29 iyuldan 9 avgustga qadar Hindistonning Chennay shahrida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi mamlakat tarixida birinchi marta shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jamoaning 27 yoshli vakili, xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov 4-doskada 8 uchrashuv o‘tkazib, 5 tasida g‘alaba qozondi. Shu jumladan, Niderlandiya bilan hal qiluvchi o‘yinda ham. Qolaversa, uch bor mag‘lubiyatsiz durang natija qayd etdi (8 o‘yinda 6,5 ochko). Uning ko‘rsatkichlari 2813 ballga yetdi va oltin medal bilan taqdirlandi.

«Gazeta.uz» chempion bilan shaxmatda faqat intellekti kuchlilargina muvaffaqiyatga erishishi haqidagi fikr qanchalik haqiqatga yaqinligi, yaxshi natijaga erishish uchun bir kunda necha soat shug‘ullanish kerakligi, buning uchun qanday qobiliyat, ko‘nikmalar talab qilinishi, shaxmatchilar kundalik tartibida ovqatlanish, parhezlar, jismoniy faollik va uyqu miqdorining qancha bo‘lishi hamda g‘alabadan keyin terma jamoa bugun nimalar bilan bandligi haqida suhbatlashdi.

44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi (Hindiston, Chennay 2022 yil). Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi.

— Jahongir, sizni Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi g‘alaba bilan tabriklayman. Hindistondan qaytgach, bugun odatiy kun tartibingiz qanday o‘tmoqda?

— Rahmat. 14 avgust kuni Qozog‘istonning Atirau shahridagi «Atyrau Chess Festival» festivaliga jo‘nab ketishim kerak edi. Ammo prezident bilan uchrashuv bo‘lishi ehtimoli bor deb O‘zbekistonda qolishim yaxshiroqligini aytishdi. Shuning uchun hozir Toshkentdaman. Uchrashuv bo‘lmadi, «Mustaqillik» bayrami arafasida bo‘lib qolsa kerak.

Do‘stim, shogirdim Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha Turkiya super ligasida qatnashmoqda. Dadamning shogirdlari Nodirbek Yakubboyev, boshqa jamoadoshlarimiz Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidovlar bilan BAA poytaxti Abdu Dabida bo‘lib o‘tayotgan shaxmat festivalida ishtirok etmoqda. Abdusattorov bilan onlayn tarzda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdamiz. Ba’zan dadam yordam so‘rasalar, Yakubboyev bilan ham onlayn shug‘ullanamiz.

Shaxmatdagi taktikalaringizni har o‘yindan keyin raqiblar bilib oladi. Ularni vaqtida o‘zgartirmasangiz, sizga qarshi yangi usullar qo‘llay boshlashadi. Shularning oldini olish uchun doimiy ravishda yangi taktikalar, metodlar o‘ylab topish va ularni amalda qo‘llashga harakat qilamiz. Hozirda aynan shular bilan bandman.

O‘ngdan chapga (tik turganlar): Nodirbek Yakubbayev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov va markazda Jahongir Vohidov. Foto: Stev Bonhage.

— Shaxmat intellektual sport turi bo‘lib, uni juda aqlli odamlar o‘ynaydi degan qarash bor. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

— Tajribamdan ayta olamanki, shaxmatning ortida 99 foiz mehnat yotadi. Aqliy salohiyati umuman bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Biroz bo‘lsa-da uchqun bormi, shaxmatni o‘rgansa va bemalol katta muvaffaqiyatlarga erishsa bo‘ladi. Men intellekti kuchli bo‘lmagan, ammo chempionlikka erisha olgan ko‘p shaxmatchilarni bilaman. Ular bunga yillar davomida, har kuni tinimsiz shug‘ullanish, o‘z ustida ishlash ortidan erishgan.

Lekin shaxmat aqliy jarayon ekanini ham inkor etmayman. Unda raqibingizning nima qilishini ko‘z bilan emas, miya faoliyati orqali bilishingiz kerak. Shaxmatda vizualizatsiya texnikalari bor. O‘n daqiqadan keyin nima qilmoqchisiz-u, 20 ta yurishdan keyin qanday pozitsiyani olmoqchisiz, bularning barini oldindan ko‘rishingiz, tahlil qilishingiz, keyin esa shunga mutanosib harakat qilishingiz kerak. Fikrimcha, shaxmat — aqliy faoliyatning eng yuksak turlaridan biri.
Bolaning aqliy darajasi 12−14 yoshdan keyin bilina boshlaydi. Ayrim ota-onalar hali juda kichkina farzandini shaxmatga qo‘ysa, bir-ikki musobaqalarda yutqazsa, «o‘g‘lim yoki qizim o‘rganolmaydi, intellekti kuchli emas» deb hammasini to‘xtatishadi. Bu juda katta xato. Shundan ehtiyot bo‘lish kerak.

— Yaxshi natijaga erishish uchun shaxmatchi bir kunda necha soat shug‘ullanishi kerak?

— Oldinlari raqobat unchalik katta emas edi. Internet ommalasha boshlagach, sharoitlar kengaydi va dunyodagi barcha shaxmatchilar ulardan foydalanishga kirishib ketdi. O‘z-o‘zidan raqobat ham kuchaydi.

Chempion bo‘lish uchun avvallari kuniga 4−6 soat shug‘ullanish yetarli bo‘lsa, hozir kamida 8 soat talab etiladi. Bu jarayon hech qanday tanaffuslarsiz, har kuni, yillar davomida bo‘lishi kerak. Kun tartibini tashkillashtirishda esa har kim o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqishi mumkin. Masalan, ikki soat shug‘ullanib, yarim soat dam olib, yana shunday tarzda davom etsa bo‘ladi.

