2022 yilda OTMga kirish uchun test topshirgan jami abituriyentlarning yarmidan ko‘pi o‘tish balini to‘play olmagani ma’lum bo‘lgach, Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazi bitiruvchilarning natijalarini qiyosiy tahlil qildi. Bu haqda XTV rahbarining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev o‘zining Telegram sahifasida xabar berdi.

O‘rtacha ball haqida

2022 yilda jami abituriyentlarning o‘rtacha bali 65 ni, aynan joriy yilda maktabni bitirganlarning ko‘rsatkichi esa 76 ballni tashkil etdi:

  • 2020 yilda maktab bitiruvchilari o‘rtacha 70 ball
  • 2021 yilda esa 74 ballni to‘play olgan.

Ya’ni, 2 yil ichida maktab bitiruvchilarining o‘rtacha natijalari 9 foizga yoki 6 ballga yuqorilagan, deya izohlamoqda vazirlik vakili.

Yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar (142 balldan ortiq)

Joriy yilda 32 ming nafar yuqori natija qayd etgan abituriyentning 65 foizi (salkam 20 ming nafar) aynan 2022 yilda maktabni bitirgan.

2021 yilda yuqori natija ko‘rsatgan 29 ming nafar abituriyentlarning 53 foizi (salkam 15 ming nafari) maktabni test o‘tkazilgan yilda bitirgan.

«Umuman olganda esa, 142 balldan ortiq to‘play olgan maktab bitiruvchilarining salmog‘i ham soni yildan-yilga oshmoqda — 2021 yilda 5 foiz, 2022 yilda esa 7 foiz», — deyiladi xabarda.

O‘tish balidan (56 ball) past natija ko‘rsatgan abituriyentlar

O‘tish balini to‘play olmagan 514 624 nafar abituriyent ichida 108 ming nafari, ya’ni har besh nafardan biri bu yil maktabni tamomlagan.

Vazilik tahliliga ko‘ra, oxirgi 2 yilda o‘tish balini to‘play olmagan maktab bitiruvchilari salmog‘i pasaygan. 2020 yilda jami maktab bitiruvchisining 43 foizi o‘tish balidan past natija qayd etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etdi.

O‘z o‘rnida vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev maktab ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning ko‘lami keng ekanligini ham tan oldi.

Unga ko‘ra, hozirda maktab ta’limiga yangi zamonaviy metodikalarni olib kirish, pedagoglarning bilimini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar boshlangan. U maktab ta’limi sifatini oshirishda barchani, jamoatchilik vakillari, pedagoglar va ayniqsa ota-onalarni faol bo‘lishga chaqirdi.