Hamkasbini pichoqlab qo‘ygan Madaniyat vazirligining sobiq xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

8 aprel kuni vazirlik xodimlari iftorlik uchun Olmazor tumani Taxtapul darvoza ko‘chasidagi choyxonada yig‘ilgan. Shu vaqtda Madaniyat vazirligining sport targ‘ibot kasaba uyushmasi raisi lavozimida ishlagan 38 yoshli shaxs va uning hamkasbi aktyor Farhod Badalov o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

«Ishxonada tadbirlar uyushtirib turardim-da. O‘sha vaqtda kimdir rahbariyatdan odam keldi, dedi. Shuni kutvogani chiqib ketayotganimda, [sudlanuvchi] uyat gaplar bilan so‘kinib, bir-ikki marta urvordi», — dedi jabrlanuvchi.

Fuqaro hamkasbini qasddan o‘ldirish maqsadida oshxonadan pichoq olib chiqqan va chap ko‘krak qafasiga tan jarohati yetkazgan. Atrofdagilar ularni ajratib olishgan. Fuqaro bu vaqtda o‘zini yo‘qotib qo‘ygani, pichoqni qanday olganini ham bilmay qolganini aytgan.

«Biz u bilan avvaldan inoq edik. Bir-birimiz bilan qattiq hazillashamiz. Hammadan: prezidentimiz, vazirlik va uning oilasidan kechirim so‘rayman. Balki asabdir bu», — degan u.

Shundan so‘ng, jarohatlangan boshqarma boshlig‘i Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonaga olib borilgan. Sud tibbiy ekspertiza uning tanasida og‘ir tan jarohati borligini aniqladi.

Jabrlanuvchi bilan masofaviy suhbat davomida uning hamkasbiga nisbatan da’vosi yo‘qligi qayd etildi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi 1-qismi qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish hatti-harakatlari ifodalangan jinoyatni sodir etgan deb topildi va 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.