so‘ng, albatta, O‘zbekistonga qaytaman. Aytishadi-ku:

Otam o‘sgan tuproq bu, onam o‘sgan tuproq bu

Ko‘zga surtay gardini, bolam o‘sgan tuproq bu.

Mening shaxsiy fikrim, har bir insonning ma’lum bir xalqning vakili bo‘lib tug‘ilishidan bitta ma’no bo‘lsa kerak. Bu yerda qolib yashashga sabablar ko‘p. Lekin «yaxshiroq sharoit»ni ko‘rib, butun umrni chet elda o‘tkazishga — umr qisqalik qiladi.

Qolaversa, yoshlik chog‘imdan shu sohaga qiziqqanim uchunmi, 16−17 yoshimizdan dars o‘tishni boshlaganman, va bu menga juda yoqadi. Chet elga kelgan bo‘lsak ham «doskaning oldida auditoriyaga qarab turish» qobiliyati haliyam bor. Kelajakda albatta, xalqqa qaysi sohada eng ko‘p foydamiz tegsa, shu sohada ishni davom ettiramiz. Hozir aniq kelajakni aytish qiyin, lekin, pedagog sifatida foydam ko‘p tegsa, shu yo‘nalishda ketaman.

Xalqaro olimpiadalar haqida

Endi xalqaro matematika olimpiadasi va unga tayyorlanish jarayonlariga to‘xtalsam. Umuman, matematika yo‘nalishini tanlagan bola tayyorlanishni ertaroq boshlashi kerak. Har bir fandan olimpiada maktab darsligidan tashqari boshqa ma’lumotlarni o‘rganib, o‘z ustida ishlashni talab etadi.

Milliy terma jamoa safida olimpiadalarga tayyorlanish va borish bizning vaqtimizda ham davlat tomonidan qoplanardi. Lekin shunday vaqtlar bo‘lib qolardi-ki, ayrim yillarda shuncha tayyorgarlik ko‘rilgan vaqtda ham qaysidir sabablarga ko‘ra olimpiadaga borolmasdik. Hozir bunday holatlar yo‘q. Avval davlat bir yilda bitta olimpiada xarajatini qoplab bergan bo‘lsa, hozir bir nechta olimpiadalar uchun mablag‘ ajratyapti, imkoniyat yaratib beryapti. Masalan, hozir tayyorgarlik ham puxtalashdi. Xorijdan mutaxassislar chaqirilyapti. Ularning ishtirokida maxsus treninglar o‘tkazilyapti. Agar sovrindor bo‘lsa, imtiyozlar avval ham bo‘lgankuya, masalaning asosiy tomoni bo‘lmasa ham moliyaviy mukofotlar berilyapti. Bu bolalarni qiziqtiradi. Shuning uchun umumiy taqqoslaganda hozir imkoniyatlar anchayin yaxshi.

Ko‘pchilik O‘zbekistonda matematika fanini o‘qitish bo‘yicha qaysi hududlar kuchli ekanligiga qiziqadi va o‘sha yerga farzandini yuborib o‘qitadiganlar ham topiladi. Mening o‘zim Samarqand maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lsam ham, xalqaro olimpiadachi bo‘lib yetishish uchun eng yaxshi sharoitlar Toshkent shahri va Buxoroda. Undan keyin Samarqand va Farg‘ona, Xorazm matematika maktablari ham shular qatorida. Umuman bu fikrimga boshqa matematiklar qo‘shilsa kerak.

Poytaxtni kiritganim sababi, ko‘pchilik yaxshi kadrlar Toshkentga borib o‘qishadi. Shu sababli ular poytaxt nomidan chiqadi.

Matematika bo‘yicha ta’lim beruvchi pedagoglar orasida chet elda malaka oshirganlar bo‘lmasa kerak. Menimcha, ularning barchasi mahalliy mutaxassislar. Sababi, mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik paytlaridan boshlab va undan oldin ham Xorazm, Buxoro, Samarqand maktablari matematika, fizika yo‘nalishida kuchliroq bo‘lgan. Hozirgi o‘qituvchilar shuning qolgani va davomi deb o‘ylayman.