Muhimi, o‘rtada qanchadir miqdorda tanaffus qilish kerak. Chunki bir yerda uzoq vaqt bitta mashg‘ulot bilan band bo‘lish qon aylanish tizimining yaxshi ishlamasligiga olib keladi va bu sifatga ta’sir ko‘rsatadi. Odatda o‘zim ertalabki 8:00 dan tushki 12:00 gacha shug‘ullanaman, keyin esa tushlik qilib, uxlab olaman. 14:00 dan 18:00 ga qadar yana shug‘ullanishda davom etaman.

— Shaxmatda muvaffaqiyatga erishish uchun insondan qanday ko‘nikma, qobiliyatlar talab qilinadi?

— Xotira, intizom, mehnat. Buni men emas, xalqaro grossmeyster Garri Kasparov aytgan. Shaxmatda to‘rtta uslub bor: «texnik dinamik», «texnik pozitsion», «intuitiv dinamik», «intuitiv pozitsion». Bu haqda ustoz grossmeyster Mark Dvorevskiy aytib o‘tgan. Shuningdek, daniyalik shaxmat ustasi Yakob Agard ham o‘zining «Thinking Inside the Box» kitobida uslublarga to‘xtalib o‘tgan. Ustozlarimiz ham ko‘p takrorlashadi. Har bir shaxmatchida fe’l-atvori bilan bog‘liq holatda shu uslublardan bittasi avtomatik tarzda paydo bo‘ladi. O‘sha bittani mukammal darajaga olib chiqib, qolgan to‘rttasida ham o‘ynay olishga harakat qilish kerak.

Ayrim bolalarda agressivlik kuchli bo‘ladi. Ular musobaqalarni yaxshi ko‘radi va o‘yinlari ham murosasiz urushlar, qurbonliklar, qattiq zarbalardan iborat bo‘ladi. Bundaylar dinamik xarakterga yaqin. Bir xil bolalar judayam sokin, kamgap bo‘ladi. Ular pozitsion uslubda yaxshi o‘ynaydi. Raqib bilan kamdan-kam uchrashadi, ammo sekin-astalik bilan, strategik jihatdan qiynab-qiynab uni mag‘lub etadi.

Yaqinda «Gazeta.uz»da terma jamoamiz murabbiyi Ivan Cokolovning Shess.com saytiga bergan intervyusi e’lon qilindi. Unda Cokolov jamoamizdagi har bir shaxmatchining uslubiga to‘xtalib o‘tgan. Masalan, Javohirda taktik bo‘lsa, Abdusattorovda Karlsen (Magnus Karlsen — standart yo‘nalishi bo‘yicha amaldagi jahon chempioni) uslubiga yaqin degan. Magnus esa pozitsionga yaqin.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston terma-jamoasi murabbiyi Ivan Cokolov Vohidov aytib o‘tgan intervyuda terma jamoa shaxmatchilariga quyidagicha ta’rif bergan: Nodirbek Abdusattorov: «Magnusga yaqin», Nodirbek Yakubboyev: «Serqirra o‘yinchi», Javohir Sindarov: «Sof taktik», Jahongir Vohidov: «A’lo darajadagi nazariyotchi», Shamsiddin Vohidov: «Asosan taktik mutaxassis».

Chempion bo‘lish uchun to‘rtta uslubning hammasida mehnat qilish talab etiladi. Shunda shaxmat uchun kerakli qobiliyatlar ham, san’atlar ham paydo bo‘ladi. Intuitiv dinamik va texnik dinamik uslublarni kitoblar yoki internetdagi shaxmat topshiriqlari orqali shakllantirsa bo‘ladi. Texnik pozitsion va intuitiv pozitsion uslublarini esa faqat va faqat kuchli ustozlar qo‘l ostida chiqarish mumkin.

Lekin haligacha dunyoda hech kim to‘rtala uslubda ham mukammal emas. Hatto Magnus Karlsen yoki Nodirbek Abdusattorovda ham hammasi bor deyolmaymiz. Aslida, universal bo‘lishning o‘zi ham haqiqatdan biroz uzoqroq. Jahon chempionlari orasida 2−3 ta uslubni mukammal shakllantira olganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

— Bunda ovqatlanish qanday rol o‘ynaydi? Shaxmatchilarda parhez, maxsus taomlar bo‘ladimi?

— Yuqorida aytganimdek, shaxmat bilan shug‘ullanganda juda katta energiya sarflanadi. Shuning o‘rnini to‘ldirish va yana davom etish uchun ovqatlanishga alohida e’tibor berish zarur. Ertalablari turli kashalar, kun davomida mevalar, aqliy faoliyatga ta’sir ko‘rsatadigan yong‘oq, mayiz, bodomlar, vitaminli mahsulotlar va albatta, go‘shtlar iste’mol qilish kerak.

Yana ko‘proq suv ichish kerak. Chunki suv juda ko‘p energiya beradi, tetiklashtiradi. Masalan, mening kunlik suv iste’molim 3 litr. Yoz faslida esa bu miqdorni ehtiyojimga qarab ko‘paytiraman. Sababi organizmdagi suvning bir qismi ter bilan chiqib ketadi. Men samarqandlikman. Bizda osh ommabop taom. Kerak bo‘lsa, har kuni osh yeyman.

O‘zbekistonning ovqatlari kuchli, kaloriyasi yuqori. Fikrimcha, odatiy taomlarni yeyishning o‘zi ham shaxmatchilar uchun yetarli bo‘la oladi. Bu borada aynan bizning shaxmatchilarga qandaydir maxsus ovqatlanishga hojat yo‘q deb hisoblayman.

Parhezga keladigan bo‘lsak, ratsionimizga imkon qadar yog‘siz mahsulotlar qo‘shishga harakat qilamiz. O‘zi ikki xil yog‘ bor: rafinatsiyalangan va rafinatsiyalanmagan. Rafinatsiyalanmagani yaxshi hazm bo‘ladi, zarari yo‘q hisob. Rafinatsiyalangani — baklajkalarda bo‘ladigan yog‘lar, ularni zararli deyishadi. Chunki tromblarni (qon ivishi) paydo qilishi mumkin. Imkon qadar shu qoidaga amal qilishga harakat qilamiz. Ammo, ba’zan rafinatsiyalangan yog‘larni ham yeyishga to‘g‘ri keladi. Masalan, osh bunday yog‘larsiz qilinsa, mazali bo‘lmaydi. Shunday paytlarda mevalar iste’molini ko‘paytirish bilan yog‘larning zararini oldini olish mumkin.

