O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni yangilangan O‘zbekiston Milliy bog‘iga tashrif buyurdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Bog‘ni avgust oyi o‘rtalarida ochish rejalashtirilgan edi, ammo bu sana keyinga qoldirildi.

U 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, ko‘p yillar aholining eng sevimli maskani bo‘lgan, deya eslatadi matbuot xizmati. Besh yil oldin, 2017 yilning kuzida bog‘ning plyajli katta ko‘l hamda Bolalar temir yo‘lini o‘z ichiga olgan qismi hukumat qarori bilan rekonstruksiya qilish uchun yopildi.

2021 yilning iyunida, bog‘ning ilgari darvoza bo‘lgan qismida do‘konlari bo‘lgan Magic City ko‘ngilochar bog‘i ochildi. Ko‘lning bir qismini favvora egallagan.

«Prezidentimiz bu bog‘ning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy an’analarimizga xos muhit yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu asosida 14 gektardan ziyod hududda katta ishlar bajarildi. Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilandi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘l tiklandi», — deyiladi xabarda.

Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizildi. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi.

Shavkat Mirziyoyev rahbari shu yerda nuroniylar, adabiyot va san’at namoyandalari bilan ham suhbatlashdi. Ularni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu bog‘ning ahamiyati haqida gapirdi.

«Bugun shaharlarimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar yaxshi. Lekin qadriyatlarimizni e’zozlash, xotira ham kerak. Ilgari bu bog‘ Toshkentning eng mashhur joyi bo‘lgan, o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan. Odamlar bu yerga kelib sayr qilgan, ijodkorlar tabiatdan zavq, ilhom olgan. Talabalar, yoshlarning eng zavqli damlari shu yerda o‘tardi. Bu tarixni hozirgi kun bilan hamohang qilishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Milliy bog‘da mazmunli dam olish uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Oila yoki do‘stlar davrasida sayr qilish, ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis o‘ynash, velosiped haydash mumkin.

«Hammamiz o‘sha mashhur kinolarimizdagi „Go‘zal Toshkent“ kabi kuy-qo‘shiqlarni, hofizlarimiz ijro etgan ashulalarni yaxshi bilamiz, ular qalbimizdan chuqur joy olgan, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shuning uchun bu bog‘da ana shunday taronalar doimo yangrab turishiga e’tibor berdik. O‘ylaymanki, bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar o‘tkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiq. Bular bog‘imizni yanada fayzli va tarovatli qiladi».


Foto