Sudyalar oliy kengashining 2021 yil 4 avgust kungi qarori bilan «Sudyalar tomonidan sovg‘alar qabul qilinganligi haqida xabar berish, topshirish, baholash va hisobga olish tartibi to‘g‘risida»gi nizom ishlab chiqildi. Bu haqda kengash matbuot kotibi Tursunali Akbarov «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Nizom prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi [PF-6127-son] farmon ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur nizom sudyalar tomonidan o‘zining mansab va xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xizmat safarlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarda ishtirok etishi orqali sovg‘alarni qabul qilish, baholash va hisobga olish tartibini belgilaydi.

«Masqad — tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, sudyalarda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik immunitetini shakllantirish», — dedi Tursunali Akbarov.


Tursunali Akbarov. Foto: AOKA.

Qayd etilishicha, sudyaga (xizmat safari va boshqa rasmiy tadbirlardan tashqari) o‘ziga bo‘ysunuvchi shaxslar, sud nazorati amalga oshiriladigan organlar va tashkilotlar, sudlov ishlarini yuritish ishtirokchilari yoki murojaatlari ko‘rib chiqilayotgan jismoniy va yuridik shaxslardan manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishiga shart-sharoit yaratishini oldini olish va sud qilinayotgan sud hujjatlarining xolisligiga shubha tug‘dirmaslik maqsadida sovg‘alar qabul qilinishi taqiqlanadi.

«Sudyalar o‘ziga tekinga xizmatlar ko‘rsatilishi yoki ishlar bajarilishi, mol-mulkni vaqtinchalik bepul foydalanish uchun berilishidan hamda boshqa biror-bir moddiy manfaatdorlikdan ham tiyishi lozim. Bundan tashqari, sudya nafaqat o‘zining, balki oila a’zolari va u bilan birga istiqomat qiluvchi shaxslarning ham bunday harakatlarni amalga oshirishlarini cheklashi kerak. Agar sudya oila a’zolariga odil sudlovni amalga oshirish faoliyati bilan bog‘liq holda sovg‘a taqdim etilganligidan xabar topsa, bu haqda darhol tegishli malaka hay’ati yoki Sudyalar oliy kengashiga xabar berishi zarur», — dedi Tursunali Akbarov.

Umumiy qoidaga ko‘ra, sudyaga berilgan (yoki u qabul qilingan) har qanday sovg‘a sudning obro‘si yoki sudyaga ta’sir ko‘rsatishga qaratilmasligi, shuningdek, biron-bir funksional majburiyatlari buzilishiga olib kelmasligi kerak, deya qo‘shimcha qildi kengash matbuot kotibi.

«Sudyaga xizmat safarlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarda berilgan sovg‘aning qiymati BHMning uch baravaridan qimmat bo‘lmasligi va odatiy hamda axloqiy me’yorlarga mos kelishi lozim. Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, sudyaga biror tadbir ishtirokchisi sifatida beriladigan kanselyariya anjomlari yoki rag‘batlantirish (mukofotlash) maqsadida topshirilgan kichik esdalik sovg‘alar hamda tez yaroqsiz holga keladigan buyumlar, mahsulotlarni (masalan, gullar, tort va hokazo) qabul qilishi hech qanday monelik yo‘q», — dedi u.

Uning aytishicha, agar sovg‘a beminnat, biroq qiymati belgilangan miqdordan qimmat bo‘lsa, sudya bu haqda tegishli malaka hay’ati yoki Sudyalar oliy kengashiga xabar berishi lozim. Nizomda belgilangan tartibda dalolatnoma tuzilib, sovg‘a Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlariga topshiriladi. Shundan so‘ng, sudya ikki oy muddatda sovg‘ani (agar u beminnat berilgan bo‘lsa) qayta sotib olishi mumkin.

«Sog‘alarni topishirish, qayta sotib olish yoki departament tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sotish qoidalari ham mazkur nizomda belgilab qo‘yilgan. Sovg‘ani tasarruf etishdan tushgan mablag‘lar O‘zbekiston budjeti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda budjet daromadiga o‘tkaziladi», — dedi Tursunali Akbarov.

Ta’kidlanishicha, nizom talablariga amal qilmagan sudyalarga «Sudyalar odobi kodeksi» talablaridan kelib chiqib, tegishli ta’sir choralari qo‘llaniladi. Agar pora sovg‘a shaklida berilsa va bu inkor etib bo‘lmas dalillar bilan tasdiqlansa, sudya albatta, jinoiy javobgarlikka tortiladi.