27 avgust kuni ertalab Qozog‘istonning Turkiston viloyatida Toshkent-Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi yo‘lovchi avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi.

YTH haqidagi xabar ertalab soat 7:18 atrofida Tulkibas tumani IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan militsiya xodimlari Shakpak qishlog‘i yaqinidagi 601-kilometr chorrahasida O‘zbekiston kompaniyasining avtobusi yo‘ldan chiqib ketganini aniqladi.

«Kabinada chet el fuqarolari bor edi. Hodisa oqibatida 12 kishi tan jarohati olib, eng yaqin shifoxonaga yotqizildi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtobus 26 avgust kuni soat 22:00 da «Toshkent» avtovokzalidan ikki nafar haydovchi va 47 nafar yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining aniqlik kiritishicha, Qozog‘istonning Turkiston viloyatida «Toshkent-Bishkek» yo‘nalishidagi avtobus halokatida jabrlangan 12 kishining 5 nafari O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Bular D.I. (1946 yilda tug‘ilgan), T.D. (1986 y.t.), J.J .(2000 y.t.), E.S. (1986 y.t.) va T.T. (1998 y.t.). Vaziyat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Qozog‘istondagi vakili va O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulligining mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashesi nazoratida ekanligini qo‘shimcha qilindi.

Mazkur holat Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345-moddasi 2-qismi — ehtiyotsizlik oqibatida inson salomatligiga og‘ir zarar yetkazgan holda yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish sifatida ro‘yxatga olingan. Hodisa tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Ekspertizalar tayinlangan.