Shirinliklarga keladigan bo‘lsak, odatda kakaoli shokoladni maslahat berishadi. Lekin men ko‘p yemayman. Chunki zarardan holi emas, qandli diabetga sabab bo‘lishi mumkin. Shirinliklar o‘rniga mevalar iste’mol qilinsa, organizmga ham foydasi ko‘proq, ham yaxshi qabul qilinadi. Masalan, banan universal meva, ko‘plarga allergiya ham bermaydi, hammaga to‘g‘ri kelaveradi.

— Shaxmatda bitta partiya o‘rtacha qancha davom etishi mumkin?

— Kamida 4−5 soat. Masalan, Hindistondagi olimpiadada o‘zimning partiyalarim cho‘zilib ketdi. Olti, bir xillari 6,5 soat davom etdi. Umuman, partiyaning qancha davom etishi raqiblarning qay darajada kuchli ekaniga bog‘liq. Yaxshi raqibni aldash uchun ko‘p o‘ylashga to‘g‘ri keladi va o‘yin shuncha cho‘ziladi.

— Bu vaqt ichida tanaffuslar beriladimi? Partiyalar davomida ichimliklar yoki ovqatlar iste’mol qilish mumkinmi?

— Tanaffuslar berilmaydi. O‘yin davomida dona surish navbati raqibga kelganda siz qisqa muddat, deylik, besh daqiqa ichida suv ichishingiz yoki zalda turib, yurib, harakatlanib, nafas rostlashingiz, miyangizni biroz chalg‘itib olishingiz mumkin. Nimadir yeb olsangiz ham bo‘ladi.

Umuman olganda, shunday qilish ham kerak, ehtiyoj bor. Bir joyda uzoq muddat o‘tirish miya faoliyatning sekinlashuviga sabab bo‘ladi. Bu imkoniyatdan istalgancha foydalanish mumkin, cheklov yo‘q. Qoidasi shuki, dona surish navbati o‘zingizga kelgan fursatda bunday qilolmaysiz. Chunki shu vaqt davomida kimdir sizga endi qanday dona surish haqida tavsiya, ko‘rsatmalar berishi mumkin. Shularning oldini olish uchun ham ushbu qoida joriy qilingan.

— Soat jihatdan eng uzoq davom etgan musobaqangiz qaysi? Va unda sizning iste’mollaringiz qanday bo‘lgan?

— 12 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida edi. Belorussiyalik Vladislav Kovolyov bilan o‘ynaganman. Adashmasam, o‘yin tushdan keyingi ikkida (14:00) boshlanib, kechqurun 10 yarim yoki 11da (22:30 yoki 23:00) tugagan. 12 yoshda edim. Juda katta stress bo‘lgan men uchun. Tushlikni 12:00 da qilgandim. Shunda 12 soatga yaqin ovqatsiz yurganman. U yerda suvlar bor edi, ichganman, ammo hech narsa yemaganman.

O‘smirlar o‘rtasidagi Jahon olimpiadasi (Turkiya Burdur, 2010 yil). Foto: Jahongir Vohidovning shaxsiy arxividan.

Bilasizmi, bunaqa holat menda birinchi marotaba bo‘lishi edi. Odatda bu yoshdagi chempionatlar 3−4 soatda tugaydi, bizda esa 8,5−9 soatga cho‘zilgan. Hech kim nimadir yeyishimni aytmagan, chunki bunchalik cho‘zilishini kutmagan ham edi-da. Natijam hozir aniq esimda yo‘q, lekin adashmasam, o‘ntalikka kirolmagan edim. O‘yin nihoyalagach, mehmonxonaga kelsam, u yerda ham kechki ovqat yopilgan ekan. Xonadagi shokolad va olmani yeb uxlaganman.

Yaxshiyamki, chempionat Turkiyada bo‘lgandi. U yerning taomlari kaloriyali. Tushlikda yegan ovqatim kuchli bo‘lgani uchun uzoq muddatli bu musobaqada hech narsa iste’mol qilmaslik miya faoliyatimga u qadar jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan. Ammo bu menga yaxshigina dars bo‘ldi. O‘shandan keyin qachon, qayerda musobaqaga borsam, o‘zim bilan mevalar olib kiradigan bo‘lganman. O‘yin zaliga yeguliklar olib kirish mumkin.

— O‘zbekiston terma jamoasi chet elda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda o‘zi bilan oshpaz olib ketadimi?

— Yo‘q. Bu juda qimmatga tushib ketadi. Hozir Osiyo, jahon chempionatlari, boshqa rasmiy musobaqalardagi (Jahon kubogi, Olimpiada va hokazo) yo‘l va mehmonxona xarajatlarini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi qoplab beradi. Ammo Abdusattorov, Sindarovlarning yoshidalik paytimda ko‘p musobaqalarda bularning barchasi o‘z yonimizdan bo‘lardi. Ularning o‘zi ancha-muncha mablag‘ talab etar, oshpaz haqida o‘ylash o‘rinsiz edi. Shuning uchun chetga chiqqanda imkon qadar yaxshiroq mehmonxonalardan joy olishga harakat qilardik. Masalan, to‘rt yoki besh yulduzlilardan. Chunki ularning taomlari yaxshi bo‘ladi va iste’mol jihatdan xavotir olishga hojat qolmaydi.

