Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonovning ta’kidlashicha, «No Photo, No Video» muammosi O‘zbekiston ijtimoiy hayotidan allaqachon yo‘qolib ketgan bo‘lishi kerak edi, ammo u qayta va yana qayta yuzaga kelmoqda. U bu haqda BBC jurnalisti Avaz Tohirovning Toshkent markazidagi Mustaqillik maydoni va «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida suratga olish taqiqlangani haqidagi maqolasiga javoban yozib qoldirdi.

Jurnalist «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida suratga olishni taqiqlovchi belgilar yo‘qligiga qaramasdan, unga suratga olish mumkinmasligini aytishgani va xattoki, undan yozma ruxsatnoma talab qilishganini ham qayd etdi. Mustaqillik maydonida esa jurnalist bayram arafasida tayyorlanayotgan material uchun surat olishga uringan, biroq, boshqa turistlar rasmga olayotgan bo‘lsa-da, unga bu ishni qilishga ruxsat berishmagan.

«O‘ylab qoldim — xorijiy muxbirning akkreditatsiya hujjati ishlashimizga ruxsat berildi, deb o‘zini ovuntirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bir parcha qog‘ozdir balki? Eng qizig‘i maydonda bir guruh turistlar qo‘lida kamera bilan istagancha suratga olib yuribdi. Turist bo‘lsang, hamma narsa mumkin, akkreditatsiyalik muxbir bo‘lsang — „sur bo‘ttan“. Oddiy fuqarolarning erkinlik bilan bog‘liq ahvolini tasavvur qilaveramiz endi», — deya ta’kidladi jurnalist.

Komil Allamjonov postida suratga olish taqiqlanishini tartibga soluvchi biror bir hujjat yo‘qligini, mamlakatning ochiqlik siyosatiga zid bo‘lgan, ayrim o‘zboshimchalik bilan joriy qilingan taqiqlar jamiyatga zarar keltirishi muqarrarligini yozib qoldirgan.

«Agar Vazirlar Mahkamasining suratga olishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori bo‘lmasa, barcha idoralar xodimlariga bunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida ko‘rsatma berishi kerak», — dedi u.

«Butun dunyoda, agar taqiq bo‘lmasa, demak ruxsat berilganligi nazarda tutiladi. Qonun bilan suratga olish taqiqlangan obyektlar ro‘yxati mavjud. Qolgan hamma joylarda — fotograflar, sayyohlar uchun ham, O‘zbekiston fuqarolari uchun ham, to‘liq erkinlik ta’minlanishi zarur», — deya qo‘shimcha qildi prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari.

«Gazeta.uz» ham suratga olishni taqiqlashning ma’nosizligi haqida ko‘p marta yozgan, O‘zbekiston aholisi bu muammoga duch kelishda davom etmoqda. 2018 yildan boshlab mamlakatda jamoat joylarida (rasmiy faqat — turistlar uchun), shu jumladan, Toshkent teleminorasi va metroda bepul suratga olishga rasman ruxsat berildi. Biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari, turli muassasa va qurilish obektlarining qo‘riqchilari hamon buni taqiqlab kelmoqda.

Bu nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham kuzatilmoqda. Masalan, Nukusda ko‘p yillardan buyon Jo‘qorg‘i Kenges binosini suratga olish taqiqlangan («Gazeta.uz» jurnalistlari bu taqiq bilan shaxsan bir necha bor ro‘baro kelishgan).

Aeroportda va «O‘zbekiston havo yo‘llari»da samolyotlarida suratga olish rasman taqiqlangan. Shunga qaramasdan, yanvar oyidan boshlab mamlakatda aviaspotting qonuniylashtirildi.