O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Odil Kalandarovich Abduraxmanov prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherxod Asadov xabar berdi.

Odil Abduraxmanov 2018 yildan buyon prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelgan Abdujabbor Abduvohidov o‘rnini egalladi.

Abdujabbor Abduvohidov 25 avgust kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzakov o‘tkazgan yig‘ilishda ishdan olingani xabar berilgandi. Umrzakov «aholining juda ko‘p e’tirozlari ta’lim va tibbiyotga oid» ekanini ta’kidlagan. Ushbu sohalarga aynan Abduvohidov rahbarlik qilib kelgan.

Iqtisod fanlari doktori Odil Abduraxmanov tayinlovga qadar Toshkent davlat transport universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgandi. U iyun oyidan boshlab Respublika oliy ta’lim kengashiga raislik qiladi.

2019 yil apreldan 2020 yil iyunga qadar Odil Abduraxmanov prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2018−2019 yillarda u oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Abduraxmanov o‘tgan yillar davomida prezident Administratsiyasida bosh maslahatchi (konsultant) bo‘lgan, Respublika bandlik, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish ilmiy markaziga rahbarlik qilgan.