Bahor boshidan buyon o‘zbek so‘mi orqali rublning dollarga konvertatsiya qilishdagi kurs farqi valyuta chayqovchilarini o‘ziga jalb qilmoqda. Bu haqda Rossiyaning «Vedomosti» va «Kommersant’» nashrlari yozdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkorlar konvertatsiya sxemasini ishlab chiqishgan: ular o‘zbek so‘mini rublga sotib olib, keyin dollarga almashtirib, Rossiyaga olib kelib, bu yerda yana rublga almashtirishgan. «Vedomosti»ning yozishicha, bunday operatsiyalardan olingan foyda bir necha kun ichida 6 foizni tashkil etadi.

Misol uchun, avgust oyining boshida Rossiyada kichik banklarda dollar bir dollar uchun 65 rubl kursida sotilishi mumkin edi. O‘zbekistonda dollar kursi barqarorroq. Hill Consulting katta maslahatchisi, xalqaro biznes eksperti Sergey Nesterenkoning so‘zlariga ko‘ra, 100 ming rublga taxminan 18 mln so‘m sotib olib, 1640 dollarga almashtirish (Toshkentdagi qora bozordagi kurs bir dollar uchun 11 ming so‘m) mumkin. So‘ngra dollarlar Rossiyaga olib kelinib, 65 rubllik kursda rublga almashtirilsa, 106 ming rubl chiqadi, ya’ni nazariy jihatdan bir necha kun ichida 6000 rubl yoki 6% daromad olish mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil ravishda O‘zbekistonda dollarni rublga kross-kurs bo‘yicha almashtirish mumkin, biroq ikki marta konvertatsiya qilish tufayli u unchalik foydali bo‘lmaydi, deya qayd etadi ekspert.

Bu usul 30 yil oldin valyuta chayqovlari tomonidan qo‘llanilgan va u hali ham muammolarsiz ishlaydi, ammo bu faqat qora bozorda mumkin, deb tasdiqladi «InstaForeks» kompaniyalar guruhi tahlilchisi Aleksandr Davidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada naqd dollar amalda yo‘qolgan va uning qora bozorda sotilishi yaxshi daromad keltirishi mumkin.

Marja bir vaqtning o‘zida pulni jalb qilish shartlariga, ya’ni u yoki bu valyuta qanday narxda sotib olinishiga bog‘liq. Gap shundaki, amalda chayqovchilik u yoki bu shakldagi qarz mablag‘lari bo‘yicha amalga oshiriladi va hamma narsa ularning qiymatiga bog‘liq. Agar pul sizniki bo‘lsa, unda 5% foyda a’lo hisoblanadi, dedi ekspert.

«1000 dollar bilan komissiyalar tufayli buni o‘ynashning ma’nosi yo‘qligi aniq. Menimcha, foyda kamida bir necha yuz ming dollardan keladi», — dedi u.

Uning fikricha, tajribali chayqovchilar qo‘shni mamlakatlar bozorini doimiy ravishda o‘rganib, eng foydali stavkalarni kuzatib, bunday geografik sxema bo‘yicha yillar davomida pul ishlashlari mumkin. Rossiyada bu amaliyot mart-aprel oylarida jozibador bo‘lib, rubl kursi rekord darajada pasayib, ayrim ayirboshlash shoxobchalarida bir dollar uchun 160 rublga yetgan. Ammo so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya valyutasi bir dollarga nisbatan 60 rubl atrofida mustahkamlandi va mamlakatlar o‘rtasidagi arbitraj o‘z ma’nosini yo‘qotdi, dedi Aleksandr Davidov.

«Otkritiye» boshqaruv kompaniyasining investitsiya bo‘yicha direktori Vitaliy Isakov bunday operatsiyalar har doim bozordan tashqari xavflar bilan birga bo‘lishi haqida ogohlantirdi: «Rossiyadan xorijdagi shaxsiy hisob raqamiga anchagina katta limit bilan dollar yuborish mumkin — hozir bu oyiga 1 mln dollarga teng. Chet eldagi pullar hisobvaraqlardan naqd pulda yechib olinadi, keyin esa ular yana RFga olib kirilib, birja kursi bo‘yicha emas, balki bank kursi bo‘yicha sotiladi — bu yuqoriroqdir».

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalarida noodatiy faollikni qayd etdi. 2022 yilning olti oyida pul o‘tkazmalari hajmi 6,5 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (3,3 mlrd dollar) nisbatan 96 foizga ko‘pdir. Regulyator barcha mamlakatlardan transferlar hajmining o‘sishini ko‘rmoqda, ammo o‘sishning 95 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov avvalroq pul o‘tkazmalarining o‘sishini pul jo‘natish bo‘yicha ilgari qayd etilmagan kanallarning qonuniylashtirilishi, «lo‘li pochtasi»ning cheklanishi va naqd eksport tushumining oshishi bilan izohlagan edi.

Yanvar-iyun oylarida aholi mahalliy banklardan 3,7 mlrd dollarlik chet el valyutasini sotib oldi, bu 2021 yilning olti oyidagiga nisbatan 85 foizga ko‘p (2 mlrd dollar), banklarga esa 5,6 mlrd dollar sotdi (3,3 mlrd dollar).

Iyul oyining oxiridan boshlab banklar valyutani, jumladan Western Union, MoneyGram, CONTACT va «Yunistrim» kabi to‘lov tizimlari orqali naqd pulga chiqarish uchun 0,7−1% komissiya joriy qila boshladi.

Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari valyutani mamlakatdan olib chiqishga bir necha bor urinishlar sodir etilgani haqida xabar berdi. Masalan, yaqinda DXX Qirg‘iziston orqali xorijiy davlatlarga noqonuniy olib kirilgan 2 mln dollardan ortiq mablag‘ni to‘xtatib qoldi. Bungacha Farg‘ona viloyatining ikki fuqarosi Qirg‘izistonga salkam 300 ming dollarni noqonuniy olib kirishga uringan edi.