Ammo xalqaro musobaqalarda bu masala qiyin kechardi, hozir ham shunday. Xalqaro musobaqalarda ishtirokchining reyting balli 2650 dan yuqori bo‘lsa, mehmonxona puli va boshqa xarajatlarni tashkilotchilar qoplab beradi. Agar shu balldan past bo‘lsa, ishtirokchi o‘zining yonidan to‘lashi kerak. Bitta xalqaro musobaqaga borib kelish uchun 1,5−2 ming AQSh dollari ketadi. Aynan 2650 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga yetishish uchun ham bitta professional o‘yinchi yiliga kamida 10−12 ta shunday musobaqalarda o‘ynashi kerak. Federatsiyaning esa xalqaro musobaqalarda ishtirok etish xohishi bor hamma shaxmatchiga ham shuncha pul sarflashga imkoni yetmaydi.


Xalqaro musobaqalarda boradigan davlatimiz qanchalik qimmat bo‘lsa, mehmonxonalarning narxi ham shunga mos ravishda yuqori bo‘ladi. Tabiiyki, imkonimiz yetmaydi va bir, ikki yulduzlilar yoki hostel`larda qolamiz. Bunday paytda ovqatlanish masalasi biroz qiynaydi. Ularning taomlari unchalik yaxshi emas, ko‘chadagilarini esa har doim ham cho‘ntak ko‘taravermaydi.

Qolaversa, noqulayliklar ham ko‘p bo‘ladi. Musobaqa zali va mehmonxonalar oldida yemakxonalar bo‘lib, ularda asosan fast-food`lar sotiladi. Bu tez ovqatlanish uchun yaxshi, ammo biz organizmga foydali narsa yeyishimiz kerak.

Hozir Alisher Sa’dullayev xalqaro musobaqalarda xarajatlarni qoplab berish masalasini hal etish uchun ish olib boryaptilar. Umuman, shaxmatda muvaffaqiyatga erishish bir tarafdan moliyaviy holatga ham bog‘liq. Masalan, Magnus Karlsen yoshligidan musobaqalarga shaxsiy oshpazini olib boradi. Raqibdan ustun kelish uchun nafaqat, jismoniy, psixologik trenerlari, kuchli murabbiylariga, shuningdek, shaxsiy oshpaziga ham ega.

— Har qaysi mamlakatning o‘ziga xos taomlari bo‘ladi. Ularga moslashish qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

— Qiyin, albatta. Lekin tanlov imkonimiz bo‘lmagach, ularning oshxonasiga moslashishga harakat qilamiz. Shu yilgi olimpiadaning yozda o‘tgani biz uchun juda yaxshi bo‘ldi. Iyun-iyul oylari O‘zbekistonda meva-sabzavot, qovun, tarvuzlar mavsumi. Daraxtidan uzilgan yangi meva, daladan olib chiqilgan qovun-tarvuzning ta’mi ham, foydasi ham boshqacha bo‘ladi. Ketishdan oldin ulardan muntazam ravishda iste’mol qilib, ma’lum zaxira ozuqalarni organizmimizga to‘pladik.

Bilasiz, Hindistonning deyarli hamma taomlari achchiq. Men Hindistondagi olimpiadadan bir hafta oldin, O‘zbekistondalik paytimda, organizmimni oldindan tayyorlash uchun faqat achchiq ovqatlar yedim. Borgach esa uch kunlarda menga achchiq ta’m sezilmay ham qoldi. Besh yulduzli mehmonxonada turdik, ovqatlari achchiq bo‘lsa ham yaxshi edi. Ammo jamoadoshlarim qiynalishdi. Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidovlar ham imkon qadar moslashishga harakat qildi, lekin Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yakubboyev achchiq narsani umuman yeya olmaydi. Ular ko‘p hollarda faqat mevalar bilan cheklanishga majbur bo‘lishdi.

44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Hindistonga borib palov pishirgan oshpaz Bahriddin Chustiy.

5 avgust kuni O‘zbekistondan oshpaz va mahsulotlar olib kelib, osh pishirildi. Bu ularga juda katta yordam berdi. Oxirgi kungacha o‘sha oshni yetkazishga harakat qilishdi.

Kun davomida musobaqa zalida bo‘ldik. U yerda bir burchakda oshxonacha qilishgan, yeguliklar, ichimliklar, hamma narsa bor edi. Ovqat emas-u, asosan gazaklar (perekus) bo‘lib, organizmni kechki ovqatgacha to‘q saqlab turishga yetardi. Ko‘plar foydalanishdi. Ammo men odatda musobaqa davomida yeguliklar iste’mol qilmayman. Chunki ovqatlanganda energiya hazm qilishga ham ketib qoladi. Bu yaxshi emas. Energiya ko‘proq o‘yinga va miyaga sarflanishi kerak. Imkon qadar musobaqalar boshlanishidan ikki soat oldin taomlanib olaman. O‘ta to‘q bo‘lish ham yaramaydi. Odamning uyqusi keladi, charchaydi. Har bir o‘yinchining stoli ustida suvlar ham bor edi. Ma’lum kompaniyaga tegishli bo‘lgani uchun reklamaga o‘tib ketmasin deb ularni ham stoldan pastga olib qo‘yishga harakat qildik.

— Balki federatsiyaga O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalarga chiqqanda oshpaz olib ketish masalasida taklif berish kerakdir?

— Jahon chempionatlarida oshpaz olib ketilsa, judayam yaxshi bo‘lardi, albatta. Bu biz uchun muhim. Chunki Hindistonda osh qilinganining o‘zi ancha yordam berdi. Yigitlarimizning ayrimlarida achchiq ovqatlar yeganida organizmi ko‘tarolmasdan ich ketish holatlari ham kuzatilgan, ikki-uch kunlab ovqatsiz yurishgan. Ammo, oshpaz olib ketish juda qimmatga tushib ketsa kerak. Chunki faqatgina oshpazning o‘zi emas, uning jihozlari, mahsulotlarni ham olib ketish kerak-da. Yana joy, pishirish uchun sharoit va boshqa masalalar ham bor.

— O‘zi, umuman, ovqatlanish bo‘yicha kimdan maslahat yo ko‘rsatmalar olasiz?

— Dadamdan. Ular yoshligidan hozirga qadar umrini shaxmatga bag‘ishlaganlar, xalqaro grossmeyster. Dadamdagi tajriba menga omadli kelgan. Shaxmatda professional bo‘lish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, barini o‘rgatardilar. Shuning uchun 7 yoshimda O‘zbekiston chempioni, 8 yoshimda esa Samarqandda kattalar o‘rtasidagi chempionatda g‘olib bo‘lganman. Bu davrlarda darajam bo‘yicha tengdoshlarimdan besh-olti yil oldinda edim. 18 yoshimda Markaziy Osiyo chempioni bo‘lganim ham bu yoshdagi va o‘sha davrdagi katta natija sifatida qaralgan. Chunki raqiblarim grossmeysterlar bo‘lib, mendan 20−30 yil tajribasi ko‘proq edi.

Umuman, bizda shaxmatga oilaviy muhabbat bo‘lgan. Bobolarim ham shaxmatni yaxshi ko‘rganidan do‘stlariga maqtanish uchun nevaralarini choyxonalarga olib ketishardi. Kimdir shaxmat haqida gapirsa, birinchi nevaralarim bilan o‘yna deyishardi. Amakilarim, ularning o‘g‘illari ham yaxshi shaxmatchi, murabbiy. Bizda qarindoshlarning o‘rtasida ham raqobat bor edi. Har-har zamonda musobaqalar qilinib, yutganlarga sovg‘alar berilardi.

— Odatda kuningizning qancha qismini uyqu tashkil etadi va bu miqdor musobaqalardan oldin o‘zgaradimi?

— Shaxmatda uyqu miqdori ham juda katta ahamiyatga ega. Eng yaxshi me’yor to‘qqiz soatlik uyqu. Miya qanchalik kuchli ishlasa, shuncha ko‘p uyqu talab qiladi. Buni ham qay tartibda tashkil qilish har bir insonning o‘z tanasidagi ehtiyojlariga bog‘liq. Nafaqat tunda, balki uzoq davom etadigan kunduz paytida ham uxlab olish kerak. Masalan, musobaqa yoki mashg‘ulotlar boshlanadigan vaqtdan ikki soatlarcha oldin uxlab olish yaxshi samara beradi. Chunki uyqudan keyin miya qaytadan ish boshlaydi va anchayin kreativ tarzda faollashadi.

Lekin o‘zim bunga har doim ham rioya qilolmayman. Ayniqsa, musobaqalarning mas’uliyati bosganda. Hindistondagi olimpiadani eslaydigan bo‘lsam, jamoamiz bilan oxirgi uch-to‘rt kunda atigi to‘rt soatlik uyqu bilan cheklandik. Ertalabki 4−5 largacha shug‘ullanib chiqdik.

Olimpiadadan oldin bosim u darajada yuqori bo‘lmaydi. Boshida ham, 3−4-turgacha hammasi joyida edi. Keyin AQSh, Armaniston, Hindiston kabi kuchli raqiblar keldi. Ayniqsa, Armaniston kirganda juda katta mas’uliyat bosdi. Chunki ular oldinda edi-da. Raqiblarning har jihatdan kamchiliklarini topish uchun sakkiz soatlab shug‘ullanishimizga to‘g‘ri keldi. Baribir nimagadirga erishish uchun bir narsani qurbon qilishga majbur bo‘ldik. Uyquga yaxshi to‘ysak, o‘yinga chiqishdan oldin raqibning kamchiligini bilmasligimiz mumkin edi. Lekin yetarli miqdorda uxlamaslik yaxshi emas. Salomatlikka zarar yetkazadi.

O‘rtada yakshanba, dam olish kunining borligi bizga yana yordam berdi. O‘sha kuni 6-turnirgacha bo‘lgan energiya sarflanishini qaytarishga harakat qildik. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, murabbiy Cokolov Chess.com`ga bergan intervyusida bizning Bermud [an’anaviy tarzda olimpiadalarda dam olish kunidan oldin o‘tkaziladigan] ziyofatiga borishni xohlaganimiz, ammo o‘zi bunga qarshi chiqqani va keyin bormaganimizni aytgan. Bilmadim, balki intervyuda noto‘g‘ri talqin qilinganmi yoki boshqa narsami, lekin, aslida, unday bo‘lmagan. Jamoamizdan hech kim ziyofatga borishni xohlamagandi. Chunki o‘sha kungacha biz yetakchi bo‘lib kelayotgandik. Bermud ziyofatiga borganda ham energiyamiz ketib qolib, natijamizga ta’sir qilishi mumkin edi. Yanayam 7-turda bizni kuchli raqiblar (Peru jamoasi — tahr.) kutib turardi. Shuning uchun dam olish kunida energiyani qaytarishga harakat qildik.

Qolgan beshta turda esa o‘sha energiyani taqsimlab sarflashimiz kerak edi. Buni uddaladik. Besh daqiqa bo‘lsa-da, ortiqcha vaqtimiz bor edimi, hatto o‘shanda ham mizg‘ib olishga shoshilardik. Mehmonxonadan zalgacha bo‘lgan masofa 1,5−2 soatni tashkil qilardi. Yo‘lda, avtobusning ichida ham ko‘p hollarda uxlab ketdik. O‘zbekistonga qaytganimizda ham kutib olinish jarayonidagi lavhalar, intervyularda bizni juda ko‘p uyqu bosgani yuzimizdan bilingan bo‘lishi mumkin.

— Shaxmatchilar uchun jismoniy faollik qay darajada muhim? O‘zingiz jismoniy sport bilan shug‘ullanasizmi?