Matematikaning foydasi bo‘lsa borki, zarari yo‘q. Shuning uchun ham boshqa fanlarni bilmadim-ku, lekin OTMlarga kirish testlarida matematika fani majburiy qilib qo‘yilganini qo‘llab-quvvatlayman. Menimcha, bu fanning qo‘shilishida jahon tajribasi o‘rganilgan. To‘g‘ri, butunlay ko‘chirib olish, yaxshi emas, lekin, o‘ylashimcha, bu aynan matematikani bilish kerak, majbur degan ma’noda qo‘shilmagan.

Insonda IQ (intellekt koeffitsiyenti), bilim darajasini aniqlaydigan faktorlar bor. Masalan, ota-ona bolasini yoshlikdan «matematik bo‘lsin!» deb mental arifmetikaga bermaydi. Bundan maqsad bolaning fikrlash, o‘ylash qobiliyatini shakllantirish va tezlashtirishdan iborat.

Testga ham shunday qarash kerak. Aytishadiku, «matematikani yaxshi o‘qigan bola qolgan yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga qiynalmaydi», deb. Ya’ni, «matematika senga kelajakda kerak bo‘ladi» ma’nosida emas, fikrlash qobiliyatini oshirishda yordam bergani uchun, «shunga ham e’tibor bersin» ma’nosida qo‘yilgan deb o‘ylayman.

Foto: Zarif Ibragimovning shaxsiy arxividan.

E’tiborlisi, matematika yo‘nalishidagi mutaxassislarga Nobel mukofoti berilmaydi. Bunga ayrim: «Nobelning o‘zi yoqtirgan insoni matematikka turmushga chiqib ketgani uchun bu sohadagilarga berishni istamagan», degan hazilomus fikrlarni eshitganman. Lekin buning aniq asosiy sababini bilmayman.

Yuqoridagi gapda ham jon bor yoki yo‘qligini ham bilmayman. Sohada eng katta sovrin bu «The Fields Medal» hisoblanadi. U faqat sanoqli kishilarga beriladi. Bu xuddi sizning tanishlaringiz orasida biror sportda olimpiada chempionlari kam uchragani kabi sanoqli.

Agar mendan «siz uchun hayotdagi eng katta aksioma (isbotsiz fakt) nima?» deb so‘rasangiz quyidagicha javob bergan bo‘lardim:

  • Qadriyatlardan voz kechmaslik, o‘zligini yo‘qotmaslik kerak.
  • Men ko‘rgan hozirgi Germaniya yoki Shveysariyani hozirgi yoshlar qurgani yo‘q.
  • Rivojlangan davlat bo‘lish uchun badal to‘lash kerak.
  • Vaqt chegaralangan.

«Surish kerak» deguvchilarga

Shaxsiy fikrim shundan iboratki, «odam bo‘lmaymiz», «surish kerak» deguvchilar chetga ketgani bilan ushbu muammo yechilib qolmaydi. Ya’ni, rivojlangan davlat bo‘lishning o‘ziga yarasha badali bor. Bu badalni xalq sifatida to‘lash kerak. Davlatlar o‘zidan-o‘zi rivojlanib qolmaydi-ku, bunda ham o‘ziga yarasha bosqichlar mavjud. Masalan, hozirgi Germaniyani yoki Shveysariyani hozirgi yoshlar qurmagan. Uni bilish uchun o‘rta yosh vakillarining suhbatini olish, tarixiy vaziyatlarni tahlil qilish kerak.

Bundan tashqari, til bilib boshqa davlatlarga borib, yangi narsalarni o‘rganish yaxshi. Faqatgina o‘zimizning jamiyatdan chiqmay turib, rivojlanish qiyin masala. Eng asosiysi — aniq maqsad bilan chetga ketish va albatta ortga qaytish kerak!