Amanbay Orinbayev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga saylandi

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining yangi raisi etib Amanbay Orinbayev saylandi. U avvalroq IIV rahbari va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Prezident u o‘z lavozimida Qoraqalpog‘iston xalqiga sidqidildan xizmat qilishi va bildirilgan ishonchni oqlashi lozimligini ta’kidladi. Bungacha Qoraqalpog‘iston yetakchisi bo‘lgan Murat Kamalov «betobligi sababli» lavozimidan ozod etildi.

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun barcha OTMlarga alohida 6,5 mingta kvota ajratiladi

Faqat qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun mamlakatdagi barcha oliygohlarga alohida 6,5 mingta qabul kvotasi ajratiladi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev juma kuni Jo‘qorg‘i Kengesdagi nutqi davomida.

Nukus voqealari negizida aholi muammolariga yechim topilmagani yotibdi — prezident

Shavkat Mirziyoyev ikki oy oldingi Nukus voqealari negizida aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yotganini ta’kidladi. «Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar „xalqni rozi qilish“ degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», — dedi u.

Qoraqalpog‘istonda foyda solig‘i stavkasi 7,5 foizga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berilishini ma’lum qildi. Jumladan, foyda solig‘i stavkasi 15 foizdan 7,5 foizga tushiriladi, aylanma soliq stavkasi Nukusda 4 foizdan 2 foizga, tumanlarda 2 foizdan 1 foizga, olis hududlarda esa 1 foizdan 0,5 foizga pasaytiriladi.

Dam olish kunlari biroz issiq bo‘ladi

Dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab quruq va biroz issiq ob-havo kuzatiladi, ayrim tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi.

Madaniyat vazirligi xodimi hamkasbini pichoqlagani uchun 10 yilga qamaldi

Aprelda iftorlik vaqtida Madaniyat vazirligi xodimlari o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgandi. O‘shanda ulardan biri oshxona pichog‘i bilan hamkasbini jarohatlab qo‘ygandi. Sud ayblanuvchini 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Quyi Chirchiqdagi bog‘chada xotinini kaltaklagan er ertasi kuni uni o‘ldirib qo‘ydi

Quyi Chirchiq tumanidagi bog‘chada o‘z xotinini kaltaklagan erkak keyinchalik uni o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuratura jinoyat rashk sabab sodir etilganini aytmoqda. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. «Gazeta.uz» tarmoqlar foydalanuvchilari ushbu xabarga bildirgan fikrlarni bir materialga jamladi. Kimdir bu qilmishi uchun unga eng og‘ir jazoni berish kerak desa, kimdir bunga tomoshabin bo‘lganlar ham aybdor demoqda.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish tartibi tasdiqlandi

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi joriy etilgandi. Hukumat bu bo‘yicha hujjatni tasdiqlab, o‘quvchilarni bepul ovqatlantirish tartibini belgiladi. Unga ko‘ra, taomnoma kundalik.com platformasi orqali yuritilib, maxsus komissiya tomonidan nazorat qilinadi.

O‘zbekistonda sudyalarning sovg‘alar olishi taqiqlandi

Sudyalar oliy kengashi sudyalarning sovg‘a olishini tartibga soluvchi nizomni tasdiqladi. Unga ko‘ra, sudyalar va ularning oila a’zolariga tekin xizmatlar yoki mol-mulkdan bepul foydalanish, qimmatbaho sovg‘alar olish taqiqlanadi. Nizomda ruxsat etilgan sovg‘a miqdori va javobgarlik masalasi ham belgilangan.

Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida 58 nomdagi eksponatlar yo‘qligi aniqlandi

Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida olib borilgan o‘rganishlar davomida 58 nomdagi ashyolar muzey fondida yo‘qligi, 24 tasi o‘lchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlandi. Keltirilgan zarar qiymati esa qariyb 3,5 mlrd so‘mga baholandi.

AQSh global oziq-ovqat inqiroziga javoban O‘zbekistonga $2 mln ajratadi

AQSh O‘zbekistondagi fermer va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga yordam ko‘rsatish uchun USAID agentligi orqali 2 mln dollar ajratadi. Yordamning maqsadi global oziq-ovqat inqirozi sharoitida mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Madaniy meros obyektlariga hurmatsizlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin

Juma kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan qonunlarning dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik uchun javobgarlik belgilashni masalasini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekistonda Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi. Unga vazir maslahatchisi Bobur Rahimov rahbarlik qiladi. Kengash sun’iy intellekt yordamida amaliy tajribalar o‘tkazish va ularni tezroq mamlakat iqtisodiyotiga tatbiq etish bilan shug‘ullanadi.

Botanika bog‘inining faoliyati qayta tiklandi

OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkazilgani sababli vaqtincha yopilgan Botanika bog‘i 26 avgustdan tashrif buyuruvchilar uchun qayta ochilganligi ma’lum bo‘ldi.

Iste’foga chiqarilgan harbiylar xizmat muddatidan qat’i nazar uy-joy bilan ta’minlanadi

Prezident qarori bilan xizmat vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqsiz deb topilib, rezervga bo‘shatilgan, shuningdek halok bo‘lgan harbiylarning, ularning xizmat muddatidan qat’i nazar, oila a’zolari uy-joy bilan ta’minlanishi belgilandi.

Import avtomobillarni sertifikatlashni soddalashtirish rejalashtirilmoqda

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot haftaligida import qilinayotgan lyuks avtomobillarning ikki barobar qimmatlashuviga olib keladigan sertifikatlash jarayonidagi qiyinchiliklar haqida fikr yuritildi. Moliya vaziri o‘rinbosari jarayonni soddalashtirish bo‘yicha rejalar bilan bo‘lishdi.

«Gazeta.uz» da e’lon qilingan maqolalar:

«Shaxmatchining diyetasi. Qanday qilib xalqaro grossmeyster bo‘lish mumkin?»

44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi, xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov «Gazeta.uz» bilan suhbatda bir kunda necha soat shug‘ullanishi, shaxmat doskasi ustida 6−9 soatni qanday o‘tkazishi, ovqatlanish ratsioni, uyqu miqdori, qolaversa, g‘alabadan keyin jamoa nimalar bilan mashg‘ul ekanini so‘zlab berdi.

Qo‘llanma: Xalq nazorati portaliga smartfon orqali qanday murojaat qilish mumkin?

Xalq nazorati portali orqali Toshkent yo‘llaridagi «yamalar», ko‘p qavatli uylarda lift buzilishi, daraxtlarga zarar yetkazilishi kabi masalalar bo‘yicha murojaat qilish mumkin. «Gazeta.uz» xizmat qanday ishlashini aniqlash uchun smartfondan beshta ariza yubordi. Murojaat yo‘llash va natijalari haqida bayon etamiz.