Juma kuni Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan qonunlarning dastlabki tarzdagi muhokamasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik belgilash ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishni o‘zida aks ettirgan 64−1-modda bilan to‘ldirilishi mumkin.

Ushbu moddada moddiy madaniy meros obyektlariga yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish javobgarlikka olib kelishi nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, moddiy madaniy meros obyektlarini, shu jumladan ularning tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, xuddi shuningdek obyektlarga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etishni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida qayd etish taklif etilmoqda.

Yig‘ilishda Jinoyat kodeksining 168-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, axborot tizimidan, shu jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlik uchun javobgarlik belgilash muhokama qilindi.

Senatorlar «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunni ham muhokama qildilar. Mazkur qonun bilan yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyati yaratilib, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzodan hamda O‘zbekiston norezidentlariga elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilishi mumkin.

Senatorlar, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi hamda qonun tashabbuskorlari bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalardan so‘ng qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.