Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida olib borilgan o‘rganishlar davomida 58 nomdagi ashyolar muzey fondida yo‘qligi ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati.

Shuningdek, 24 ta ekspona muzeyning kirim va inventar kitoblari hamda ilmiy pasportlarining tavsifnomalariga, o‘lchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlangan.

Madaniy meros agentligining san’atshunoslik bo‘yicha ekspertining 19 avgustdagi xulosalariga ko‘ra, mazkur muzeyga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 466 mln so‘mni tashkil etgan.

Iyun-iyul oylarida bosh vazir o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimovning topshirig‘iga muvofiq, noyob ashyolar xatlovdan o‘tkazildi hamda ularning saqlanishi va havfsizlik holati o‘rganildi. Ishchi guruhga Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi vakillari boshchilik qildi.

O‘rganishlar Andijon va Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeylarida ham olib borildi. Birinchisida 4 ta, ikkinchisida 9 ta ashyolar qayd qilingan tavsifnomalariga mos kelmasligi aniqlandi. Yetkazilgan zarar miqdori esa mos ravishda 31 mln so‘m va 23,7 mln so‘m ekani aniqlandi.

Aprel oyida Xiva shahridagi «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasida ham o‘rganishlar olib borilgandi. O‘shanda muzey fondidagi noyob deb kelingan 101 ta ashyo kirim kitobidagi tavsifnomalariga o‘lchami, materiali, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlangan.