Ijtimoiy tarmoqlarda Quyi Chirchiq tumanida er rashk sabab xotinini xususiy uy bog‘chasidagi bolalar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ib, urganligi aks etgan videolavha tarqaldi. Bosh prokuratura tomonidan voqea tafsilotlari o‘rganilib, munosabat bildirildi.

Xabar berilishicha, 24 avgust kuni Quyi Chirchiq tumani «Paxtakor» mahallasida yashovchi 31 yoshli erkak S.X. oilaviy kelishmovchiliklar va rashk tufayli 24 yoshli turmush o‘rtog‘i M.X. bilan janjallashib, bolalar ko‘z oldida turmush o‘rtog‘ini urib, uni haqorat qilgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati bo‘lgan voqea «Lastochka» nomli oilaviy bog‘chaga umuman aloqador bo‘lmagan shaxslarning janjali ekanini aytdi.

Ushbu er-xotinning tortishuvi avvaliga ko‘chada boshlangan, so‘ng erini kaltagidan qochgan ayol, ko‘zi tushgan darvoza tomon qochib kirib yashirinmoqchi bo‘lgan, so‘ng er xotinini ketidan kirib janjal holati NMTT ichida davom etgan.

Holatni Quyi Chirchiq tumani IIB o‘rganishni boshlagan, deyiladi xabarda.

So‘ngra, 25 avgust kuni er qaynotasining uyiga eshikdan oshib tushib, oilaviy muammolar tufayli otasi uyida yashab kelgan turmush o‘rtog‘ining yotoqxonasiga kirib, bo‘yin sohasiga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Olgan tan jarohati oqibatida, ayol vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Quyi Chirchiq tuman prokuraturasi tergov harakatlarini o‘tkazmoqda.