25 avgust kuni hukumatning «Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [472-son] qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarda sog‘lom ovqatlantirish tizimini keytering usulida tashkil etishga oid nizom tasdiqlandi.

Keytering — hududlarda masofaviy usulda umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish orqali ovqatlanishni shartnoma asosida tashkil etish, ovqatlarni tayyorlash, yetkazib berish va tayyor pazandachilik mahsulotlarining chakana savdosini amalga oshirish xizmatlarini ko‘rsatish.

Nizomda keytering usulida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tanlovini o‘tkazish, hisob-kitob qilish, taomlar ustidan nazorat qilish tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra, o‘quvchilar maktabda bir kunda bir mahal ovqatlantiriladi. Ovqatlarni nazorat qilish uchun maktablarda 5 kishilik (direktor, hamshira va ota-onalar vakillari) maxsus komissiya tuzilib, kundalik taomnomaning ro‘yxati «kundalik.com» platformasi orqali yuritiladi.

O‘quvchilarga bepul ovqat berish tashabbusi

Ilk bor maktab o‘quvchilariga bepul ovqat berish taklifi 2021 yil sentabr oyida prezidentlik saylovlari arafasida O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushta berish XDP nomzodi Maqsuda Varisova tomonidan ham taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi saylovoldi tashviqoti chiqishlarida ushbu hududlardagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlashga va’da berdi. U Bo‘zatov tumanida saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda 1−4 sinf o‘quvchilarining bepul tushligi uchun yiliga 100 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun davlat budjetining taxminiy xarajatlarini hisoblab chiqdi. Qoraqalpog‘iston maktablarida 140,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiydi. Agar 100 mlrd so‘mni boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining soniga bo‘lsak, unda har bir o‘quvchining ovqat narxi yiliga taxminan 713,2 ming so‘mni tashkil qiladi.

Agar ushbu ma’lumotlar 136,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiyotgan Xorazm viloyati kesimida ko‘rib chiqilsa, unda har yili davlat budjetidan qariyb 97,14 mlrd so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Bu miqdor har yili o‘quvchilar sonining ko‘payishi bilan ortadi.

Sirdaryo viloyatida 59 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bor, bepul ovqatlanish narxi 42,1 mlrd so‘mni tashkil qilishi mumkin. «Gazeta.uz» hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha 1−4-sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik yiliga 1,74 trln so‘mni tashkil qilishi mumkin.

2020 yil fevral oyida Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tajriba-sinov tariqasida keytering usulida maktablarning boshlang‘ich (1−4) sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berilayotganini ma’lum qildi. 2022 yil uchun mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilib, o‘quvchilar 470−500 kaloriyaga ega ovqat, tabiiy sharbat va mevalar bilan ta’minlanishi nazarda tutilgandi.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq faollari bilan suhbati davomida Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 142 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilayotgani ma’lum qilindi.