— Jismoniy faollik judayam muhim. Yuqorida aytganimdek, bitta o‘yin 6−7 soat, bir kunlik shug‘ullanishlar kamida 8−10 soat davom etadigan bo‘lsa, ularga turib berish uchun jismoniy chidamlilik nihoyatda zarur. Miya ishlaganda inson organizmi jismoniy faoliyatdan ko‘ra 7 marta ko‘proq energiya sarf qiladi. FIDE`ning ta’kidlashicha, bitta partiya o‘ynash 8 ming metr yurgan bilan teng ekan. Ya’ni, 8 km piyoda yurganingizda sarflanadigan kaloriyani shaxmatdagi birgina partiyada yo‘qotasiz. Shuning uchun jismoniy tayyorgarlikka jiddiy e’tibor qaratish kerak. Cho‘milish, boks, umuman, istalgan boshqa sport bilan shaxmatni bog‘lash kerak.

O‘zim SamDUning jismoniy madaniyat fakultetini bitirganman. U yerda har bir sport turiga oid fanlar bor va ulardan imtihonlar olinardi, suzishdan tortib, qizlar uchun gimnastikagacha. Universitetda jismoniy sportga anchayin pishganman. Qolaversa, bir necha yildan beri havaskor boks bilan shug‘ullanaman. Vaqt bo‘lganda suzishga boraman. Suzganda asab tolalari tiklanadi. Shaxmatda esa kuchli asab talab etiladi. Ko‘p o‘tirganda umurtqa pog‘onasida osteoxondrozlar paydo bo‘lishi mumkin. Suzish shunga qarshi eng yaxshi mashg‘ulot. Ular menda mavsumga qarab o‘rin almashadi. Yozda suzishga, kuz-qishda esa boksga qatnayman. Samarqanddagi havaskor bokschilar zaliga kunora 17:00 dan 19:00 gacha yoki 19:00 dan 21:00 gacha borib turaman.

Shuningdek, deyarli har kuni turnikka tortilaman, «otjimaniya» olaman, toshlar ko‘taraman. Chunki ular energiyani ko‘paytiradi. Hozir kompyuter yoki telefondagi ilovalar orqali onlayn tarzda ham turli fitneslar bilan shug‘ullanish mumkin. Imkon qadar har kuni 40−45 daqiqa shunga vaqt ajratishga harakat qilaman.
Umuman, jismoniy sport bilan shug‘ullanishda tanlov hamma shaxmatchida har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, Abdusattorov ham boks bilan suzishga boradi. Kuni teng taqsimlangan. Bir kun suzishga, bir kun boksga qatnaydi. Ayrimlar ko‘p futbol o‘ynashadi. Chunki u har tomonlama chiniqtiradi.

Lekin aniq bir kunning qaysidir soatlari davomida shug‘ullanish kerak degan majburiyat yo‘q. Hammasi shaxmatdagi mashg‘ulotlarga bog‘liq. Masalan, bugungi reja bo‘yicha bitta qoidani ko‘rishingiz kerak bo‘lsa va u 8 soat talab etsa, sizning boshqa narsaga umuman vaqtingiz qolmaydi. O‘z-o‘zidan jismoniy sportga ham borolmaysiz. Aksincha, bugungi rejani bajarishga to‘rt soat yetarli bo‘lsa, qo‘shimcha sportlar bilan shug‘ullanishingiz mumkin.

— Shaxmatdan dam ham olib turasizmi? Yoki u hayotingizda ustuvorlikka egami?

— Ha, damsiz bo‘lmaydi, albatta. Haftada bir marta shaxmatdan butunlayga chetlashishga harakat qilaman. Chunki doimiy va davomiy mashg‘ul bo‘lganda shaxmatga muhabbat ishtiyoqi yo‘qoladi. Bir kunlik tanaffus uni sog‘intiradi va qayta dona surayotganingizda shaxmatga boshqacha qaray boshlaysiz.

Oilam, ota-onam bilan yashayman va vaqtimni ko‘proq ularning davrasida o‘tkazaman. Ba’zi shaxmatchilar murabbiylari bilan yashashga harakat qiladi. Chunki murabbiy bilan bo‘lganda uydagi boshqa odamlar — aka-uka, opa-singillar, shaxmatdan tashqaridagilar bezovta qilmaydi. Yoki mehmonlar kelganda muvozanatdan chiqib ketmaydi. Ammo nima bo‘lganida ham shaxmat — hayot-mamot emas. Hayotning o‘z prinsiplari bor, unda boshqacha dona surish talab etiladi.

— Shaxmatchilarning muvaffaqiyatida kitoblar qanday rol o‘ynaydi? Javobingizni asoslang, iltimos. Va agar o‘qisangiz, nima o‘qiganingizni va nima uchun bu kitoblarni tanlaganingizni ayting?

— Nafaqat shaxmat, balki istalgan sohada ham muvaffaqiyatga erishishda kitoblarning o‘rni 40 yoki 50 foizni tashkil qiladi. Yuqorida aytganimdek, shaxmatda miya yaxshi ishlashi kerak. Buni shakllantiradigan men bilgan eng samarali yo‘l — kitob o‘qish. Ko‘p kitob o‘qisangiz, sizdagi so‘zlar zaxirasi ortadi. Qancha ko‘p so‘zlarni bilsangiz, fikrlash doirangiz shunchalik kengayadi. O‘shanda har xil g‘oyalarni bog‘lay olasiz va miyangizga avtomatik tarzda yangidan-yangi yurishlar keladi.
Men ko‘proq motivatsion kitoblar o‘qiyman. Intervyudan oldin ham Tanya van Essen, Xenri Shuvenburglarning «Prokrastinatsiya» («Kechiktirish») kitobini o‘qib turgandim. Sevimli yozuvchilarim Brayan Treysi, Napoleon Hill, Robert Kiyosakilar. Ularning kitoblari shaxmatga umuman aloqador emas, ammo maqsadga erishish uchun talab etiladigan strategiyalari bor. Kiyosakining kitoblari moliyaviy savodxonlikka yordam beradi. Yana taym-menejment, biznesga oid, falsafiy, psixologik kitoblarni ham yaxshi ko‘raman. Shaxmatda raqiblarning ichki dunyosini bilishda falsafiy va psixologik kitoblarni o‘qish juda foydali. Tahlil, oldindan ko‘ra bilish, sezish qobiliyatlarini ham yuqori darajada shakllantiradi.

