Juma kuni Nukusga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida deputatlar oldida nutq so‘zladi. Uning nutqidan iqtiboslarni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov keltirib o‘tdi.

Davlat rahbari mamlakatda «Inson qadri uchun» tamoyili ostida amalga oshirilayotgan islohotlarda Qoraqalpog‘istonning har bir shahar va tumani, qishloq va ovuli, har bir xonadoniga kirib borishini ta’minlash asosiy maqsadlardan biri ekanini ta’kidladi.

«Men prezident sifatida 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni 9 marta mana shu saxovatli zaminga kelib, bu yerdagi oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar vakillari bilan ko‘p-ko‘p muloqotlar qildim», — dedi prezident.

Ushbu davrda Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilingani aytildi. Hududda tadbirkorlik subyektlari soni 2 barobarga ortdi, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.

Birgina joriy yil fevraldagi tashrif doirasida hududni har taraflama rivojlantirish uchun 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratdik", — dedi davlat rahbari.

Biroq, shuncha sa’y-harakatlarga, Qoraqalpog‘istonga ajratilayotgan katta-katta mablag‘larga qaramay, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida, 2 oy oldingi voqealar negizida ham aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tilgan. «Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar „xalqni rozi qilish“ degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga xalol xizmat qilish o‘rniga farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda, deyiladi prezident nutqida.

Qoraqalpog‘istonda ichimlik suv ta’minoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshishiga erishilgani ta’kidlandi. Birov, aholi o‘rtasida ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr ta’minoti, ishsizlik, narx-navo kabi muammolar yuzasidan bildirilayotgan shikoyatlar yuqoriligicha qolmoqda.

Prezident Qoraqalpog‘istonga so‘nggi bor, iyul boshida Nukusda kuzatilgan namoyishlardan so‘ng, 2 va 3 iyul kunlari tashrif buyurgandi. O‘shanda u «soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi», deya ta’kidlagandi.