Ayni vaqtda Nukusda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tayotgan Jo‘qorg‘i Kengesning navbatdan tashqari sessiyasida rais Kamalov Murat Qallibekovich lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Murat Kamalov betobligi sababli vakolat muddatini oldindan to‘xtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida murojaat bilan chiqqan va shunga asosan ishdan olingan.

Mazkur sessiya vaqtida davlat rahbari shuncha sa’y-harakatlarga, Qoraqalpog‘istonga ajratilayotgan katta-katta mablag‘larga qaramay, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganini qayd etgandi.

«Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar „xalqni rozi qilish“ degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», — dedi prezident.

Bugungi kunda ham aholi o‘rtasida ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr ta’minoti, ishsizlik, narx-navo kabi muammolar yuzasidan bildirilayotgan shikoyatlar yuqoriligicha qolmoqda.

Aslida, 2 oy oldingi voqealar negizida ham aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga xalol xizmat qilish o‘rniga farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda», dedi Prezident.

Murat Kamalov mazkur lavozimga 2020 yilning 2 oktabrida tayinlangan edi.

Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodini tavsiya etildi.

Amanbay Orinbayev hozirda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda. Unga qadar esa Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri bo‘lgan.