Hozir badiiy kitoblarga qiziqishim u qadar yuqori emas. Lekin maktab davrida juda ko‘p badiiy asarlar o‘qirdim, darslikdagilarning birortasi qolib ketmasdi. Shaxmatchilarda xotira kuchli bo‘ladi. Yodlagan doston-u, she’rlarim haligacha esimda.

Motivatsion, biznes, taym-menejment, falsafiy, psixologik kitoblarni o‘qib, ulardagi holatlarni o‘z hayotimda sinab ko‘raman, yaxshi yo yomon bo‘lishidan qat’i nazar natijasi bilinadi. Ammo badiiy kitoblardagi holatlarni hayotimda tajriba qilib ko‘rolmayman. To‘g‘ri, ular fikrlashga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo aniqlikni yaxshi ko‘rganim uchun bu menga kamlik qiladi.

Yana audio kitoblar ham eshitaman. Avvallari juda ko‘p strategik kitoblarning audio formatini yuklab olib eshitardim. Hozir ham mashina yo ko‘chadami, do‘kon-u, ovqatlanishga borishdami, farqi yo‘q, bo‘sh qoldimmi, audio kitob eshitaman. Bu vaqtni behuda sarflamaslikka ham yordam beradi.

Malayziya Shaxmat bo‘yicha ochiq chempionati (Malayziya Kuala-Lumpur, 2015 yil.) Foto: Jahongir Vohidovning shaxsiy arxividan.

— Shaxmatchi uchun til bilish qay darajada muhim?

— Hozirda ingliz tilini bilish juda zarur. Avvallari shaxmatdagi eng zo‘r kitoblar faqat rus tilida chiqqan. Hattoki 11-jahon chempioni Robert Jeyms Fisher ham amerikalik bo‘lishiga qaramasdan shaxmatga oid kitoblarni o‘qish uchun rus tilini o‘rgangan. Hozir esa aksi bo‘ldi, eng yaxshi kitoblar ingliz tilida chiqadi. Ular uch-to‘rt yil o‘tib rus tiliga tarjima qilinyapti. Bilasiz, tarjimada asli kabi yuz foiz tarkib bo‘lmaydi, ayrim joylari tushib qoladi.

XXI asrda ko‘p darslar video ko‘rinishida, ingliz tilida chiqmoqda. Bu tildagi har bir kishining aksentli gaplarini tushunib olish uchun juda katta amaliyot kerak. Shaxmat bilan shug‘ullanishni boshlaganlar yoki boshlamoqchilarga avvalo ingliz tilini o‘rganishlarini maslahat beraman. Qancha kichkinaligidan bo‘lsa, shuncha yaxshi.

O‘zim ona tilimizdan tashqari ingliz, rus, tojik tillarini bilaman, bemalol muloqot qila olaman. Hali maktabga bormagan paytlarimda ham ota-onam shu tillarda ko‘p gaplashishardi. Maktabda, keyin o‘quv kurslarida bu jarayon davom etdi. Men uchun boshqa davlatlardagi chempionatlar keng amaliyot maydoni bo‘ldi.

— Sizda nechta murabbiy bor va murabbiyning vazifalari nimadan iborat?

— Hozirgi murabbiyim o‘zimning dadam, xalqaro grossmeyster Vohidov Tohir Abduqahhorovich. Boshlang‘ich ustozim onam Feruza Nishonova bo‘lganlar. 9−10−11 yoshlarimda rahmatli Alisher Anorqulov, keyin amakim Vohidov Abduvahob va endi dadam murabbiylik qilib kelmoqdalar.

Shaxmatda bitta partiya to‘rtga bo‘linadi. «Debyut», «mittelshpil», «slojnыy endshpil» va «endshpil»ga. Ba’zi o‘yinlar «debyut»dayoq tugab qoladi. Lekin agar raqib kuchli bo‘lsa, 10−12 soatlab bitta partiya davom etsa, o‘yin «endshpil»da nihoyalanadi.

Murabbiyning birinchi vazifasi sizni «debyut»ga tayyorlashdan iborat. Agar siz «debyut»ni yomon boshlasangiz, undan keyingilari ham katta ehtimol bilan shunday davom etadi. Agar aksi bo‘lsa, qolganlarining ham yaxshi bo‘lish ehtimoli bor. Murabbiy «debyut»da yaxshi o‘yinchi bo‘lishingizga ko‘zi yetsa, «mittelshpil»ga o‘tadi. Shu tarzda uning vazifasi «endshpil»gacha davom etaveradi. Bu murabbiydan juda ko‘p energiya, kreativ harakatlarni talab qiladi.

Keyingi vazifasi sizning raqibingizni tahlil qilishdan iborat. Raqibdagi kamchilik va ustunliklar nimadan iborat, ular qay holatda bilinadi, o‘sha paytda siz qanday harakat qilsangiz foydali, hammasini bittama-bitta, kerak bo‘lsa, uxlamasdan tekshirib chiqadi. Undan keyin esa sizning musobaqadan oldingi formangizni tekshiradi. U sizga xuddi ota-onangiz kabi g‘amxo‘rlik qiladi. Qisqasini aytganda, murabbiyning vazifasi o‘yinchinikidan 10 marta qiyinroq. O‘yinchi bo‘lish murabbiylikdan ko‘ra ancha-muncha oson.

— Shaxmatga kirib kelganda ko‘zlagan eng yuqori cho‘qqingiz nima edi va unga erishdingizmi?

— Fikrimcha, har bir shaxmatchining eng katta maqsadi jahon chempioni bo‘lish sanaladi. Bu maqsadim hali amalga oshmadi. Hozircha shogirdim Nodirbek rapid yo‘nalishida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, standartdagi chempionlik Magnus Karlsenda turibdi. Bizning keyingi vazifamiz aynan standart bo‘yicha chempionlikni O‘zbekistonga olib kelish. Bundan tashqari, besh-olti yildan keyin o‘zimning shaxmat maktabimni ochib, unda jahon chempionlarini tarbiyalash maqsadim ham bor.

Xeystings Shaxmat Kongressi (Xeystings, Angliya 2016 yil). Foto: Jahongir Vohidovning shaxsiy arxividan.

— Mag‘lubiyat va g‘alabalarda shaxmatchi o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi uchun nimalar qilishi kerak?

— Bu psixologik jihatdan qanchalik kuchli bo‘lishga bog‘liq. Kitoblarning o‘rni aynan shu joyda ko‘proq bilinadi. Yutqizgan odamning ko‘ziga dunyo tugagandek ko‘rinadi. Shaxmat individual sport bo‘lgani uchun boshqa jamoaviy o‘yinlardan farqli ravishda siz mag‘lubiyatni ham yakka o‘zingiz qabul qilasiz. Bunda judayam kuchli asab talab etiladi. Ota-ona va murabbiylarning qo‘llab-quvvatlovisiz mag‘lublik hissidan chiqib ketish juda og‘ir.

Muvaffaqiyatdan keyin shug‘ullanmay, o‘zini tashlab qo‘yish esa «yulduzlik kasali» deyiladi. Agar kuzatsangiz, ko‘p shaxmatchilar yutish arafasida quvonmaydi. G‘alaba uchun oxirgi nuqta qo‘yilgandan keyingina xursand bo‘lishadi. «Urra, yutyapman», deb xursand bo‘lib, keyin yutqazib qo‘yishdan yomoni yo‘q.

Shaxmatda hech qachon hissiyotga berilish kerak emas. Chunki hissiyot ko‘tarilgan paytda aqliy jarayon tushib ketadi. Nima uchun bundan oldingi olimpiadalarda xitoyliklar ikki marotaba g‘olib bo‘lgan? Chunki ularning yuzidan na hayajoni, na qo‘rquv va xursandchiligini bilib bo‘ladi. Har doim ichki xotirjamlik seziladi. Raqib yuzingizdan ichingizdagini bilmasligi o‘yindagi oltin qoidalardan biri.

— Demak, O‘zbekiston terma jamoasining ham ko‘p musobaqalar davomida o‘ta bosiqlik va kamtarlik bilan turishining sababi ham shu ekanda!

— Xuddi shunday. Biz ham bunga imkon qadar harakat qilamiz.

— Xalqaro grossmeyster maqomini olish uchun qanday bosqichlardan o‘tish kerak?

— FIDEning quyidagi unvonlarini olgachgina xalqaro grossmeysterlik darajasiga yetish mumkin. Talab etiladigan reyting balli esa — 2500.

Erkaklar uchun:

  • Masterlikka nomzod (CMS) — Elo reytingi 2200;
  • FIDE ustasi (MF) — Elo reytingi 2300;
  • Xalqaro master (IM) — uch ball va Elo reytingi 2400;
  • Grandmaster (GM) — uch ball va Elo reytingi 2500.

Ayollar uchun:

  • Ayollar ustaligiga nomzod (WCM) — Elo reytingi 2000;
  • Ayollar FIDE ustasi (WMF) — Elo reytingi 2100;
  • Ayollar xalqaro ustasi (WIM) — Elo reytingi 2200;
  • Ayollar grossmeysteri (WGM) — Elo reytingi 2300.

Men 2013 yilda grossmeysterlik uchun uchta ballni bajarganman. Reyting ballni esa 2014 yilning avgustida Norvegiyadagi jahon olimpiadasida olib, xalqaro grossmeyster bo‘ldim.

Jahongir Vohidov va Nodirbek Yakubbayev.

— Farzandi shaxmat bilan shug‘ullanayotgan, o‘rganayotgan yoki shuni maqsad qilgan ota-onalarga aytaringiz.

— Bolalariga sharoit yaratib berish va tezda natija kutmasliklarini so‘rab qolaman. Sharoit faqat moddiyatdan iborat emas. Farzandni shaxmat maktabi yoki to‘garagiga olib borish, olib ketish, hamma javobgarlikni bola va murabbiyga yuklamasdan birgalikda shug‘ullanish, videodarslar yoki kitoblarni sotib olib berishga ehtiyoj sezilganda, buni bajarish ham ota-ona tomonidan beriladigan sharoitga kiradi.

Shaxmatda natija besh-yetti yildan keyingina ko‘rina boshlaydi. Bolasini endi o‘rganishga bergan yoki bir-ikki yil shug‘ullangan ota-ona undan juda ko‘p narsani kutadi. Orada kichik musobaqalarda yutqazib qo‘ysa yoki hech bir g‘alabaga erishmasa ham bolani sindirmasdan, uning qo‘lidan tutish kerak. Qo‘llov bor joyda, bir kun muvaffaqiyat ham keladi.

Xalqaro grossmeysterlar O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev bilan.

Yanayam O‘zbekistondagi shaxmatga bo‘lgan e’tibor bugun har qachongidan yaxshi. Federatsiya prezidentligiga Alisher Sa’dullayev kelgach, ingliz tilidagi shaxmat kitoblarini yurtimizga keltirish harakatlarini boshlab yuborgan. Ular olib kelingach, o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Agar bu tez orada amalga tatbiq etilsa, kitob masalasi ham hal bo‘ladi. Ota-onaga esa faqat bolaning nazorati va to‘garaklarga olib borish vazifasi qoladi.

Ziyoda Ramazonova suhbatlashdi.